Breaking News

Ozarbayjonda siyosiy mahbuslar afv etildi


Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan

Xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan siyosiy mahbus deb bilingan o’nlab shaxslar Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan afv etilgan. Navro’z bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday tadbir Ozarbayjon pozitsiyasining nisbatan yumshayotganini anglatadi.

Ozod etilgan 400 dan ziyod mahbuslar orasida sobiq sog’liqni saqlash vaziri Ali Insonov, Xalq fronti partiyasi raisining sobiq o’rinbosarlari Go’zal Bayramli va Fuad Gahramanli, jurnalist Fikrat Faramazog’lu, muxolif partiya vakillari va yosh faollar bor.

Yevropa Komissiyasi matbuot kotibi Maya Kotsianchich ommaviy afvni “uzoq kutilgan qadam” deb atadi. Kotsianchich yozma bayonotida Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon o’zining xalqaro majburiyatlarini kelajakda “shu kabi chora-tadbirlar bilan” davom ettirishidan umidvor ekanini bildirgan.

Aliyev qarori “Human Rights Watch” va Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkilotining uzoq yillardan buyon siyosiy ayblovlar asosida hibsga olish hollarini tanqid qilishi natijasida imzolangan.

So’nggi oylarda Aliyev og’ir kredit shartlarini yengillashtirish, urush veteranlarining oilalariga moddiy ko’mak ko’rsatish va talabalarning stipendiyalarini oshirishga doir qarorlarni imzoladi.

Ozod etilganlarning 51 nafari siyosiy mahbuslar. Biroq kuzatuvchilarga ko’ra, yana o’nlab siyosiy mahbuslar panjara ortida qolmoqda. Ular orasida Aliyevni korrupsiyada ayblagan taniqli jurnalistlar Afg’on Muxtorli va Seymur Haji ham bor.

Afv etilgan bloger va “Nido” yoshlar demokratik guruhi a’zosi Ilkin Rustamzoda to’rt yil umrini qamoqda o’tkazdi. Unga 2013-yilda amalga oshirilgan tinch namoyish bilan bog’liq ommaviy tartibsizlikni tashkil etish va zo’ravonlikni targ’ib qilish aybi qo’yilgan edi.

“Bunday bo’lishini kutmagan edim. Biroq bizning kurashimiz davom etadi. Bizning shaxsiy ozodligimiz emas, Ozarbayjonning ozodligi va qadriyatlarimiz tantanasi yanada muhim”, - dedi Rustamzoda jurnalistlar bilan suhbatda.

Sobiq sog’liqni saqlash vaziri Ali Insonov o’zining ozod etilishiga turtki bo’lgan “demokratik G’arb va AQShga” minnatdorlik bildirgan.

“Men o’zimni ozodlikka chiqdim deyolmayman. Mohiyatan, ular meni kichik qamoqdan katta qamoqqa ko’chirishdi. Chunki Ozarbayjon katta bir qamoq”, - deydi Insonov.

Aliyev Ozarbayjonni 2003-yildan beri boshqarib keladi. U o’z otasi - mamlakatning sobiq prezidenti Haydar Aliyevning o’limidan ko’p o’tmay hokimiyatga kelgan edi.

Neft daromadlariga tayangan Ilhom Aliyev fuqarolik jamiyati ustidan qattiq nazorat o’rnatib, muxolif partiya va mustaqil OAV vakillariga og’ir bosim o’tkazib kelgan.

Vashingtonda joylashgan “Erkinlik uyi” (“Freedom House”) tashkiloti uzoq yillardan beri Ozarbayjonni “erkin bo’lmagan davlat”lar kategoriyasiga kiritib keladi. Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, Ozarbayjon eng kuchli senzura o’rnatilgan davlatlar o’ntaligiga kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG