Breaking News

AQSh senatorlari Turkiyaga "F-35" samolyotlari berilishiga qarshi


"F-35" qiruvchi samolyoti
"F-35" qiruvchi samolyoti

AQShning har ikki partiyaga mansub qonunchilari "F-35" qiruvchi samolyotlarini Turkiyaga bermaslik haqidagi Tramp ma'muriyati qarorini bir ovozdan ma'qulladi. Anqara Rossiyadan "S-400" raketa mudofaa tizimini sotib olishga ahd qilgani Vashingtonni norozi qilmoqda.

"Agar Turkiya Rossiya tizimini qabul qilib olsa, ularni "F-35"da uchishga o'rgatmaymiz, ikkita "F-35"ni yetkazib berish bo'yicha va'damizni bajarmaymiz", - dedi Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Jeyms Inxof.

"F-35" va Rossiya tizimi birga ishlolmaydi. Bunga yo'l qo'ymaymiz", - dedi demokrat senator Jo Manchin.

NATO kuchlarining navbatdagi oliy bosh qo'mondoni lavozimiga Prezident Donald Tramp tomonidan nomzodi ko'rsatilgan AQSh generali Tod Volters ham senatorlar fikriga qo'shildi.

"S-400" tizimi va "F-35" bir-biriga mos emas. Agar Turkiya shu yo'ldan borib, "S-400"ni oladigan bo'lsa, ularga "F-35" samolyotlari berilmasligi kerak", - dedi u.

O'tgan hafta Turkiya tashqi ishlar vaziri Anqara Moskvadan "S-400" mudofaa tizimini sotib olish ahdida qat'iy ekanini eslatdi. Vashington esa "F-35" samolyotining radarga qarshi texnologiyasi Turkiya orqali dushman qo'liga tushishi mumkinligidan xavotirda.

"Biz "F-35" texnologiyasining rossiyaliklar va dushmanlarimiz qo'liga tushishiga yo'l qo'ya olmaymiz", - dedi yana bir demokrat senator Jin Shaxin.

Shaxin va yana uch senator Anqara Rossiya mudofaa tizimidan voz kechmaguncha Turkiyaga "F-35" samolyotlarini bermaslik haqidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Masalaning murakkabligi shundaki, samolyotning ba'zi qismlarini Turkiya yetkazib beradi.

"F-35"ning ba'zi uskunalari Turkiyada ishlab chiqariladi. Demak, barcha choralarni ko'rib chiqishimiz kerak. Ular Rosiya tizimini sotib olmasligini ta'minlashga qaratilgan bosh rejaga e'tiborni oshirishimiz kerak", - dedi demokrat senator Tim Keyn.

Pentagonning bildirishicha, AQSh samolyotni Turkiya ishtirokisiz ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

So'nggi yillarda Vashington va Anqara ko'plab masalalarda kelisha olmayapti. Senator Jo Manchinning aytishicha, Turkiya AQSh uchun ittifoqchi, lekin bu hamkorlikka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG