Breaking News

Misrning sobiq prezidenti o'ldi: Kim aybdor?


Muhammad Mursi sud zalida. Qohira, 8-may, 2014.
Muhammad Mursi sud zalida. Qohira, 8-may, 2014.

Misrning sobiq rahbari Muhammad Mursi sud jarayonida yurak xurujidan vafot etgan. Uning partiyasi liderning kutilmagan o’limi yuzasidan xalqaro tergov o’tkazilishini talab qilmoqda.

Mursining o’gli Ahmad Mursi “Facebook” orqali otasining 18-iyun kuni Qohirada “Musulmon birodarlar” harakati yetakchilari qo’yilgan qabristonga dafn etilganini ma’lum qildi.

Mursi 2012-yilda mamlakatning demokratik yo’l bilan saylangan ilk prezidenti bo’lgan. Oradan bir yil o’tib, harbiy to’ntarish oqibatida hokimiyatdan ag’darilgan edi. U 17-iyun kuni Qohirada josuslik ayblovi bo’yicha sudda gapirayotgan chog’ida vafot etdi.

“Musulmon birodarlar”ning “Ozodlik va adolat” siyosiy partiyasi o’z vebsaytida Mursining o’limida Misr hukumatini aybladi.

“Doktor Muhammad Mursi o’z e’tiqodi yo’lida qurbon bo’lgan qahramon. Harbiy tuzum uning o’limida aybdor. Ular Mursini adolatsiz qamoqqa olib, tibbiy xizmat va oila a’zolari bilan aloqadan uzib qo’ydi. Bu dahshatli jinoyat. Biz ana shu jarayon bo’yicha xalqaro tergov o’tkazishni talab qilamiz”, - dedi Islomiy harakat fronti Bosh kotibi Murod Adayloh.

2013-yildagi harbiy to’ntarish ortidan Mursi hibsga olinib, “Musulmon birodarlar” harakati keskin tazyiq ostiga olingan edi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an Mursi hokimiyati bilan yaqin ittifoqchi bo’lgan. 17-iyun kuni o’z ta’ziyasini bildirar ekan, Erdog’an Mursining o’limiga “shahid bo’ldi” deya nisbat berdi.

Qohira, 2012: Mursi saylovchilar oldida
Qohira, 2012: Mursi saylovchilar oldida

Xalqaro amnistiya tashkiloti “Amnesty International” Misr hukumatidan Mursining o’limiga sabab bo’lgan omillar va unga ko’rsatilgan tibbiy xizmat yuzasidan xolis tergov o’tkazishni so’radi.

Misr bosh prokurori sud tibbiy ekspertlari jamoasi Mursining tanasini o’rganib chiqib, o’lim sabablarini aniqlashini ma’lum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG