Breaking News

“Musulmon birodarlar”ni terrorchi tashkilot deb e’lon qilish AQSh manfaatiga xizmat qiladimi?


Misrning "Musulmon birodarlar"dan chiqqan ilk prezidenti Muhammad Mursiy

Qo’shma Shtatlar Misrning “Musulmon birodarlar” tashkilotini xorijiy terror guruhi sifatida belgilash ustida o’ylanmoqda.

Ba’zi mutaxassislar fikricha, bunday qadam Amerikaning musulmon dunyosida dushmanlarining yanada ko’payishiga olib keladi, AQShning Yaqin Sharqdagi diplomatik harakatlarini qiyinlashtiradi va mintaqada demokratik o’zgarishlar targ’ib qilishiga g’ov bo’ladi.

“Yaqin Sharq siyosatining ushbu muhim qismidan voz kechish bilan Amerika intellektual munozaraga to’siq qo’yib, o’z diplomatlarining regionda erkin harakatlanishini cheklaydi”, - deb yozadi Oklaxoma universitetida Yaqin Sharqni o’rganish markazi direktori Joshua Landis.

Uning aytishicha, agar Oq uy shunday qaror qabul qilsa, Yaqin Sharqdagi demokratik va siyosiy evolyutsiyani izdan chiqaradi.

Oq uyning yaqinda ma’lum qilishicha, Prezident Donald Tramp Misrning “Musulmon birodarlar” tashkilotini xorijiy terror guruhlari ro’yxatiga qo’shish ustida o’lynamoqda.

“Prezident bu masalada milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi xodimlari va mintaqadagi rahbarlar bilan fikr almashgan”, - dedi Tramp matbuot kotibasi Sara Sanders.

Misr harakatlari

AQSh bu haqda Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiyning Oq uyga tashrifidan salkam uch hafta o’tib ma’lum qildi.

2013-yilda sobiq Prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag’dargan Sissiy “Musulmon birodarlar” tashkilotining Misrdagi faoliyatini man qilib, Mursiy va guruhning ko’plab a’zolarini qamoqqa tashladi. O’shandan beri Sissiy AQShdan guruhni terrorchi tashkilot deb e’lon qilishni so’rab keladi. Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham shuning tarafdori.

Ko’p yillik davlat rahbari Husni Muborak 2011-yilda hokimiyatdan ketishga majbur bo’lganidan bir yil o’tib uyushitirilgan saylovlarda Mursiy g’alaba qozonib, “Musulmon birodarlar”dan chiqqan birinchi prezident bo’ldi.

Oq uydagi neokonservatorlar

2017-yilda Oq uyda ish boshlagan Tramp prezidentligining birinchi haftalarida “Musulmon birodarlar”ni xorijiy terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga qo’shish haqida o’ylagan, biroq keyinchalik bu rejadan voz kechgan edi.

Biroq tahlilchilarga ko’ra, Oq uyda milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi hozirgi jamoa a’zolari Trampni yana shunga da’vat etyapti.

“Davlat kotibi Mayk Pompeo, milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton Trampning milliy xavfsizlik bilan shug’ullangan oldingi kadrlaridan neokonservativ qarashlari bilan ajralib turadi”, - deydi Joshua Landis.

Unga ko’ra, ular Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining taklifini qo’llab-quvvatlayotgan bo’lishi mumkin.

Islomiy harakatlar bo’yicha tunislik ekspert Favzi So’fiyonning aytishicha, Misr va Yaqin Sharqning boshqa burchaklarida AQSh nishonga olishi kerak bo’lgan ko’plab radikal guruhlar bor.

“Misrda “Musulmon birodarlar”dan ancha radikalroq salafiylar bor. “Musulmon birodarlar”ni shu tariqa nishonga olish Yaqin Sharqda terrorizmga qarshi kurashda samara keltirmaydi”, - deydi u.

So’fiyon nazarida, siyosiy da’volarni olg’a surayotgan islomiy partiyalar orasida “Musulmon birodarlar" eng nozo’ravoni.

Ekstremistik mafkura

“Musulmon birodarlar" 1928-yilda Misrda tashkil topgan bo’lib, shariatga asoslangan davlat boshqaruvini targ’ib qiluvchi sunniy mazhabdagi ijtimoiy, diniy va siyosiy tashkilotdir.

Guruhning musulmon dunyosi bo’ylab o’nlab sho’balari bor. O’tmishda siyosiy maqsadlarga erishishda zo’ravonlikka murojaat qilgan, biroq hozir bunday siyosatdan o’zini tiyadi.

Ba’zi mutaxassislarning aytishicha, “Musulmon birodarlar” ba’zi ekstremistik tashkilotlar bilan ittifoqqa kirib, o’z siyosatini olg’a surishda zo’ravonlikka qo’l urib turadi.

Masalan, Misr hukumatiga xayrixoh “Oktabr” jurnali bosh muharriri Mjdi Daqoq nazarida, “Musulmon birodarlar” ekstremistik guruhlarni Suriya, Liviya va boshqa mamlakatlarda ko’plab gumanitar va siyosiy tashkilotlar tarmog’ini moliyalash va ularga madad berish orqali qo’llab-quvvatlab keladi.

“Musulmon birodarlar” qurolli zo’ravonliklarga qo’l urmagan deb faraz qilsak ham guruh mintaqa bo’ylab ekstremist siyosiy mafkurani targ’ib qilishda o’ta faol”, - deydi u.

Daqoqning aytishicha, “Musulmon birodarlar” Falastinning AQSh terrorchi tashkilot deb bilgan XAMAS jangari guruhi bilan bevosita aloqada.

Moliyaviy tarmoqlar

Misrning uzoq tarixga ega islomiy harakatlaridan biri AQShning xorijiy terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga tushsa, Vashington unga aloqador guruh yoki shaxslarni ham nishonga olishi mumkin.

Kuzatuvchilarga ko’ra, “Musulmon birodarlar”ning moliyaviy tarmog’ini izdan chiqarish bilan uning Yaqin Sharqdagi faoliyatini susaytirsa bo’ladi.

Qohiralik siyosiy sharhlovchi Shafiq Mamduhning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar tashkilot bilan Yaqin Sharq, Yevropa va Shimoliy Afrikada ishlayotgan kuchli shaxslarga sanksiya qo’ysa, “Musulmon birodarlar”ning rahbariyati ham bundan zarar ko’rishi mumkin.

“Bu guruh Yaqin Sharq va mintaqa tashqarisidagi musulmon tashkilotlardan tushayotgan xayriya hisobiga faoliyat yuritadi. Ularning xorijdagi moliyaviy tarmog’iga bolta urish kerak”, - deydi Mamduh.

Agar Oq uy “Musulmon birodarlar”ni xorijiy terrorchi tashkilot deb belgilashga qaror qilsa, uning AQSh va Amerika manfaatlariga qarshi terror harakatlarini isbotlab berishi zarur. Shundan so’ng davlat kotibi adliya va moliya vazirlari bilan maslahatlashishi kerak bo’ladi.

Davlat departamenti qarorini e’lon qilganidan so’ng AQSh Kongressi yetti kun ichida uni bekor qilish vakolatiga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG