Breaking News

Amerika onalari: Bola biz uchun imkoniyatlarni cheklamasligi kerak


“MomsRising” AQShda ayollarni birlashtirgan eng yirik tashkilotlardan biri. Uning maqsadi – onalarga ko’maklashish. Bolali ayollar uchun sharoitlarni yaxshilashni targ’ib qiluvchi uyushma.

"MomsRising" - onalarning Vashingtondagi lobbichisi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Jessika Morrisonning to’rt yoshli qizi bor. Ikkinchi farzandini kutmoqda. Filadelfiya shahrida yashaydi. Qonunchilarga real masalalarni eslatish uchun Vashingtonga keldi.

“Umr yo’ldoshim ham, men ham to’liq stavkada ishlaymiz. Maoshimiz ikki farzandga ham yetishi qiyin. Bolalar bog’chalari juda qimmat. Hududimizda bu borada imkoniyat cheklangan. Qizimni maktab yoshiga yetgunicha qayerda qoldirish g’oyat katta muammo”, - deydi Jessika.

Kongress esa o’zgarish va’da qilmoqda. Shu oy demokratlar oilaviy hayotni osonlashtiramiz deya yangi qonun loyihasini tanishtirdi. 2006-yilda tashkil etilgan “MomsRising” uyushmasi bergan takliflar inobatga olinib, ota-onalarga uzoqroq va pullik ta’til berish, bog’chalarni arzonlashtirish ko’zda tutilgan.

“Amerikada onalik juda qiyin, chunki tuqqan ayollar dekretga chiqa olmaydi. Ta’til olsangiz, maoshsiz qolasiz. Ona bo’lgach, tirikchilik nima bo’ladi degan tashvish bilan yashaymiz. Onalik axir oilani qashshoqlik tomon yetaklamasligi kerak. Bola qimmatga tushadi. Uning sog’lig’i, xarajatlari uchun katta pul kerak bo’ladi. Ishlay olmaysiz. Lekin daromad ham yo’q”, - deydi "MomsRising" rahbarlaridan biri Donna Norton.

Amerika onalik ta’tili uchun haq to’lanmaydigan eng yirik rivojlangan davlat. Bu mamlakatda farzandli bo’lgan ayol agar ishxonasi ruxsat bersa, uch oygacha uyda o’tirishi mumkin, lekin maoshsiz. Kasallik ta’tili olishi mumkin yoki yillik ta’tilga chiqadi.

Liza, ona:

“Mening ishim boshqalarnikidan yaxshiroq imkoniyatlar taklif qilsa-da, juda qiynaldim. Bolam bilan uyda o’tirganim, maoshsiz qolganim uchun, umuman tatimadi”.

“MomsRising” tashkiloti undovi bilan Kaliforniya shtatida ayollar hozir pullik onalik ta’tiliga chiqa oladi.

"Aslida o’zgarishlarni shtatlarning o’zida boshlagan ma’qul. Sinovdan o’tib, keyin mamlakat bo’ylab targ’ib qilish mumkin. Bir shtatda ish berdimi, demak, boshqasida ham qo’llasa bo’ladi. Foydasini ko’rsatsak, qolgan shtatlar o’rnak oladi”, - deydi Donna Norton.

“MomsRising” maktablarda ovqat sifati va xavfsizlik borasida ham ishlar olib boradi.

Tashkilotning qarorgohi yo’q. Butun faoliyat ko’ngilli xizmat va onlayn aloqaga asoslangan. Joylarda faollar bir-birini topib, birga ishlaydi. Ta’siri poytaxtda ham sezilmoqda.

Demokrat qonunchi Roza Delauro:

“Qonunchi sifatida bunday tashkilotlar bilan hamkorlik qilish faqat samara olib keladi. Ular muammoni izchil o’rganib chiqqan. Yechimlar taklif qila oladi. Xalq bilan ishlaydi. Nima yetishmasligini biladi”.

Bu tashkilot tom ma’noda Amerika onalarining Vashingtondagi lobbichilaridir. Bilishadiki, onalar hayotini osonlashtirishdan, onalarni rag’batlantirishdan davlat manfaatdor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG