Breaking News

Inoyatovning MXXdan ketishi nimani anglatadi?


O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatini 23 yil boshqargan Rustam Inoyatov
O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatini 23 yil boshqargan Rustam Inoyatov

O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning ishdan olinishi davlat ichidagi davlatning qulashiga qiyoslanmoqda. Bu iste'fo O'zbekistonda Karimov davridan beri davom etib kelayotgan repressiyalar yakunlanishiga umidni kuchaytirgan.

Rustam Inoyatov iste'fosi ortidan ilk xulosalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:40 0:00

23 yil davomida qudratli MXX idorasini boshqarib kelgan general-polkovnik Inoyatov mamlakatda chegarasiz vakolatlarga ega bo'lgan shaxslardan biri edi. O'zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih o'zgarishlar arafasida turgan MXXning yangi rahbari o'z faoliyatini xalqqa ochiq bayonot bilan chiqishdan boshlashi kerak deb hisoblaydi.

MXX raisi Rustam Inoyatovning iste'foga chiqarilishi O'zbekistonda hokimiyat almashib, Mirziyoyevning prezidentlikka kelishidan keyingi eng muhim o'zgarishlardan biri sifatida qayd qilinmoqda. Bu iste'fo yangi hokimyatda qudrat talashish jarayoni nihoyasiga yetgani, boshqaruv to'liq Mirziyoyev qo'liga o'tganligini ham anglatishi aytilmoqda.

MXX rahbarining ketishi ko'pchilikni quvontirgan, ayniqsa, uzoq yillar Inoyatov boshqaruvidagi xizmatning asosiy nishoni bo`lib kelgan muxolif fikrlovchilarni, tazyiqlar ostidagi diniy va dunyoviy muxolifatni, mamlakatni tahdid va bosimlardan xoli ko'rishni orzu qilib kelgan keng jamoatchilikni.

Muxolifat vakili Muhammad Solihning aytishicha, Karimov davridagi tazyiqlar ramzi bo'lgan Inoyatovning qulashi quvonarli, ammo hali "do'ppini osmonga otish" uchun asos emas.

"Bu iste'fo Karimov davridan qolayotgan eng katta sarqitning ishdan ketganligini anglatadi, ammo bu degani siyosiy sahna tamomila tozalandi degani emas, ya`ni do'ppini osmonga otishga hali biroz erta. Lekin quvonchli hodisa, quvonmadim deyolmayman, men 27 yil azob chekkan shu xalqimiz uchun sevindim, chunki Karimov davridagi zolimlardan biri, asosiy ijrochi, jallod ishdan ketdi. Albatta, xalqimiz buni ko'rib umidlarga berilyapti. Men xalqimizga ko'zi oydin bo'lishini tilardim. Bu sevinch tamomila emasdir, chunki hozir ham qamoqda o'tirgan, hamon azob tortayotgan muxolifatchilar, faollar juda ko'p. Keyingi bir yil ichida esa ular safiga boshqalar ham qo`shildi, hamma tanigan Bobomurod Abdulla, u kabi boshqa jurnalistlar, yozuvchilar, inson haqlari himoyachilari qamoqlarda qolishmoqda. Shuning uchun bir-ikki rahbarning o'zgarishidan emas, islohotlar o'tkazilishi tendensiyaga aylansa haqiqiy ma'noda quvonish mumkin. Har holda bu iste'fo islohotlar tezlanishiga sabab bo'ladi deb umid qilyapmiz", - deydi Muhammad Solih.

Rustam Inoyatov Prezident Shavkat Mirziyoyevning MXX faoliyatini tanqid qilishi ortidan, o'z arizasiga ko'ra ishdan olingani aytilmoqda. Prezident bu ximzat isloh qilinishi, hisobotga tortilishi kerak degan fikrda. Idora faoliyati haqida tayyorlanayotgan yangi qonun loyihasi xizmat ustidan parlament nazoratini o'rnatishni ham maqsad qiladi.

MXX chorak asr davomida mamlakatdagi eng qudratli, hadsiz vakolatlarga ega idora bo'lib keldi. Mamlakatda hokimiyat almashar ekan Rustam Inoyatov o'z lavozimi va MXX vakolatlarini saqlab qoldi. Mirziyoyev o'z boshqaruvini aynan shu idora rahbari bilan hisoblashib amalga oshirishga majburligi haqida gaplar chiqdi.

Inoyatovning ketishi Mirziyoyev islohotlari oldidagi yana bir to'siq bartaraf etilganini, islohotlar o'tkazilishi, shuningdek, ular o'tkazilmayotganining mas'uliyatini ham Prezidentga yuklaydi.

"Eng katta to'siq Inoyatov edi, shu ma`noda O'zbekiston rahbari tom ma'noda rahbar bo'di, deb umid qilyapmiz. Chunki u odam haqiqatdan tahlika edi, faqat xalq uchun emas, balki davlat uchun ham. U davlatning ichida bir davlat qurib olgan shaxs edi, ham moliyaviy, harbiy va ma'muriy jihatdan butun kuchlarni o'z qo'lida to'plagan rahbar edi. Bugun uning shaxsidagi o'sha davlat, ya'ni davlat ichidagi davlat yiqildi", - deydi Muhammad Solih.

Rustam Inoyatov o'rniga hozirgacha O'zbekiston Bosh prokurori bo`lib ishlagan Ixtiyor Abdullayev tayinlandi. Ixtiyor Abdullayev haqida ma'lumotlar kam, ammo u MXXda Mirziyoyev belgilagan o'zgarishlarni amalga oshirish uchun tayinlangani aniq.

Muhammad Solih nazarida MXXning yangi rahbari o'z ishini xalq oldida bayonot berishdan, idoraning repressiv siyosati o'zgarishini bildirishdan boshlashi lozim.

"Albatta, bizda bunday odat yo'q, ammo o'ylashimcha, MXXning yangi rahbari o'z faoliyatini xalq oldiga chiqib ochiq gapirishdan boshlashi kerak. Ya'ni, mana men yangi rahbar etib tayinlandim, endi bu idoraning repressiyaga qurilgan siyosati mutlaqo o'zgaradi, biz xalqni qo'rquvda ushlaydigan tashkilotga emas, balki uni himoya qiladigan, xavfsizligini asraydigan tashkilotga aylanamiz, deyishi kerak, shunday bayonot berishi kerak. Bu haqiqatda yangi bir o'zgarish, yangi bir boshlanish bo`ladi bu tashkilot uchun. Shuningdek, bu xalqdagi ishonchni tiklaydi. Mirziyoyev islohotlari so'zda emas, amalda bo'layotganligini isbotlaydi, xalqimiz qoniga singdirilgan qo'rquvning ozayishiga xizmat qiladi", - deydi u.

Rustam Inoyatov MXX rahbarligiga 1995-yilda tayinlangan edi. U Karimov davrida kuzatilgan repressiyalar uchun javobgar rahbarlardan biri sifatida ko'riladi.

Huquq faollari yaqinda AQShdan Inoyatovni inson huquqlarini qo'pol va ommaviy toptashga mas'ul bo`lgan amaldorlar nomi kiritilgan Magnitskiy ro'yxatiga qo'shishni talab qilib chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG