Breaking News

AQSh va Turkiya o'rtasida diplomatik tortishuv davom etmoqda


Anqaradagi AQSh elchixonasi, 9-oktabr, 2017-yil.

Anqara AQShni noimmigratsion viza berishni to'xtatish haqidagi qarorini bekor qilishga chaqirdi. Istanbuldagi Amerika konsulligi xodimi Fathulla Gulenga aloqadorlikda ayblanib qo'lga olingach, Vashington Turkiyadagi vakolatxonalari orqali viza berishni to'xtatib qo'ygan edi. Anqara ham o'z navbatida AQSh fuqarolariga viza berishni bekor qildi.

AQShning Turkiyadagi elchisi Robert Basning aytishicha, Anqara o'z hududidagi AQSh ishootlari va xodimlarining xavfsizligini to'liq ta'minlashga qodirligi aniq bo'lmaguncha taqiq kuchda qoladi.

Elchi, shuningdek, vizalarga butunlay taqiq qo'yilmaganini, balki yangi vizalar uchun ariza qabul qilinmayotganini ta'kidladi. Unga ko'ra, konsullik xodimining hibsga olinishi AQSh uchun ishlaydigan boshqa shaxslar hayotini va ular ishlaydigan binolarni xavf ostiga qo'yadi.

Denver universiteti professori Jonatan Adelmenning aytishicha, Prezident Rajab Toyib Erdog'an sekulyar tuzumdan uzoqlashib borar ekan, so'nggi voqea AQSh-Turkiya aloqalarining yomonlashayotganini ko'rsatuvchi yana bir belgidir.

Turkiya AQSh konsulligining hibsga olingan xodimini josuslikda ayblamoqda.

"Bu josuslar Amerika konsulligiga qanday kirib qoldi? Agar kirib qolmagan bo'lsa, ularni bu yerga kim qo'ydi? Ichki tahdid soluvchi bunday josuslarning bo'lishiga hech bir davlat ruxsat bermaydi", - dedi Prezident Erdog'an.

Hibsga olingan konsullik xodimi Metin Topuz Turkiya fuqarosi. U o'tgan yili Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortida turgani aytilayotgan Fathulla Gulenga aloqadorlikda ayblanmoqda. Turkiya rasmiylari konsullikning yana bir xodimini so'roq qilmoqchi ekanini aytgan.

So'nggi voqea ikki mamlakat o'rtasida diplomatik tortishuvga sabab bo'ldi. Hibs ortidan Anqaradagi AQSh elchixonasi barcha noimmigratsion vizalarni berish vaqtinchalik to'xtatilishini e'lon qildi.

Pentagon o'z navbatida bu diplomatik munozara ikki o'lkaning harbiy hamkorligiga ta'sir ko'rsatmaganini aytmoqda.

"Injirlik va boshqa turk bazalaridan IShIDga qarshi koalitsiya amaliyotlari Turkiya bilan hamkorlikda va ularning qo'llab-quvvatlovi bilanamalga oshirilmoqda", - dedi Pentagon so'zlovchisi polkovnik Robert Menning.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG