Breaking News

O'zbekistonda yangi pasport tizimi muhokamalarga sabab bo'ldi


O'zbekistonning amaldagi biometrik pasporti
O'zbekistonning amaldagi biometrik pasporti

O’zbekiston hukumati aholiga uchta fuqarolik hujjatini taklif qilmoqda. Bular - fuqarolik pasporti, chiqish ruxsatnomasi bekor qilinishi ortidan rejalanayotgan xorijga chiqish pasporti va mamlakat ichkarisida ishlatiladigan ID karta.

Jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgan bu boradagi qaror loyihasi, xususan, xorijga chiqish uchun alohida biometrik pasport joriy qilinayotgani norozilik va munozaralarga sabab bo’ldi. Xorijga chiqish pasporti sovet davridagi kabi fuqarolarni hokimiyatga sodiqlar va sodiq emaslarga ajratishi mumkin, degan hadiklar bildirilmoqda.

O'zbekiston pasport tizimidagi o'zgarishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:06 0:00

O’zbekiston pasport tizimida ancha yillardan buyon umid bilan kutilayotgan asosiy yangilik bu xorijga chiqish ruxsatnomasining bekor qilinayotgani.

Qaror loyihasiga ko’ra, ikki yil muddatga beriladigan xorijga chiqish stikeri bekor qilinadi, uning o’rniga xorijga chiqish uchun alohida biometrik pasport joriy etiladi. Stikerdan farqli ravishda, xorijga chiqish pasporti 10 yil muddatga beriladi.

O’zbekiston pasport tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to’g’risidagi qaror loyihasi hukumat portalida muhokama qilinmoqda.

Bu loyiha mamlakat aholisiga uchta fuqarolik hujjatini taklif etadi: fuqaroning biometrik pasporti, xorijga chiqish uchun alohida biometrik pasporti, shuningdek, mamlakat ichkarisida fuqaro shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalar.

Pasport tizimi mamlakatda ancha yillardan buyon chigal qolayotgan muammolardan biri. Ayni paytda fuqarolikni tasdiqlovchi biometrik pasportlar joriy qilingan, bundan tashqari, nobiometrik pasportlar, xorijga chiqish uchun ikki yillik ruxsatnoma berish tajribasi ham amalda.

Ekspertlarga ko’ra, xorijga chiqish stikeridan voz kechilishi chet elga chiqish nazorati olib tashlanganini anglatmaydi, aksincha, xorij pasporti fuqarolar uchun siyosiy sinovga aylanishi mumkin.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, liberal qadriyatlarni o’zlashtirayotgan hukumat nima sababdan sovetlar davrida fuqarolarni siyosiy sinovdan o’tkazish uchun joriy qilingan xorijga chiqish pasporti tajribasiga qaytayotgani tushunarsiz.

“Fuqarolikni tasdiqlash uchun bir emas, uchta pasport joriy etilayotgani bu, avvalo, katta xarajat, fuqarolikni tasdiqlovchi amaldagi biometrik pasport bemalol xorijga chiqish pasporti vazifasini o’tashi mumkin. Faqat buning uchun xorijga chiqish ruxsatnomasini berishdan to’liq voz kechish kerak. Amaldagi hukumat buni istamayapti, fuqarolarni xorijga chiqishi uchun to’la erkinlik berishga siyosiy iroda yetishmadi, nazarimda. Shunday ekan, xorij pasportini joriy etilishi, xususan, bu pasportni kimlar, qanday sinov, suhbatlardan o’tib olishi mumkinligi savol ostida. Sobiq ittifoqda ham xorijga chiqish pasporti tajribasi qo’llangan, bu pasport hammaga emas, faqat partiya, KGB ishonchini qozongan fuqarolarga berilgan. O’zbekiston misolida ham xorijga chiqish pasporti fuqarolarni hokimiyat siyosatiga sodiqlikda sinovdan o’tkazish uchun ishlatilishi ehtimoli yuqori. Men buning boshqa sababini ko’rmayapman. Hokimiyatga nisbatan tanqidiy qarashdagi yoki muxolifatdagi faollarning ishi qiyinlashadi. Xullas, yangi hokimiyat ham politsiya davlati maqomidan voz kechishga urinayotgani yo’q, qo’shimcha pasportni joriy etish qarori faqat siyosiy sabablarni, fuqarolarni nazoratda ushlash maqsadini ifodalaydi”, - deydi Ilhomov.

Hukumat portalidagi ma’lumotda yozilishicha, O’zbekiston pasport tizimini yanada takomillashtirish haqidagi qaror o’zgartirilishi, to’ldirilishi yoki mutlaqo rad etilishi ham mumkin. Loyiha bo’yicha qoldirilgan izohlarda fuqarolikni tasdiqlovchi biometrik pasportning o’zi xorijga chiqish pasporti o’rnini bosishi, pasport turi, hujjatlar yig’imini ko’paytirishga hojat yo’qligi yuzasidan takliflar berilgan.

Loyihada xorijga chiqishni taqiqlovchi sabablar ham keltirib o’tilgan. Jumladan, fuqaroning davlat siriga daxldorligi, mahkama jarayoni yoki sud qarori bilan bog’liq holat, o’z shaxsi haqida yolg’on ma’lumotlar berish, shuningdek, huquq-tartibot organlarida fuqaroning xorijdagi tartib-qoidalarni buzganligi haqidagi ma’lumotga egalik. Fuqaroning xorijga chiqishi rad etilishi, xorijga chiqish pasporti berilmasligi sabablari izohlanmaydi, deyiladi bu loyihada.

Alisher Ilhomov fikricha, qaror loyihasi yangi hokimiyatning mamlakatda qanday boshqaruv joriy etishni niyat qilayotganidan darak bermoqda.

“Nazarimda yangi hokimiyat mamlakatda qanday tuzum, boshqaruv bo’lishi yuzasidan aniq bir qarorda emas. Agar hokimiyat demokratik qadriyat, o’z fuqarolariga ko’proq erkinlik taqdim etish yo’lidan bormoqchi bo’lsa, shunga muvofiq ish qilishi kerak. Bu borada ayrim qadamlar tashlanyapti, ammo yetarli emas. Deylik, Qozog’iston ham demokratik davlat emas, ammo fuqaro harakatlanishiga doir vaziyat u yerda ancha erkin. Shunday davlatlar bilan solishtirganda ham O’zbekiston hamon politsiya davlati bo’lib ko’rinadi, qilingan ayrim o’zgarishlar esa mamlakat haqiqatda zamonaviy demokratik yo’lga o’tgani haqida gapirish uchun yetarli emas”, - deydi Ilhomov.

O’zbekistonda pasport tizimini yanada takomillashtirish to’g’risidagi qaror loyihasiga ko'ra, hujjat 2019 yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi; shu muddatdan xorijga chiqish uchun stiker shaklidagi ruxsatnomalarni bekor qilinishi ko’rsatilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG