Breaking News

Qirg’izistonliklar xutbaning faqat qirg’iz yoki rus tilida o’qilishiga qarshi petitsiya tayyorladi


O'shdagi masjidlardan biri jamoati
O'shdagi masjidlardan biri jamoati

Qirgʻiziston muftiyati masjidlarda Juma namozi maʼruzalarini faqatgina qirgʻiz yoki zarur hollarda rus tilida olib borish kerakligi toʻgʻrisida qaror chiqargan. Mazkur qaror qirgʻizistonlik musulmonlar tomonidan turlicha kutib olindi. Muftiyat fatvosiga soʻzsiz amal qilinishi kerak deganlar bilan birga, bu boshqa muammolarning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin deya xavotirlanayotganlar ham bor. Muftiyatning bu qaroridan norozi boʻlgan oʻshlik bir guruh yoshlar qarorning bekor qilinishi uchun petitsiya tayyorlamoqda.

Bir guruh qirg'izistonliklar juma xutbasi o'zbek tilida o'qilmasligidan norozi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:02 0:00
Yuklab oling

Petitsiyada O’shdagi masjidlardan birida 8-mart kuni muftiyatning buyrug’iga ko’ra juma xutbasi qirg’iz tilida bo’lgani, ammo mazkur masjid jamoatining 99 foizi o’zbekzabon ekani aytilgan. Unda yozilishicha, imom ham qirg’iz tilini ma’ruza qila oladigan darajada o’zlashtira olmagani uchun xutba ko’ngildagidek bo’lmagan. Matn so’ngida esa juma xutbalari masjidlardagi jamoatning ko’pchilik tilida o’tkazilishi so’ralgan.

Murojaat uchun ayni paytda imzo yig’ilmoqda. Matnda murojaat O’sh viloyat qoziyatiga qarashli masjid jamoati nomidan ekani ko’rsatilgan. Ammo masjid imomi bu mavzuda fikr bildirishni istamadi. Shu bilan birga maqola e’lon qilinishi arafasida masjid xodimlaridan biri murojaat qilib xavfsizlik yuzasidan masjid nomini ko’rsatmay turishni iltimos qildi.Tashkilotchilar ushbu murojaatnomani tegishli rasmiy idoralarga yoʻllab, qarorning bekor qilinishiga erishishni niyat qilmoqda.

“Biz bir murojaatimizni prezidentimiz Sooronbay Jeenbekovga iltimos tarzida yozib imzo toʻpladik, ikkinchisini Jogʻorqu Kenesh yetakchisiga, uchinchisini muftiyatga qarashli Olimlar Kengashi raisiga va yana hazrati muftiyga joʻnatmoqchimiz. Murojaatda, asosan, oʻzbeklar yashovchi hududlarda juma maʼruzalarini avvalgidek oʻz ona tilida boʻlishini soʻraganmiz”, - deydi ismi sir saqlanishizni soʻragan petitsiya tashkilotchilaridan biri.

Muftiyatning Fatvo boʻlimi rahbari Ravshan Eratov “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida aytishicha, mazkur qaror davlat tilini rivojlantirishga yordam berish maqsadida qabul qilingan.

Qirg'iziston muftiysi chiqargan fatvo
Qirg'iziston muftiysi chiqargan fatvo

“Qirgʻiziston qonunlariga koʻra, millatlararo qoʻllaniluvchi umumiy til qirgʻiz tili hisoblanadi. Shu sababdan bizning imomlarimiz qirgʻiz tilidan yoki rasmiy [rus] tilidan foydalanadigan boʻlsa, bu bariga oʻrtoq til boʻlib qolar edi. Jamiyatda ham qarama-qarshi fikrlar tugʻilmaydi. Agar imomlar hozir qirgʻiz tilini bilmasa, kelajakda biladi. Oʻrganadi va shu bilan qirgʻiz tili rivojiga hissa qoʻshadi deb oʻylaymiz”, - degan muftiyatning rasmiy vakili.

Bu boradagi fikrini oʻrganish uchun ayrim mahalliy oʻzbek imomlariga murojaat qildik. Ammo ularning aksariyati bu borada matbuotga fikr bildirishni istamadi. Oʻzini Aʼzamjon deya tanishtirgan yosh imomning aytishicha, imomlar muftiyning fatvosiga boʻysunishi kerak.

“Buyruq muftiy tomonidan fatvo koʻrinishida keldi. Olloh uchun ham bu fatvo bajarilishi kerak. Shariatning tamali ham shu. Ammo bu qoʻlimizdan keladimi, kelmaydimi, deb oʻylanyapmiz. Chunki bizning taʼlimlarimiz qirgʻiz tilida boʻlmagan. Qirgʻiz tilida muloqot qila olamiz, savdo-sotiqni qirgʻiz tilida yuritaveramiz, lekin bu maʼruza uchun kamlik qiladi. Shuning uchun biz uchun biroz kutilmagan boʻldi”, - deydi Aʼzamjon domla.

Ammo juma maʼruzalari davlat tilida boʻlishi kerakligi haqidagi buyruq davlat xavfsizligi uchun ham tahdid tugʻdirishi mumkin degan qarashlar ham bor.

“Bu fatvo davlat tilining rivojlanishiga hissa qoʻshishi mumkin, ammo qirgʻiz tilidagi maʼruzalarni toʻliq tushuna olmagan oʻzbeklar muftiyat nazoratida boʻlmagan boshqa domlalarning maʼruzalarini koʻproq eshita boshlashi mumkin. Ular qanday masala qiladi, qanday oqimlar kelib qoladi, buni bilib boʻlmaydi. Aksincha, muftiyat nazoratida boʻlgan mahalliy imomlar oʻzbeklarga oʻzbekcha maʼruzalar qilishi foydaliroq boʻladi”, - deydi biz bilan suhbatda yana bir oʻshlik.

Mazkur buyruq muftiy Maqsadbek Toʻqtoʻmushev tomonidan 6-mart kuni imzolangan. 8-mart kuni Oʻsh va Jalolobod viloyatlaridagi oʻzbek imomlar faoliyat olib boruvchi aksar masjidlarda juma maʼruzalari oʻrniga Qurʼon tilovat qilingan.

15-mart kuni esa oʻzbeklar zich yashovchi hududlarda juma maʼruzalari oʻzbek tilida qilingan. Guvohlarning aytishicha, muftiyat vakili oʻzbek imomlariga vaqtincha oʻz ona tilida maʼruza qilishga ogʻzaki tarzda ruxsat bergan. Bu bizga yetib kelgan norasmiy ma’lumot bo’lib, shu bilan birga bu izn vaqtinchalik ekani aytilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG