Breaking News

Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev taqdiri nima bo'ldi?


O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev

Senatning yalpi majlisida hisobot bergan O’zbekiston Bosh prokurori Otabek Murodov sobiq hamkasblari Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev ustidan ketayotgan jinoiy ishi yuzasidan biror izoh bermagan. 2018-yil fevralida hibs qilingan Rashid Qodirov ustidan hamon sud-tergov ishi davom etmoqda. Shu yil boshida hibs qilingan Ixtiyor Abdullayev esa hokimiyatni nazorat qilishga doir siyosiy maqsadlarda va poraxo'rlikda ayblanayotgani xabar qilindi.

Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:13 0:00

Bir yil avval Oliy Majlisda prokuraturaning 2017-yilgi faoliyatiga doir hisobot bergan Otabek Murodov Rashid Qodirov ishi haqida to’xtalgan, sobiq bosh prokuror davlatga yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda ozodlikka chiqishi ehtimoli mavjudligini ham ta’kidlab o’tgan edi.

Ayni paytda Rashid Qodirovga doir tergov ishi to’liq yakunlanganmi, yo’qmi aniq emas. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, ish sudga oshirilgan, faqat ishni ko’rib chiqish ortga surilmoqda.

Shu yil boshida hibsga olingan DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ham bungacha O’zbekiston prokuraturasini boshqargan mulozimlardan biri. Abdullayevning hibsga olinishi ham aynan uning prokuraturadagi faoliyati bilan bog’liqligi ehtimoli katta.

Mahalliy matbuotda bu borada paydo bo’lgan xabarlarga ko’ra, Ixtiyor Abdullayev o’ziga yaqin odamlarni mansabga olib kelishda, poraxo'rlikda hamda hokimiyat ustidan nazorat o’rnatishga qaratilgan siyosiy maqsadlarda ham ayblanmoqda.

“Nomi sir saqlanayotgan ekspertlarning bahosiga ko’ra, sobiq generalning hurfikr saytlarni yopishi, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga cheklov qoʻyishi, xorijdagi ayrim taʼsirli vatandoshlarni sunʼiy ravishda muxolifatga aylantirishi, mamlakatdagi butun hokimiyat tizimlarini nazoratga olish orqali prezident olib borayotgan demokratik o’zgarishlarni aholiga buzib ko’rsatishga boʻlgan intilishi; bu orqali o’zi uchun kelgusida yaxshi siyosiy platforma hozirlagani kuzatilgan”, - deb yozadi ayni paytda hibsda saqlanayotgan DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev haqida “Xabar.uz” nashri.

Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev hozircha Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan hibsga tortilgan eng yirik amaldorlardan.

Korrupsiyaviy jinoyatlar bo’yicha mustaqil surishtiruv o’tkazib kelayotgan yozuvchi Safar Bekjonning aytishicha, Qodirov ishiga xotima qo’yilmayotgani amaldagi hokimiyatga qarshi qaratilgan ko’rsatmalarga ham bog’liq.

“Qodirov agar jinoyat qilgan bo’lsa, bu jinoyatni faqat bir o’zi qilmaganini, tepada turganlar bilan baham ko’rganini advokatlari orqali ayttirmoqda. Xorijdagi qarindoshlari bu boradagi hujjatlarni saqlab turishibdi, e’lon qilib, maxsus xizmatlarga topshirish niyatini ham aytishyapti. Xullas, shantaj ham bor bu yerda, agar ish bosdi-bosdi bo’lmasa, bu ish tepada o’tirgan juda ko’p rahbarlarga taqalishi mumkin. Shuning uchun ham bu ishda ochiqlik kutilmaydi, aybnoma ham, protokollar ham xalqqa e’lon qilinmaydi. O’zbekiston tomoni Qodirov masalasida uning o’g’lini, yana bir qarindoshini qidiruvga bergan. Ular 300 millionga yaqin pulni o’marishda gumonlanyapti. Bu mablag’ Kataloniyada saqlanmoqda. Men hozir shu masalani o’rganish uchun Ispaniyaga kelgandim, bu yerda qurolli hujumga uchradim. Tahdid qilib, mening kameralarim, uskunalarimni olib ketishdi, politsiya bu og’irlik deb talqin qilmoqda. Ammo mening shubham bor, natijasini ko’ramiz”, - deydi hukumat doirasidagi korrupsiya ishlari yuzasidan mustaqil surishtiruv o’tkazib kelayotgan faol Safar Bekjon.

Safar Bekjon Ixtiyor Abdullayevda siyosiy ambitsiyalar mavjudligini bir qadar shubhali baholaydi. DXX sobiq rahbarining hibs qilinishi mamlakatda muxolafatga nisbatan munosabat o’zgarishiga xizmat qilmagan.

“Prokuraturani tozalash shaxsan Mirziyoyevning o’zini ko’rsatmasi. Aynan shu topshiriqqa ko’ra Ixtiyor Abdullayev prokuraturadan ikki mingdan oshiq odamni ishdan bo’shatdi, ular o’rniga yosh kadrlarni olib keldi, ayrimlarini esa DXXga ham o’tkazdi. Xullas, juda ko’plab yoshlar ishga keldi, hatto korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha ayrim natijalar ham ko’rina boshladi, viloyat, tuman hokimlari doxil yuqori martabali amaldorlar jinoyat ustida qo’lga olindi, ular orasida hatto Zelimxon Haydarovning jiyani, Yunusobod tuman hokimi ham bor edi. Nazarimda, bu hukumatda jiddiy qarshilikka ham uchradi, jinoyatlarni ochish hozir bir qadar bosilgandek. Aksincha, Ixtiyor Abdullayev bu narsalarni o’zi uyushtirgani haqidagi gaplar tarqatilyapti. U olib kelgan kadrlar yana ishdan haydalayotgani haqida ma’lumotlar bor. Albatta, men bu tizimda ishlagan amaldorlar jinoyatdan yiroq, degan fikrda emasman”, - deydi Safar Bekjon.

Bosh prokuror Otabek Murodov Senatdagi chiqishida korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga ham to’xtalgan, hukumat idoralarining o’zida korrupsiyaga qarshi ichki tizimni ishga tushirish zarurligi, avvalo olishni emas, berishni to’xtatish lozimligi haqida gapirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG