Breaking News

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida yangi mojaro qo'zg'aldi


Qirg'iziston - Tojikiston chegarasiga yig'ilgan aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari
Qirg'iziston - Tojikiston chegarasiga yig'ilgan aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida yana bir mojaro qo‘zg‘aldi. Faqat bu safar yangi bir nuqta, uzoq yillar davomida ahil yashab kelgan ikki qo‘shni Lakkon (Tojikiston) va Qaraboq (Qirg‘iziston) qishloqlari orasida.

Voqea joyidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 22-may kuni taqriban 200 nafar qaraboqlik qirg‘izlar vafot etgan hamqishloqlarini dafn etish uchun Lakkon hududida joylashgan "Eski mozor" qabristoniga keladi. Bu qabriston Tojikiston hududida joylashgan bo‘lsa ham, o‘tgan asrning 80-yillaridan beri undan qirg‘izistonliklar foydalanib kelgan. Ammo Tojikiston harbiylari ularni chegarani noqonuniy buzib o‘tganlikda ayblab, tezda chiqib ketishni talab qiladi.

Tojik-qirg'iz chegarasida yangi mojaro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:15 0:00

Bu so‘zlarni Lakkon qishlog‘ida yashaydigan mahalliy aholi vakillaridan biri Abror Qayumzod ham tasdiqladi.

"Qandaydir ta'ziya bo‘lgan ekan, mozorga kiritmabdi bizning soldatlar. Keyin ularning xalqi, 100-150 kishi kelib, to‘polon qilibdi. Qirg‘izlar o‘liklarini shu yerga qo‘yadi, ularda boshqa qabristoni yo‘q" – deydi Qayumzod.

Qaraboqliklar tojik chegarachilari buyurug‘iga bo‘ysunmay, aksincha, harbiylardan qabristonni tark etishni talab qilishadi. Tojikiston chegarachilari o‘z talablarida qat’iy turib, osmonga o‘q uzishadi. Har ikki tomondan harbiylar va mahalliy ma’muriyat mas’ullari ham etib keladi.

Qirg‘izistonning Qaraboq ayil hukumati mas’ullaridan biri Karimberdi Qalambekovning aytishicha, shu kuni tush paytigacha qirg‘iz tomonidan yuzga yaqin odam yig‘ildi. Tushdan keyin yana yangi-yangi odamlar kelib qo‘shildi.

"Ular tojik chegarachilari qabristonga o‘tishga qo‘ymaganligidan norozi bo‘ldi. Bu mintaqani qirg‘iz chegarachilari qo‘riqlashini talab qilishdi", – deydi mahalliy ma’muriyat vakili.

Aslida bu mojaroning bir uchquni 20-may kuni chiqqan edi. Shu kuni qabriston hududidagi go‘rkov asbob-uskunalari saqlanadigan omborxona eshigini ta’mirlash uchun kelgan qirg‘izlardan tojik chegarachilari qaytib ketishni talab qilgan. Ular esa qarshilik ko‘rsatgan. Qirg‘iz mas’ullari kelib, muzokara olib borilgan. Natijada qirg‘izlar omborxona eshigini ta’mirlab, so‘ng qabriston hududini tark etgan.

Chegaraning bu qismida mojarolar yuz berishi aslida yangilik emas. Mahalliy aholi vakillaridan biri Malik Homidovning aytishicha, bir necha kun ilgari Tojikiston hududida joylashgan qabristondan 500 chaqirimcha masofada joylashgan chegara hududidagi yerni tekislash uchun tojikistonliklar texnika olib keladi. Maqsad yerni taqsimlab, bundan besh yilcha ilgari Isfara shahar raisi qarori asosida 64 oilaga hovli oldi uchastkasi uchun taqsimlangan yerni egalari uchun topshirish bo‘lgan. Ammo qo‘shni mahalladagi qirg‘izlar va Qirg‘iziston chegarachilari mazkur maydonga kelib, ishni davom ettirishga qarshilik ko‘rsatadi. Tojikistonliklar bu maydonni tark etishga majbur bo‘ladi.

Mahalliy aholi vakillari va mas’ullarning aytishicha, qirg‘izlar orada neytral maydon qolishini talab qilmoqda. Ammo buning uchun ularning o‘zlari bir qarich ham yer qoldirishmagan.

"Ular shu 70 metrmi, 100 metr joy tashlab keyin quringlar deyapti. Orada neytral bo‘lishi kerak deydi. Lekin ular o‘zi chegaragacha qurib bo‘lgan. Neytral bizning hisobimizdan bo‘lib qolyapti", – deydi Abror Qayumzod.

Eng qizig‘i qabriston Tojikiston hududida ekanligini da'vo qilgan tojik chegarachilari ham, tojikistonliklarga uy-joy qurish uchun taqsimlangan yer Qirg‘iziston hududi ekanligini iddao qilgan qirg‘iz harbiylari ham haq bo‘lib chiqishdi. Ya’ni, ikki davlat chegarasi taqsimlangan kartaga nazar solinganda, qabriston hududi Tojikistonga tegishli, tojikistonliklar uy qurmoqchi bo‘lgan yer Qirg‘iziston tarkibida ko‘rsatilgan.

Qabriston ikki davlat orasidagi shartli kelishilgan chegara chizig‘idan 150 metr Tojikiston hududi ichkarisida ekanligini qirg‘iz tomoni ham tasdiqladi.

Unda bu yerda nima sir bor? Biz bilmagan, chegarachilar inobatga olmagan, ammo mahalliy xalq e’tibordan chetda qoldirmagan, ayni paytda bahslar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan nima bor? Shu savolga javob qidirib, mahalliy ma’muriyat mas’ullari va ulug‘ yoshli mahalliy aholi vakillariga murojaat qildik.

Lakkon qishloq jamoati kotibasi Saida Zaynovdinova shunday deydi:

"Ularning qabristoni bizning hududda. Shuning orqasidan ozgina muammo bo‘lgan edi, hammasi yaxshi hal bo‘ldi, hozircha tinch. Endi bu narsa kelishilgan, ular bizga yer bergan, biz ularga yer bergan, shunaqa ekan. Bu masalani endi kattalar ko‘rib chiqadi", - deydi u.

Lakkon qishlog‘ining Eshonto‘pi mahalla qo‘mitasi raisi Janobiddin Meliboyev bu muammoning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan voqea bundan kamida yarim asr ilgari yuz berganligini ta’kidlaydi.

"Qirg‘izlarning mozorini joyi ilgari Lakkonniki bo‘lgan. O‘sha mozorning joyini Lakkon berganu, qirg‘iz evaziga pastdan yer bergan. Changol mozor deydi, u Qo‘rg‘onchaning mozori bo‘lganu, undan qiblasidan qirg‘izlarga bergan. Kelishib turib, u tomondan qirg‘iz berganu, bu tomondan biz. Qirg‘izlar ortig‘i bilan yer bergan mozorning o‘rniga. Lekin hech qanaqa qog‘oz qalami bo‘lmagan, og‘zaki gap bo‘lgan. Bir-biriga qog‘oz-qalam qilmay, shunday og‘zaki almashtiravergan. Aslida, u bilan ham ishi yo‘g‘u, o‘sha tomorqalarni ularning devoriga tirab bergani uchun ular o‘rtaga neytral joy tashlaysizlar deb odamlarni uy qurgani qo‘ymayapti. Odamlarga tomorqa berganiga besh yil bo‘lib qoldi, hech yo‘qki shu masala hal bo‘lsa. Neytral zonani qirg‘iz ham Lakkon ham berishi kerak-da. Faqat Lakkon bermaydi-ku netralni zonani. O‘zlari uy qurib olganu chegaraga yetkazib, endi Lakkonning yeridan neytralniy zona talab qiladi, bular bir qarich ham yer bermaymiz, deydi. Ana shuning orqasidan kelisholmay yotibdi", – deydi Meliboyev.

Lakkon jamoatining sobiq raisi, ayni paytda to‘y-ma’raka va marosimlar mas’uli Solijon Nazarovning aytishicha, qirg‘izistonliklar shartli chegara mintaqasigacha uy qurib kelgan. Ammo lakkonliklar uy qurmoqchi bo‘lganida, "bu yer bahsli hudud, shartli chegara chizig‘idan ikki kilometrgacha bo‘lgan masofada qurilish qilish mumkin emas", degan iddao bilan chiqishmoqda.

"Qo‘rg‘onchagacha hammasi o‘zining territoriyasi edi, biladi. Uyni qurib kelib, to‘xtadi. Bu yog‘iga o‘tmadi-ku. Biladi, bu yog‘i bizning hudud. Endi biz quramiz, desak, bu yer bahsli, deydi. Sen qurganda bahsli, emas edi-ku! Sen nega bu yergacha qurib kelding, agar bahsli bo‘lsa?! Yana bir narsa, ikki kilometrgacha chegara joylarga uy qurilmasin, degan. Mayli, ikki kilometr tashlaymiz, ammo ular ham ikki kilometr orqaga ketsin. Ketmaydiku, ular. Bu hammasi yolg‘on", – deydi Nazarov.

Mahalliy ziyoli fikricha, muammoni oddiy xalq emas, yuqori davlat rahbarlari hal qilishi lozim. Bahsga mahalliy xalqning aralashuvi yaxshi natijalarga olib kelmasligi mumkin. Aslida, 7 ming nafar atrofida o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan aholi yashaydigan Lakkon xalqi Chorkuh va Vorux qishloqlari aholisidan farqli ravishda qo‘shni qirg‘izlar bilan murosa qilib kelgan. Hech qachon tortishuv, hech qanday to‘qnashuv, qon to‘kish, mushtlashuv holatlari kuzatilmagan.

Sobiq Sovet ittifoqi barham topib, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari o‘z mustaqilligini e’lon qilganiga bu yil 28 yil to‘ldi. Ammo shunga qaramay ikki davlat orasidagi 970 kilometr chegara chizig‘idan bor-yo‘g‘i 500 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilingan, xolos. Nima uchun shuncha yillar davomida turli bahs-munozara, hatto qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan bahsli hududlarga barham berilmaydi.

Siyosiy tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, har ikki tomon o‘z manfaatini o‘ylab, ko‘proq yerni qo‘lga kiritish maqsadida bahsli hududlarda chegara chizig‘ini aniqlash ishlarini atay paysalga soladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG