Breaking News

O'zbekiston huquq-tartibot idoralarida nima bo'lyapti?


O'zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov
O'zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov

Sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovni tergov qilgan Ulug’bek Toshev 50 ming AQSh dollari miqdorida pora uzatishda ayblanib hibsga olingani xabar qilinmoqda.

Ulug’bek Toshev Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu oy boshida Namanganga qilgan safari ortidan ishdan olingan edi. Bosh prokuratura Toshevning ishdan olinishini lavozimda yo’l qo’ygan kamchiliklari bilan izohlagan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumani prokurorligidan Namangan viloyat prokurorligiga o’tkazilgan Ulug’bek Toshevning pora uzatishi viloyat prokurorligiga tayinlanishi bilan bog’liqligi ehtimol qilinmoqda.

Uzmetronom nashri 8-mart kuni sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov ustidan o’tkazilgan tergov guruhiga rahbarlik qilgan prokuror Ulug’bek Toshev 50 ming AQSh dollari miqdorida pora berishda ayblanib hibsga olingani haqida yozdi.

Bu xabarni Bosh prokuratura inkor ham, tasdiq ham qilgani yo’q, lekin 11-mart kuni soha xodimlariga pora berishga urinishlar fosh etilayotgani haqidagi o’z axborotini tarqatdi.

Unda 50 ming AQSh dollari miqdorida pora uzatishda gumonlangan prokuror Ulug’bek Toshev haqida hech narsa deyilmaydi.

Prokuratura xodimlariga pora berish statistikasi aks etgan bu xabarga ko’ra, 2017-yilda soha xodimlariga pora berishga urinish bilan bog’liq 5 ming AQSh dollari miqdorida 20 holat qayd etilgan bo’sa, 2018-yilda 60 ming AQSh dollariga yaqin miqdordagi 98 ta holat aniqlangan.

So’nggi bir yil ichidagi vaziyat keskin o’zgarganini ko’rsatuvchi bu xabar amaldagi bosh prokuror faoliyatiga ishoradek, ammo pora olgan xodimlar haqida biror ma’lumot taqdim etilmagan bu statistika prokuratura mamlakatdagi eng korrupsiyalashgan tizimlardan biri sifatida qolayotganidan ham darak.

O’z mansabi uchun 50 ming dollar miqdorida pora uzatishda ayblanayotgan Ulug’bek Toshev hodisasi prokurorlik maqomi noqonuniy boylik orttirish vositasi sifatida qolayotganini ham ko’rsatmoqda.

Ayni paytda qamoqda saqlanayotgan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov jinoiy ishi O’zbekiston tarixidagi eng yirik korrupsiyaviy mojarolardan biri bo’ldi.

Prokuratura Rashidovga va DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevga yaqin kadrlardan tozalanayotgani haqidagi qarashlar anchadan buyon mavjud.

Ixtiyor Abdullayev 2015-yilda Rashid Qodirov o’riniga bosh prokurorlikka kelgan, 2017-yil oxirida DXX raisligiga o’tkazilgan edi. U o’tgan oy ishdan olindi, xabarlarga ko’ra, iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib tergovga tortilgan.

Ixtiyor Abdullayev iste’fosi ortidan DXX, prokuratura tizimidagi o’nlab xodimlar ustidan jinoiy ishlar qo’zg’atildi, xodimlar guruh-guruh tarzda ishdan olinmoqda.

Yaqindan matbuotda O’zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodov ham iste’foga chiqarilgani, uning o’rniga Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonov tayinlangani haqidagi xabarlar paydo bo’ldi.

Mahalliy nashrlarda huquq-tartibot tizimidagi manbalarga tayanib tarqatilgan bu xabarlar bosh prokuratura tomonidan rad etildi, “Xalq so’zi” gazetasi orqali raddiya tarqatildi.

Ammo bu raddiya ham prokuraturada kutilayotgan o’zgarishlarga doir xabarlarni to’xtatgani yo’q. Ayrim nashrlar bosh prokurorlikka o’tkazilayotgan Ichki ishlar vaziri Po’lat Bobojonov o’rniga Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbari G’ayrat Qodirov tasdiqlanishi kutilayotgani haqida ham yozmoqda.

Prezident Mirziyoyev so’nggi bir yil ichida DXX, Mudofaa vaziri, Ichki ishlar va prokuratura rahbarlarini o’zgartirdi, ammo tizim yangilandi deyish qiyin. O’zgarishlar asosan lavozim almashishi bilan cheklanmoqda, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG