Breaking News

O'zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish kerakmi?


Toshkent

O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi ko’tarilayotgani o’zbek ziyolilarini hayratda qoldirmoqda. Ta’kidlash joizki, mamlakatda rus tili maqomini ko’tarish ham o’zbek ziyolilariga tegishli tashabbus.

O'zbekistonda rus tilini "ko'tarish" harakati boshlangan, nega?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:51 0:00

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O’zbekistonga safari, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi soyasida yuzaga chiqayotgan bu tashabbus ortida siyosiy sabablar turgani taxmin qilinadi.

O’zbek tilini davlat tili qilish uchun kurashgan faollarga ko’ra, 30 yil davomida o’z maqomini mustahkamlay olmagan o’zbek tili, rus tiliga rasmiy maqom berilishi ortidan siyosiy sahnadan mutlaqo yo’qolishi mumkin.

Fan-madaniyat sohasi tanilgan 20 dan oshiq o’zbek ziyolilari ko’targan O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi o’zbek jamoatchiligini, ayniqsa o’zbek tiliga davlat maqomi berilishi uchun kurashgan faollarni hayratda qoldirgan.

O’zbekistonda rus tili maqomini ko’tarish tashabbusiga imzo chekkanlar orasida mamlakatdagi taniqli ziyolilar ham bor. Ularning ko’pchiligi turli unvonlarga, ayrimlari Xalq artisti maqomiga ham ega.

“Rus tiliga rasmiy maqom berish davlat darajasida qonunchilikka o’zgartirish kiritish yo’li bilan o’z yechimi kutayotgan jamiyatdagi dolzarb masaladir”, - deyiladi tashabbuschilar tomonidan imzolangan va ayrim nashrlarda e’lon qilingan bu taklifda.

Mirziyoyev va Lavrov uchrashuvida hamkorlikni kengaytirish masalasi ko’rib chiqilgan.

Sergey Lavrov tashrifi arafasida yuzaga chiqqan rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi ortidan aynan siyosiy doiralar turganiga shubha qilinmaydi.

O’zbek ziyolilari bu tashabbus 30 yil davomida ham to’liq davlat tiliga aylanmagan o’zbek tili kelajagi uchun o’ta xatarli ekanligidan ogohlantirmoqda.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek o’zbek tilining davlat tili bo’lishi uchun kurashgan faollardan biri.

U, oradan sal kam 30- yil o’tib, O’zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusi ko’tarilishi sababini bugungi siyosiy voqelikda ko’radi.

“Buning ortida faqat siyosiy maqsad turibdi, ko’pchilik eslasa kerak, O’zbekiston mustaqilligi uchun kurash o’zbek tiliga davlat maqomini berish maqsadi bilan boshlangan. Davlat maqomini olish uchun o’sha paytda joriy hukumat bilan keskin kurash kechgan. Buning uchun qancha odam jazolandi, tazyiqqa olindi, jumladan shaxsan men ham. Bugun o’zbek tili qatorida rus tili ham rasmiy til bo’sin degan tashabbus. O’sha paytdagi hukumat tomonidan surilgan ikki tillik tashabbusini yodga solmoqda. Hozir shu tashabbusni tiklashga harakat boshlandi. Ikki tillilik degani mustaqillikni boshlanish nuqtasiga zarba berish degani. Ya’ni qaytadan buyuk og’amiz va uning tili atrofida birlashamiz, degan narsa. Vaziyatning yomonligi shundaki, so’nggi yillardan mamlakatda rus tili ishlatilishi miqyosi shundoq ham kengayib borayotgan edi, rus tilli maktablardan tortib, hukumat miqyosigacha. Xullas, nazarimda bunga tayyorgarlik ancha oldin boshlangan, hozirlik ko’rishayotgan edi. Hukumat darajasida davlat tili ishlatilishini toraytirishga bo’lgan urinishlar oqibatda shu natijaga olib keldi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Rossiya informatsion ta'siri azaldan kuchli
Rossiya informatsion ta'siri azaldan kuchli

Yozuvchi Evril Turon o’zbek jamoatchiligi ayrim ziyolilar tomonidan ko’tarilayotgan bu tashabbusga nisbatan o’z javobini berishi kerak deb hisoblaydi.

“130 yil Rossiya bosqini ishida yashadik, avlod o’z tarixini yaxshi bilmaydi, yashirilgan, qancha odamni o’drishdi, qancha boylikni talab ketishdi. Bunday tashabbuslarga qarshi keskin javob berilishi kerak, afsus biz haliyam o’sha qaramlikni qumsayotganlar bor”, - deydi yozuvchi.

Rus tiliga rasmiy maqom berish tashabbusini ko’targanlar fikricha, kirill alifbosidan voz kechilishi yoshlarni savodsiz qilib qo’ydi, o’zbeklar rus tili orqali jahon madaniyati, adabiyoti bilan tanishib kelishgan.

Ta’kidlash joiz, bu tashabbusni imzolaganlar orasida biror o’zbek adabiyotchisi, shoir-yozuvchilari yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG