Breaking News

AQSh Gulnora Karimovaga tarixdagi eng katta poraxo'rlik bo'yicha ayblov e'lon qildi


Gulnora Karimovaga e'lon qilingan ayblov
Gulnora Karimovaga e'lon qilingan ayblov

O'zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova AQSh adliya tizimida xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurash tarixidagi eng yirik korrupsioner sifatida qayd etilmoqda. AQSh Gulnora Karimovaga qarshi 900 million dollarga yaqin pora olish bo'yicha ayblov e’lon qildi. Unga ko'ra, aksiyalari AQSh birjalarida sotuvda bo’lgan mobil shirkatlar Karimova bilan til biriktirgan. O’zbekiston ham Gulnora Karimova 2 milliard dollar atrofida pul o’margan degan da’voda. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o’tashga ko’chirilgan Karimova doxil so’nggi vaziyat esa ziddiyatli xabarlar bilan kuzatilmoqda.

Gulnora Karimovaga qarshi AQShda yangi ayblov
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00

AQSh adliya vazirligi qoshidagi prokuratura 7-mart kuni marhum prezident Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova 865 million dollar pora olgani haqida ayblov e’lon qildi.

Unda yozilishicha, Gulnora Karimova o’z rasmiy maqomidan foydalanib MTS, TeliaSonera, Vimpelkom shirkatlaridan O’zbekiston bozoriga kirish uchun umumiy miqdorda 865 million pora olgan va bu mablag'larni AQSh moliya tizimi orqali yuvgan.

Bayonotda aytilishicha, O’zbekistonda ishlagan har uchala operator - MTS, TeliaSonera va Vimpelkom shirkatlari mamlakat bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga pora berganini tan olgan.

Gulnora Karimova xorijdagi korrupsiyaga qarshi kurash tarixida eng yirik miqdorda pul o’marishda ayblanayotgan shaxs sifatida tilga olingan.

Ayblovda Gulnora Karimovaning yaqin hamkori sifatida ko’rilgan Behzod Ahmedov ham bor. Ahmedov Gulnoraga pora undirishda yaqindan ko’maklashgan shaxs sifatida qayd etilgan.

Marhum prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova
Marhum prezident Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova

Vazirlikning ta’kidlashicha, pora miqdori shirkatlarning O’zbekistondagi bir necha yillik faoliyatini qamrab oladi. Poraning asosiy miqdori MTS hisobiga to’g’ri keladi - shirkat O’zbekistondagi faoliyati davomida Gulnora Karimovaga 420 million dollar atrofida pora berganini tan olgan.

AQSh Adliya vazirligi ayblovi Gulnora Karimova uy qamog’idan umumiy tartibdagi koloniyaga ko’chirilishi ortidan kuzatilmoqda.

O’zbekiston Gulnora Karimovani 2 milliard dollar miqdoridagi mablag’ni o’marishda, davlatga katta miqdorda zarar yetkazishda ayblagan.
Karimovaga nisbatan belgilangan 10 yillik qamoq jazosi o’marilgan mablag’ni qaytarish, davlatga yetkazilgan zararni qoplash sharti bilan uy qamog’iga almashtirilgan edi.

6-mart kuni O’zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova jazoni o’tash shartlarini buzganligi uchun yana umumiy tartibdagi koloniyaga jo’natilganini e’lon qildi.

Buning ortidan 7-mart kuni ayrim mahalliy nashrlar umumiy taribdagi koloniyaga jo‘natilgan Karimova o’z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlarni tarqatdi.

8- mart kuni O’zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bu boradagi vaziyatni suiiste’mol qilmaslikka chaqirib, qamoq jazosini o’tayotgan Karimova sog’-salomatligi, ayrim kuchlar axborot xuruji uyushtirayotgani haqidagi bildirish bilan chiqdi.

Marhum prezident Islom Karimov to’ng’ichi Gulnoraning biznes imperiyasi hali otasi tirikligi davrida, G’arbda u pul yuvishda gumonlangan ayblov e’lon qilinishi, hisob raqamlari muzlatilishi ortidan boshlangan edi.

Yevropada Gulnora Karimovaga doir ish qo’zg’atilishida qatnashgan yozuvchi Safar Bekjon muzlatilgan mablag’lar hamon Gulnora Karimovaga, favqulodda vaziyatda uning farzandlariga tegishli qolishini ta’kidlaydi.

“Bank hisoblaridagi, qutilaridagi boyliklarni faqatgina Gulnora Karimovaning o’zi olishi, u o’lsa, o’g’li yoki qizi olishi mumkin. Vasiyat haqidagi hujjat uning advokatlarida, o’g’lida, qizida va nusxalari banklarda mavjud. Shuning uchun ham hozirgi sharoitda Gulnora bir tomondan tirik qolishga, boshqa tomondan klanlarga doir ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka majbur” - deydi Safar Bekjon.
Gulnora Karimovaga aloqador so’nggi mahkama o’tgan yili Shvetsiyada bo’lib o’tdi. TeliaSonera shirkatining Karimovaga pora berishi masalasi ko’rib chiqilgan bu mahkamada Gulnora o’ziga tegishli mablag’larni o’g’li kichik Islom Karimov va qizi Imon Karimovaga vasiyat qilgani haqidagi hujjatlar mavjudligi ochiqlangan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG