Breaking News

Savdo urushi AQSh dehqonlari toqatini toq qilmoqda


Xitoy va AQSh o'rtasida davom etayotgan savdo mojarosi dehqonlarga qimmatga tushmoqda. Amerika fermerlari yetishtirayotgan makkajo'xori va soya yangi tariflar va boshqa davlatlardagi raqobatchilar bilan yuzlashmoqda. Ular savdo urushining uzoq muddatli oqibatlaridan ham xavotirda.

Dehqonning kundalik hayoti bir xil. Ayovalik fermer Pem Jonson uchun tariflar yangi boshog'riq bo'ldi.

"Avvalo, qahva tayyorlayman, so'ng kompyuterga o'tirib, g'alla narxlari qanaqa bo'lganini kuzataman. Ko'pincha, pasaygan bo'ladi. Besh oydan beri eng quyi nuqtada hozir", - deydi fermer.

Jonson va uning turmush o'rtog'i oltinchi avlod fermerlar. Ular hayotlaridagi eng og'ir iqtisodiy davrni boshdan kechirmoqda.

"Qo'limiz kaltalanib qoldi", - deydi Jonson.

Olti yildan beri AQSh fermerlari daromadi kamayib bormoqda. Xarajatlar oshib borar ekan, makkajo'xori va soya narxlari tushmoqda.

Kanada va Meksika bilan yangi savdo kelishuvining Kongressdan o'tishi hali noaniq, Xitoyning AQSh qishloq xo'jaligi mahsulotlariga qo'ygan yangi tariflari dehqonlar xavotirini yanada oshirmoqda.

"Boy berilgan bozorlar bizga 2025-yilga boribgina qaytishi mumkinligi haqida eshityapmiz. Tuzatib bo'lmas zararning miqdori qancha bo'ladi? Ko'pchilikni shu savol qiynayapti", - deydi dehqon.

Buning asoratlari Pemning o'g'li Ben Jonson oila biznesini o'z qo'liga olganda sezilishi mumkin.

"Bundan barcha dehqonlar zarar ko'radi. Yashab qolish va o'sish o'rtasida farq bor", - deydi Ben.

Jonsonlar oilasi fermerlar va amerikaliklarning boshqa qatlami o'rtasida uzilish kuchayib borayotganidan xavotirda. Siyosatchilar bunga hissa qo'shmoqda, deydi Ben Jonson.

"Imkon qadar ko'p joylar bilan va ochiq savdo qilishimiz kerak. Har qanday biznes uchun bu muhim. Mijozlar imkon qadar ko'p bo'lishi kerak. Buni qasddan to'sish odamni xunob qiladi", - deydi u.

"Har ikki partiya savdodan yuz o'girganidan xafaman", - deydi Pem Jonson.

Fermerning aytishicha, u 2016-yil aynan savdo haqidagi gaplari uchun Prezident Donald Trampga ovoz bermagan. Shundan beri vaziyat yanada yomonlashdi.

"Men tarifchiman, savdo urushlarida osonlikcha yutaman, deyishi meni xavotirga soladi. Prezident Trampni qo'llovchi fermerlar hanuz ko'p. 2019-yil o'tib borar ekan, shubhalarimiz yanada oshyapti, umidlarimiz so'nib boryapti", - deydi Jonson.

Jonson oilaviy biznesi muvaffaqiyati AQSh savdo siyosati bilan uzviy bog'liq ekanini tan oladi.

"Prezident Tramp savdo muzokaralarida yutqazishini istamayman. Hammamiz yutishimiz uchun u o'z ishini qilishi kerak", - deydi u.

Ammo g'alabadan hali darak yo'q.

"Allaqachon soya eksport qilish mavsumini o'tkazib yubordik. Hech qachon kech emas, lekin hozirgacha bo'lganda yaxshi bo'lardi", - deydi Ben Jonson.

Muzokaralar davom etar ekan, Tramp ma'muriyati savdo tariflaridan aziyat chekkan dehqonlarga moliyaviy yordam va'da qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG