Breaking News

O'zbekiston elchixonasi Turkiyada pasportga doir sarosimani to'xtatdi


Iyun oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyada yashaydigan o‘zbekistonliklarni xavotirga solgan mish-mish tarqaldi. Aytilishicha, Turkiya Migratsiya idorasi O‘zbekiston fuqarolaridan mamlakatda yashash ruxsatnomasi uchun “qizil rangli” xorijga chiqish pasportini "talab qilgan". Aks holda, ruxsatnomalar 2019-yilning 1-noyabriga qadar berilishi ma’lum qilingan. Ustiga-ustak, bu holat O‘zbekistonning elchixonasi tomonidan Migratsiya idorasiga noto‘g‘ri nota yuborilishi oqibatida yuzaga kelgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Ammo 19-iyun kuni bayonot bilan chiqqan O‘zbekiston elchixonasi noto‘g‘ri nota haqidagi iddaolar haqiqatga zid ekanini bildirdi. Ayni paytda elchixona mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Turkiyaning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi.

Elchixonaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining 2011-yildan amal qilayotgan (yashil rangdagi) biometrik pasporti Turkiyada bo‘lish va harakatlanish uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar haqiqiy hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston elchixonasi Turkiya tashqi ishlar vazirligi orqali mamlakatning tegishli tashkilotlarini rasman xabardor qilgan.

Bundan tashqari, elchixona O‘zbekiston fuqarolari foydalanishi uchun ma’lumotnoma tayyorladi. Turkiya Migratsiya idorasiga taqdim etish uchun yozilgan ma’lumotnomada O‘zbekiston fuqarolarining yashil rangdagi biometrik pasportlari muddati tugagunga qadar amal qilishi haqida bayonot berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG