Breaking News

AQSh "Wikileaks" asoschisi unga topshirilishini talab qilmoqda


 Julian Assanj tarafdorlari Vestminster Oliy sudi qarshisida namoyish o’tkazib, uning AQShga ekstradistsiya qilinmasligini talab qildi. Londoin, 2-may, 2019
Julian Assanj tarafdorlari Vestminster Oliy sudi qarshisida namoyish o’tkazib, uning AQShga ekstradistsiya qilinmasligini talab qildi. Londoin, 2-may, 2019

“Wikileaks” asoschisi Julian Assanj o’zining AQSh ixtiyoriga topshirilishiga qarshi. Ayni damda London qamoqxonasida ushlab turilgan Assanjni AQSh maxfiy hujjatlarni o’g’irlash va tarqatishda ayblagan. U 3-may kuni Britaniya sudiga murojaat qilib, qator mukofotlarga munosib topilgan jurnalistik faoliyati va odamlarni himoya qilgani uchun AQShga jo’natilishini istamasligini aytgan. Assanj Britaniya sudi chaqirig’ini inkor etib, 2012-yilda Ekvador elchixonasidan boshpana olgani uchun Londonda 50 haftaga hibsga olingan.

Assanj dunyo bo’ylab o’z tarafdorlariga ega. Ular 2-may kuni Vestminster Oliy sudi qarshisida namoyish o’tkazib, Assanjning AQShga ekstradistsiya qilinmasligini talab qilgan. Mahkum va uning advokatlari AQShning minglab maxfiy hujjatlarini oshkor qilgani jinoyat emas, so’z erkinligining bir namunasi ekanini isbotlashga urinmoqda.

“3-may – Jahon matbuot erkinligi kunida mazkur sud ishi doirasida so’z erkinligiga qarshi tahdidning oqibatlari, bunday tazyiqning jurnalistika va media tashkilotlari uchun nimani anglatishi haqida qayg’urish muhim”, - deydi Assanjning advokati Jennifer Robinson.

Vashington Ekvadorning Londondagi elchixonasidan chiqmay yetti yil tutqich bermagan avstraliyalik jurnalist Julian Assanjning AQShga ekstraditsiya qilinishini talab qilmoqda. Jurnalist AQSh armiyasi razvedkasining sobiq xodimi Chelsi Menning bilan til biriktirib, Iroq urushi va diplomatik yozishmalarga doir minglab maxfiy hujjatlarni qo’lga kiritganlikda ayblangan. Assanj, shuningdek, jinsiy zo’ravonik jinoyati uchun Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishdan qochib, Ekvador elchixonasidan panoh topgani aytiladi. Biroq ayblanuvchi va uning advokatlari buni Assanjni AQShga topshirish uchun o’ylab topilgan nayrang deb baholaydi. Ular AQShda sud adolatli qaror chiqarmasligini ta’kidlamoqda.

“Shunisi ayonki, Assanjni qamoqqa olish hukmi uni AQShga extraditsiya qilingunga qadar ushlab turishning bir yo’li”, - deydi advokat Xuan Brenko.

Assanjning tanqidchilari uni vijdonsiz va takabbur deb ataydi. Ekvador diplomatlari uni boshpana tartiblariga amal qilmaganlikda ayblaydi. Britaniya rasmiysi Ekvadorni avvalo Assanjga boshpana berishda xato qilganini aytadi.

“U o’z tanloviga ko’ra elchixonada chirib yotgan edi. Ekvadorning avvalgi hukumati Assanjga boshpana bergani achinarli hol. U elchixonaga kira oldi, biroq u yerdan qaytib chiqish yo’lini topa olmadi”, - deydi Britaniyaning Yevropa va Amerika bo’yicha vaziri Alan Dunkan.

Rasmiyning aytishicha, Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish masalasini hukumat emas, sud hal qiladi.

Hukm tez orada chiqarilmaydi. 2-may kuni boshlangan tinglov 30-may va 12-iyunda davom etadi.

“Associated Press” muxbiri Greg Ketzga ko’ra, ekstraditsiya masalasidagi uzil-kesil hukm uchun 1-2 yil vaqt kerak bo’ladi.

Tahlilchilar Assanj ishi oqibatlari jurnalistlarga uzoq yillik saboq bo’lib qolishini aytmoqda. Bu so’z erkinligini bo’g’ib qo’yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG