Breaking News

Tojikiston: Qamoqxonada yana isyon ko'tarildi


Vahdat shahridagi qamoqxona

19-may – yakshanba kuni kechqurun poytaxt Dushanbedan 100 chaqirim narida joylashgan Vahdat shahridagi 3/2 raqamli, "Kirpichniy" nomi bilan mashhur bo‘lgan qamoqxonada mahbuslar qo‘zg‘olon qildi.

Muzokaralar natija bermagach, qo‘zg‘olon kuch bilan bostirildi. Natijada uch nafar qo‘riqchi va 29 nafar mahbus, jami 32 odam halok bo‘lgan.

Vahdat shahridagi qamoqxonada yuz bergan isyon haqida Tojikiston Adliya vazirligi o‘z saytida rasmiy bayonot berdi. Shuningdek, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va boshqa manbalar ham bu xabarni qayta e’lon qilishdi. Bu xabarlarni Tojikiston jinoiy jazoni o‘tash Bosh boshqarmasi Boshlig‘i general Mansurjon Umarov tasdiqlaganligi aytilmoqda.

General Umarovga tayanib e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, isyon paytida 3 qo‘riqchi va 5 nafar jazo muddatini o‘tayotganlar, jami 8 nafar isyonchi mahbuslar tomonidan o‘ldirilgan. Halok bo‘lganlardan ba’zilarining nomlari ham e’lon qilindi.

Adliya vazirligidan berilgan xabarga ko‘ra, 19-may kuni kechqurun terrorizmga aloqador moddalar bilan sudlanib jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslar qo‘riqchilarni asir olib, mazkur qamoqxonadan qochishga harakat qilishgan. Pichoq, nayza kabi qurollar bilan qo‘riqchilarga hujum qilgan mahbuslar ulardan uch nafarini o‘ldirib, tartibsizliklar keltirib chiqargan va rahbariyatning taslim bo‘lish haqidagi chaqiruvlariga qat’iy rad javobini berishgan. Natijada muzokaralar oxiriga yetmay, to‘qnashuv boshlanib ketgan.

"Asia-plus" axborot agentligining o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, isyon natijasida halok bo‘lganlar 32 nafarni tashkil etmoqda.

Ulardan 8 nafari - 3 qo‘riqchi va 5 mahbus isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan. Yana 24 mahbus esa qo‘zg‘olonni bostirish paytida davlat maxsus xizmati tomonidan zararsizlantirilgan, ya’ni otib o‘ldirilgan.

Qo‘zg‘olonga qatnashganligi tufayli qo‘lga olingan isyonchilar esa 35 nafar ekanligi aytilmoqda.

Jinoiy jazoni o‘tash Bosh boshqarmasidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, isyon tashkilotchilari Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Islomiy davlat" terror guruhiga a’zoligi tufayli qamoq jazosiga hukm etilganlardir. Qo‘zg‘olonchilarga "ISHID"ga borib qo‘shilgan Tojikiston OMON xizmatining sobiq sardori polkovnik Gulmurod Halimovning o‘g‘li Behro‘z Gulmurod hamda Gulov Faxriddin, Sharipov Mahmudullo va Hasanov Ruhillo yetakchilik qilgani aytilmoqda.

Ular avval uch nafar qo‘riqchini - mayor Murodov Burhoniddin, mayor Halimov Abdujabbor va katta leytenant Asoev Mahmudni vahshiylarcha o‘ldirishgan. Shuningdek, yana 5 nafar mahbusni bo'sh maydonga olib chiqib, hammaning ko‘z o‘ngida so‘yib tashlashgan. Ular orasida mamlakatda faoliyati taqiqlangan "Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi"ning ikki nafar yetakchisi - "Eshoni Qiyomiddin" nomi bilan tanilgan Said Qiyomiddini G‘oziy va "Maxsumi Sattor" nomi bilan tanilgan Karimov Sattor Samadovich ham bo‘lgan. Ulardan birinchisi 25 yilga, ikkinchisi 28 yilga qamalgan edi.

Isyonchi mahbuslar tomonidan namoyishkorona o‘ldirilganlar orasida "Shayx Temur" nomi bilan tanilgan, ilgariroq o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan va Tojikiston Jinoyat Kodeksining "qalloblik", "ko‘pxotinlilik" moddalari bilan qamalgan Sattorov Saidmahdixon ham bo‘lgan.

Qo‘zg‘olon yetakchilari o‘z safidan bo‘lgan mahbuslarni ozod qilib, qamoqxona tibbiy xizmat ko‘rsatish nuqtasiga o‘t qo‘ygan. Bir-necha nafar mahbusni asir olib, qamoqxona hududidan qochib chiqish maqsadida qo‘riqchilarga hujum qilishgan. Natijada javob amaliyoti boshlanib, isyon bostirilgan. Asir olinganlar ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2018-yilning 8-noyabr kuni kechqurun Xo‘jand shahridagi qamoqxonada ham mahbuslar isyon ko‘targan, natijada 2 nafar qo‘riqchi va 20 dan ortiq mahbus halok bo‘lgan edi.

Ba'zi kuzatuvchilarning aytishicha, mahbuslarning qo‘zg‘olon ko‘tarishiga qamoqxonada radikal guruhlar ta'siri oshib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Mintaqadagi mustaqil matbuotning yozishicha, ekspertlar anchadan beri Tojikiston hukumatini qamoqxonalarda radikallashuv baland ekanligidan ogohlantirib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG