Breaking News

Tolibon bilan muzokara afg'on ayollarida qo'rqinch uyg'otmoqda


Kobul idoralarida

18 yil oldin Afg'onistonda toliblar hukmron edi. Rushana Mash'al qizlari va mahalla bolalariga yashirin tarzda bilim berar edi. Qizlar kitob ko'tarib yurganini hech kim bilmasin deb kartoshka qoplarda olib kelishar edi.

Rushananing qizlari iqtisodiyot va tibbiyot sohalarini egalladi. Chunki Afg'onistonda buning uchun imkoniyat yaratildi. 2001-yilda ag'darilgan toliblar hokimiyatga qaytish umidida. Rushana singari faol ayollar esa xotin-qizlar yana eshikdan xatlab chiqa olmay qoladi, deya xavotirda.

“Kelajakni ularga ishona olmaymiz. 17 yillik yutuqlarni boy berishimiz mumkin",- deydi Rushana, Kobulda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

​Markaziy hukumatga ko'ra, ayollar qo'rqmasligi kerak. Prezident Ashraf G'ani va uning rafiqasi Rula G'ani 34 viloyatda izlanish o'tkazib, xotin-qizlarning zamon xususidagi qarashlarini, ularning sharoitni o'rgangan. Natijalar yaqinda e'lon qilinishi kerak.

“Urushni erkaklar boshlagan, ular olib bordi va ular tugatishi kerak", - deydi prezident yordamchilaridan biri. "Lekin azobning eng og'irini ayollar va bolalar chekib kelmoqda. Shunday ekan, ular bilan ham hisoblashish kerak".

BMT tahlilicha, 40 yillik urush va mojarolarda xotin-qizlar juda keng miqyosda xo'rlangan, har tarafdan - nafaqat toliblar balki ularga qarshi kurashgan kuchlar, jumladan afg'on kuchlari va G'arb harbiylari tomonidan.

Afg'on jamiyati ayollar eng ko'p eziladigan muhit: zo'rlab erga berish, oilaviy zo'ravonliklar, jinsiy tahqirlash va sog'liqni saqlashdagi kamchiliklar.

Biroq bugun qizlar maktabga boradi, ayollar ishlay oladi, siyosiy lavozimlarga saylanishi va rahbarlik qilishi ham mumkin.

Afg'on ayollari endilikda sport musobaqalarida qatnasha oladi
Afg'on ayollari endilikda sport musobaqalarida qatnasha oladi

Tolibon bilan murosa ayollarning huquqlarini cheklash bilan barobar, deydi faollar.

“Muzokarada xotin-qizlar erkin bo'lishi zarur degan shart qo'yilyaptimi? Tolibon ko'nmasligi mumkin", - deydi G'arb diplomatlaridan biri.

Toliblar mamlakatni boshqargan 1996-2001 yillarda ayollar yopinib yurishi shart edi. O'qiy olmas edi, ishlay olmas edi. Ko'chaga faqat erkak bilan chiqa olardi.

Ayrim toliblar, murosa tarafdorlari, ayollar erkin yurishiga qarshi emas lekin maktablar alohida bo'lishi kerak degan fikrda, ya'ni qizlar va o'g'il bolalar birga o'qimasligi kerak.

“Biz qoloq bo'lishni istamaymiz lekin o'z tamoyillarimiz bor", - deydi Zabiulla Mujohid, Tolibon vakili.

Karima Rahimyor kabi onalar bu so'zlarga ishonmaydi. Karimaning birinchi eri 1996-yilda toliblar tomonidan o'ldirilgan. Ikkinchisi ham ular qo'lida yaralanib, qamoqda o'tirgan, chiqqach ishlay olmagan, nogiron. Farzandlari doimiy qo'rqinchda yashashini istamaydi. Bir o'g'li politsiyachi edi. 2016-yilda 32 yoshida Tolibon xurujida o'ldi.

“Hozir jim tursak, ertaga yana qulflanishimiz mumkin. Tahlika har yonda", - deydi Karima.

Vajma Firog', faol ayollardan biri, hukumatni ogohlikka chaqirmoqda
Vajma Firog', faol ayollardan biri, hukumatni ogohlikka chaqirmoqda

Vajma Firog', Tinchlik bo'yicha oliy kengash a'zosi. Shunga qaramay uni ham yuqoridagilar eshitmaydi.

“Fikrlarimiz va xavotirlarimiz o'rinli, chunki amaldagilar loqayd", - deydi Vajma. "Hozir ham biz uchun xavfli. Uzoqqa safar qila olmaymiz. Kun botishi bilan ichkaridamiz".

Biroq Vajma va boshqa faollar toliblarning vakillari va G'arb rasmiylari bilan uchrashgan. Talablar ularga ma'lum, deydi juvon.

Afg'oniston qurolli kuchlari safidagi ayollar
Afg'oniston qurolli kuchlari safidagi ayollar

Zuhal Bobokorhil 28 yoshda. Tolibon davrini yaxshi eslaydi. Bugungi hayotinda mamnun chunki olgan bilimini amalda qo'llay oladi. O'z puli, ovozi va hurmati bor.

Zuhal Kobulda yashaydi. Sport bilan shug'ullanadi. Jamoat ishlarida faol. Ijtimoiy tarmoqlarsiz faoliyatini tasavvur qilolmaydi. Afg'onistondan boshqa joyda yashashni istamaydi.

“Tinchlik izlab, jon saqlash uchun xorijga ketishni xohlamayman. Vatanim tinch bo'lsin. Ayollar xo'rlanmasin. Buning uchun kurashamiz", - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG