Breaking News

Germaniya prezidentining O'zbekistonga tashrifidan nimalar kutilmoqda?


Germaniya Prezidenti Frank-Volter Shtayenmayer (o'ngda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Berlin, Germaniya, 2019-yil, 21-yanvar

Germaniya Prezidenti Frank-Volter Shtayenmayer O’zbekistonga safarini boshladi. Hafta so’ngida esa Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Donald Tuskning Toshkentga kelishi kutilyapti. Andijon fojiasi ortidan G’arb va O’zbekiston aloqalari sovuqlashib, Yevropa davlatlari rahbarlari qadami O’zbekistondan uzilgan edi.

Germaniya prezidenti shu tanaffusdan so’ng O’zbekistonga kelayotgan dastlabki oliy maqomdagi rasmiylardan biri. Shtayenmayer tashrifi Mirziyoyevni islohotlarga yanada ilhomlantirishga qaratilgani, ayni paytda G’arbda hali O’zbekistonda tuzum yangilanganiga ishonch kuchli emasligi ta’kidlanmoqda.

Germaniya prezidenti O'zbekistonda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:42 0:00

Berlin va Toshkent aloqalari oliy maqomdagi o’zaro tashriflar darajasida tiklanayotgani O’zbekistonda hokimiyat almashishidan so’ng o’tkazilgan islohotlar, ayniqsa, huquq himoyachilari, jurnalistlar, muxolifatchilardan iborat bir qator siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi ortidan kuzatilmoqda.

Sharhlovchilar Shtayenmayer tashrifi Mirziyoyevning Berlin safariga javoban kuzatilayotganiga, Germaniya avvaldan, Andijon qirg’inlari bois ziddiyatlashgan davrlardan, O’zbekiston bilan muloqot qilish tarafdori bo’lganiga diqqat qaratishmoqda.

Fransiyada yashayotgan o’zbek siyosatshunosi Kamoliddin Rabbimov buni shunday izohlaydi:

“Andijon fojialaridan keyin Yevropada O’zbekistonga nisbatan ikki xil pozitsiya shakllandi: keskin sanksiyalar joriy etish tarafdorlari bo’lgan tanqidchilar, shuningdek, yumshoqroq sanksiyalar bilan bir qatorda muloqotni davom ettirish tarafdorlari. Germaniya muloqot guruhining bayroqdori, o’zbek siyosatining lobbisti edi. Albatta, bunga Termizdagi harbiy baza, mintaqadagi ijtimoiy siyosiy vaziyat ham sabab bo’lgan. Bugun Shtayenmayer boryapti, kansler bo’lganida, albatta, tashrif mavqeyi yanada oshardi. Bundan qat’i nazar, bu aloqalar dinamikasiga turtki bo’luvchi yaxshi signal. Lekin ayni paytda Yevropa O’zbekistonda boshlangan islohotlar siyosatini hamon kuzatishda davom etyapti, deyish mumkin. Chunki, bir tomondan rostdan hukumat islohotlar o’tkazishga harakat qilmoqda, ammo boshqa tomondan bu islohotlar faqat iqtisodiyot, ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda. Yangi hokimiyat hali siyosiy, inson huquqlari, demokratik tamoyillar bo’yicha chuqur islohotlar qilishga qaror qilganicha yo’q”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Germaniya prezidenti Shtayenmayerning O’zbekistonga tashrifi arafasida "Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlari tashkiloti maxsus bayonot tarqatdi.

Unda O’zbekistonda tuzum hamon avtoritar qolayotgani, huquq-tartibot idoralari faoliyati o’zgarmagani, qiynoqlar, faollarni ushlash, nazorat qilish kabi holatlar hamon mavjudligi ta’kidlanadi.

Bayonotga ko’ra, Prezident Shtayenmayer O’zbekiston rahbarini amaliy islohotlarga undashi lozim.

Germaniya O’zbekistonga sarmoyalar kiritmoqda, Toshkent Berlinning iqtisodiy ko’magiga muhtoj. Bu esa islohotlar istiqboli bilan qiziqish uchun prezident Shtayenmayerga yaxshi imkoniyatlar beradi.

O’zbekistonda hokimiyat almashar ekan, Prezident Mirziyoyev barcha sohalarda islohotlar e’lon qildi, qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod qildi, inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash uchun xalqaro tashkilotlar bilan muloqotni boshladi.

Mirziyoyevning hokimiyatga kelgani uch yilga yaqinlashar ekan, islohotlar va’dasi siyosiy sohani, matbuotni chetlab o’tayotgani haqida noroziliklar yangramoqda. Mamlakatda hozirgacha blokda bo’lib kelgan mustaqil axborot vositalariga qo‘yilgan to’siqlar ham yaqinda, Germaniya prezidenti tashrifi arfasida qisman bekor qilindi.

Bu o’z navbatida Toshkent, xususan, Prezident Mirziyoyev islohotlari qanchalik jiddiyligi haqida muhokamalar boshlanishiga sabab bo'ldi.

“Yevropa Ittifoqi yangi ma’muriyatni tanqid qilmayapti, aksincha, olib borilayotgan islohotlarni qo’llab- quvvatlab, olqishlab turibdi. Lekin shu bilan bir qatorda YI aniq biladiki, O’zbekistonda to’laqonli transformatsiya amalga oshgani yo’q, bu haqda xalqaro huquq tashkilotlari ham aytishyapti. Islohotlar bor, lekin ular ijtimoiy dinamikaga ega emas, deyilyapti. O’zbekistondagi islohotlar orqaga qaytib bo’lmas darajaga yetishmadi, ya’ni hukumat avtoritarizmga qaytishni xohlasa, buni bir lahzada qilish imkoniyati bor, chunki O’zbekistonda fuqarolik jamiyati oyoqqa turmadi”, - degan fikrda Kamoliddin Rabbimov.

Germaniya prezidenti Frank-Volter Shtayenmayerning O’zbekistonga tashrifi 27-29-may kunlariga mo’ljallangan. Shtayenmayer prezident Mirziyoyev bilan muzokaralar o’tkazadi, shuningdek, u Toshkentda fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashuvda bo’lishi xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG