Breaking News

Pitsburg yahudiylari musulmonlarni qoʻllab tadbir oʻtkazdi


Musulmonlarga gul tarqatayotgan yahudiy ayollar, Pitsburg, Pensilvaniya

Musulmonlar uchun muqaddas sanalmish juma kunida Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahridagi yahudiylar jamoasi “Biz musulmonlar bilan birgamiz” nomli tadbir oʻtkazdi. Tadbir ishtirokchilari Pitsburg shahridagi yirik masjidlar - Pitsburg Islom Markazi (Islamic Center of Pittsburgh), At-Tavhid Islom markazi (Attawheed Islamic Center) hamda Al-Masjid al-Avval (al-Masjid al-Awwal) masjidi yonida saflanib, juma namoziga tashrif buyurgan musulmonlarni “Assalomu alaykum, birodar” (Assalamu alaykum, brother) kalomi bilan kutib olishdi.

Butun namoz davomida yahudiylar masjidlar yonida oʻziga xos qalqon oʻlaroq tik turdi. Namozdan soʻng esa, masjiddan chiqib kelayotganlarga yana bir bor “Assalomu alaykum, juma muborak” kalimasini aytib, har bir musulmon va muslimaga gul ulashdi.

At-Tavhid Islom markazi jamoasiga koʻra, yahudiylar aslida juma namozidan bir necha soat avval kelgan va masjid ichini gullar bilan bezab chiqqan. Masjid jamoasiga har qanday vaziyatda yordam berishga tayyorligini aytib, ruhiy dalda berishga intilgan.

“Biz bu eʼtibordan juda ham xursand boʻldik. Bilasiz, oʻtgan haftaning juma kunida Yangi Zelandiyadagi ikki masjidga hujum uyushtirilib, musulmon birodarlarimiz qatl etilgan edi. Yahudiylar jamoasi ayni mana shu terrorga javoban, biz musulmonlar bilan birgamiz va ularni yolgʻizlab qoʻymaymiz deb chiqishmoqda”, - deydi At-Tavhid masjidi jamoasi vakili.

15-mart kuni qurollangan terrorchilar Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki yirik masjidga qurolli hujum uyushtirib, ellikka yaqin musulmonni o'ldirgan edi. Oʻldirilganlar orasida yosh bolalar, keksa yoshdagi erkak va ayollar bor. Yangi Zelandiya Bosh vaziri Jasinda Ardern bu hujum yuzasidan qilgan favqulodda chiqishi payti uni “Yangi Zelandiya tarixidagi eng zulmatli kunlardan biri”, deb atadi.

“Xabaringiz bor Pitsburg yahudiylari ham aynan Yangi Zelandiyadagi kabi shafqatsiz va mutlaqo noinsoniy hujumga duch kelgan edi. Biz uchun juda ham ogʻir va ogʻriqli damlarda Pitsburg musulmon jamoasi chinakamiga dalda boʻldi, bizning ogʻriqqa chinakamiga sherik boʻldi. Bugun musulmonlar qalbiga hujum qilindi va biz yahudiylar bu vaziyatda musulmonlarni yolgʻizlab qoʻymasligimizni ham musulmonlarga hamda zulm yoʻlini tanlagan shaxslarga anglatishimiz shart deb bildik. Aynan mana shu uchun ham biz bugun shu yerda, musulmonlar yonidamiz”, - dedi yahudiy jamoasi uyushtirgan tadbir ishtirokchilaridan biri.

Yangi Zelandiyada sodir etilgan terrorchilik hujumidan soʻng aynan Pitsburgda yahudiy jamoalari yetakchilari Yangi Zelandiya musulmon jamoasi va terrorchilik hujumida qurbon boʻlganlarning oilalariga koʻmak uchun maxsus hayriya tadbiri uyushtirgan edi. Yirik yahudiy yetakchilari oʻz jamoalari vakillariga murojaat qilib, shafqatsiz qatliomni boshidan kechirgan Yangi Zelandiya musulmonlariga ham moddiy, ham maʼnaviy madad koʻrsatishga chaqirgandi.

“Biz musulmonlar boshiga tushgan musibatni yaxshi his qilamiz, uning ogʻrigʻini yurak-yuragimizdan sezib turibmiz”, deyiladi yahudiylar murojaatida.

Oʻtgan yilning oktabr oyida qurollangan shaxs Pitsburgdagi yahudiylarning “Hayot daraxti” nomli ibodatxonasiga hujum uyushtirib, 11 kishining oʻlimiga sababchi boʻlgan edi. Mazkur voqeadan soʻng yahudiy jamoasiga dalda oʻlaroq Pitsburg musulmonlari jamoasi 350000 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam yigʻib bergan edi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG