Breaking News

"Islomiy davlat" afg'on rasmiylarini nishonga oldi


Terror xurujiga uchragan bino xavfsizlik xodimlari tomonidan nazoratga olingan. Kobul, Afg'oniston. 7-mart, 2019

Afg’oniston poytaxti Kobulda hazoralar yetakchisi Abdul Ali Mozoriy xotirasiga bag’ishlangan rasmiy anjuman nishonga olindi. Unda bir necha afg’on siyosiy rahbarlari ishtirok etayotgan edi.

Tadbirda Afg’oniston hukumati raisi Abdulla Abdulla, Sobiq Prezident Hamid Karzay, sobiq vitse-prezident Muhammad Yunus Qonuniy, prezidentlikka nomzod Hanif Atmar, bosh vazir o’rinbosari Muhammad Muhaqqiq, tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniylar bo’lgan.

Minglab odam qatnashgan ushbu yig’in raketa hujumiga uchradi.

Ichki ishlar vazirligi hujumda uch nafar odam o’lgani, yana 22 kishi yaralanganini tasdiqladi. Yaralanganlar orasida prezidentlikka nomzod Abdul Latif Pidrom ham bor.

Prezidentlikka nomzod Hanif Atmarning 8 nafar qo’riqchisi ham tan jarohati olgan.

Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishiga aloqador bir nafar shaxs ushlangani va raketa otilgan bino qurshovga olinganini ma’lum qildi.

“Bunday anjumanlarni nishonga olish madaniy va demokratik qadriyatlarga qarshi jinoyatdir”,- deyiladi prezident bayonotida.

Abdul Ali Mozoriyni xotilash marosimi har yili o’tkaziladi. Unda Kobul g’arbida yashovchi hazoralar keng ko’lamda qatnashadi. Bundan avval ham hazoralar uyushtirgan yig’ilishlar nishonga olingan edi.

Ali Mozoriy bundan 24 yil avval Tolibon guruhi tomonidan o’ldirilgan.

Hujum uchun javobgarlikni “Islomiy davlat” o’z zimmasiga olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG