Breaking News

Tojikistonda ko'plab saytlarning bloklanishi davom etmoqda


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT), Chegara bilmas muxbirlar va Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (NANSMIT) kabi xalqaro va mahalliy tashkilotlarning chaqiruviga qaramay, Tojikistonda bir qator onlayn axborot resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda.

7-may kuni YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Harlem Desir Tojikiston hukumatini fuqarolarning axborot saytlariga, ijtimoiy tarmoqlarga va Google xizmatlariga kirishiga qo‘yilgan to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi.

17-aprelda u O‘zbekiston hukumatini ham xorijiy ommaviy axborot vositalari saytlarini to‘sib qo‘yishni to‘xtatishga chaqirgan edi. Uning ortidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov rasmiy bayonot berib, agentlik YXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Harlem Desir bayonoti bilan tanishib chiqqanligini va ayrim yangiliklar veb-resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o‘rganib chiqishini e’lon qilgan edi.

Oradan bir oz fursat o‘tib, haqiqatdan ham O‘zbekistonda «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to‘liq foydalanish imkoni paydo bo‘ldi.

Tojikistonda ham xorijiy va mahalliy mustaqil veb-resurslarga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlanadimi? Umuman, Tojikistonda qaysi internet resurslariga to‘siq qo‘yilgan?

Avvalo, aytish kerakki, Tojikistonda ekstremistik va terroristik tashkilot topilgan saytlardan tashqari biror bir internet resurslariga rasman taqiq qo‘yilmagan. Ammo 2-may kuni mamlakat hududida "Google" ishlamay qoldi. Ilgariroq "Google"ning Playmarket, Translator, Gmail, GoogleDocs, Google Forms, Google Disk va Google Maps xizmatlariga kirish imkoni yo‘qolgani kuzatilgan edi.

Tojikiston Aloqa xizmatining boshlig‘i o‘rinbosari Ilhom Atoyev jurnalistlar bilan suhbatda bu xizmatlar Tojikistonga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan ishlamayotganligini aytdi.

"Biz bu xizmatlarni taqiqlamaymiz. Ular Tojikistondan tashqarida bo‘lgan texnik sabablarga ko‘ra ishlamayapti. Mutaxassislar guruhi tashkil etildi, ular bu masalani o‘rganishyapti", – dedi Ilhom Atoyev.

Ammo Aloqa xizmati mas’uli bir qator mahalliy va xalqaro saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlarga uzoq muddatdan beri kirish imkonsiz ekanligini sharhlashdan bosh tortdi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, internet resurslarini taqiqlab qo‘yishning texnik jihatdan imkoni bor. Ammo uni oshkor qilish o‘rganish va dalillarni talab qiladi. Xususan, multimedia eksperti Rustam Gulovning aytishicha, taqiqlash "Internetga ulanish narxini oshirish to‘g‘risida" Monopoliyaga qarshi xizmat buyurtmasining bekor qilinishi munosabati bilan Aloqa xizmatining qasosiga o‘xshaydi.

"Buyurtma bekor qilindi, ular (Aloqa xizmati) daromadni yo‘qotdilar. Va, ehtimol, ular Tojikiston aholisidan shu yo‘l bilan o‘ch olishmoqda", - deydi ekspert.

3-may kuni Dushanbe shahrida tashkil etilgan "Tinchlik va demokratiyaning barqaror rivojlanishiga ommaviy axborot vositalarining yordami" mavzusidagi xalqaro konferensiyada AQShning Tojikistondagi elchisi Jon Mark Pommersheim Tojikistonda internet saytlarining taqiqlanishiga sharh berib, veb-saytlar bloklanganda nafaqat so‘z erkinligi poymol etilishini, balki iqtisodiyot va biznes ham zarar ko‘rishini ta’kidladi.

"Internet orqali axborotdan foydalanish juda yaxshi usul, deb o‘ylaymiz va taqiqlash iqtisodiy rivojlanish va biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Internetga kirish juda muhim. Jamiyatni rivojlantirish uchun fikrni erkin ifoda etish ham muhimdir, bu esa fuqarolarga erkin muloqot qilish imkonini beradi. Internet ochiq maydon bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz ", – deydi diplomat.

Buyuk Britaniyaning Tojikistondagi elchisi Hug Filpot esa bu xususda shunday dedi:

"Zamonaviy dunyoda internet suv yoki elektr kabi inson uchun kerak va har kim internetga kirish huquqiga ega. Biz ular o‘z foydasiga ishlatayotgani haqida o‘ylashga majburmiz. Jamiyatda yashayotganlarning ovozlari eshitilishi kerak. Barcha saytlarni bloklash mumkin emas. Siz bosim o‘tkazganingizdan so‘ng, foydalanuvchilar yashirin yo‘lga o‘tishadi. Bu yomon. So‘zimni bir so‘z bilan yakunlayman, bu Tojikistonda ham faol qo‘llaniladigan VPN", – deya ta’kidladi Buyuk Britaniya elchisi.

O‘z navbatida Tojikiston Prezidentning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Masrur Abdullozoda hukumat so‘z erkinligini ta’minlash borasida jiddiy qayg‘urishini, ammo ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilish buzg'unchi (destruktiv) emas, balki bunyodkor (konstruktiv) bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

29-aprelda Chegara bilmas muxbirlar (Reporters Without Borders) xalqaro tashkiloti va Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Tojikiston hukumatini "Asia-Plus", "Akhbor.com" va "Farg‘ona" kabi rus, tojik va ingliz tilida axborot uzatuvchi saytlarni bloklashni to‘xtatishga chaqirgan edi.

"Chegara bilmas muxbirlar" Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Johan Beerga ko'ra, internet onlayn resurslariga qo'yilgan taqiqlarning bekor qilinishi mamlakatda aloqa tariflarining narxi qimmat qilinishini bekor qilish kabi oqilona qaror bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi o‘rtalarida Tojikiston Monopoliyaga qarshi xizmatining buyurtmasi bo‘yicha mobil internet uchun tarif 2,5-3 barobar oshirilgan edi. Fuqarolar o‘rtasida norozilik tobora o‘sib borayotgani, shuningdek, mahalliy va xalqaro tashkilotlarning tanqidlari natijasida Tojikiston prezidenti oshirilgan narxlarni bekor qildi.

Ammo shu voqeadan keyin mamlakatda bir qator ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklar saytlari bloklandi va internet aloqasi sifati yomonlashdi. Uyali aloqa kompaniyalari da'vosiga ko'ra, veb-sayt blokirovkasini chetlab o‘tish uchun foydalanuvchilarning katta miqdorda VPNdan foydalanishni boshlaganligi sababli aloqa yomonlashgan.

"Speedtest Global Index" ma'lumotiga ko‘ra, Tojikiston 2018-yilning oktabr va dekabr oylarida dunyodagi eng sekin mobil internetga ega davlati sifatida tan olingan. Angliyaning "Cable" xizmatiga ko‘ra esa, Tojikiston Turkmanistondan keyin MDH davlatlari ichida eng yuqori Internet narxiga ega bo‘lgan mamlakatdir.

"Tojikiston hukumatiga qarashli Aloqa xizmati tomonidan axborot resurslarini asossiz va noqonuniy blokirovka qilish davom etmoqda. Hukumatning har qanday noto‘g‘ri qarorlari jamiyatda norozilik kuchayishiga hissa qo'shadi",–deydi Tojikiston mustaqil ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Nuriddin Qarshiboyev.

Harlem Desirning YXHT rasmiy saytida e’lon qilingan chaqirig‘ida "Men hukumatni fuqarolarga Tojikiston va xorijiy onlayn nashrlarga, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarga va qidiruv xizmatlariga cheklovsiz kirish huquqini berishga chaqiraman. Internetga erkin kirish imkonisiz so‘z erkinligi va axborot erkinligi mumkin emas", deyiladi.

Jamiyat tashkilotlari va YXHT mas’ullarining chaqiruviga qaramay, Tojikistonda "Avesta", "Asia-Plus" va "Ozodi" kabi ko‘p o‘qiladigan vebsaytlarga kirish imkonsizligicha qolmoqda. Facebook, Twitter, YouTube, WhatsApp, Viber va Telegram kabi keng tarqalgan ijtimoiy tarmoqlar va tezkor xabarlovchilar ham vaqti-vaqti bilan ishlamay qolish hollari kuzatilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Byuro direktori Nargis Zokirovaning fikricha, Tojikiston rasmiylari xalqaro jamoatchilik oldidagi mas’uliyatini unutmasligi lozim.

"1999-yilda Tojikiston fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktni ratifikatsiya qildi va so‘z erkinligi huquqini ham qayd etdi. 2019-yil boshida Tojikiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktni amalga oshirish doirasida hisobot beradi va vebsaytlar blokirovkasi bilan bog‘liq holda axborot to‘sig‘idagi cheklovlar bilan bog‘liq muammolarni hisobga olgan holda Tojikiston delegatsiyasi ko‘plab savollarga javob berishiga to‘g‘ri keladi", –deydi Nargis Zokirova.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG