Breaking News

Tramp: AQShda ekologiya har qachongidan yaxshi


AQSh Prezidenti Donald Tramp

Atrof-muhit himoyasiga e'tiborsizlikda ayblanadigan Prezident Donald Tramp yaqinda Oq uydan turib AQSh suvi va havosi har doimgidan toza ekanini e'lon qildi. Faollar esa mamlakatning bu boradagi holatini shubha ostiga olmoqda.

Qattiq jala quyib, Vashington ko'chalarini suv bosdi.

Metro bekatlariga sharillab suv oqdi. Hatto Oq uy yerto'lasidagi jurnalistlar xonasi ham toshqindan omon qolmadi.

Oq uyda esa shu kuni Prezident Donald Tramp atrof-muhit himoyasi bo'yicha qilinayotgan ulkan ishlar haqida nutq o'qidi.

"Faqat bitta Amerikamiz bor, bitta sayyoramiz bor. Shu bois prezidentligimning har bir kunida barcha fuqarolarimiz uchun tozaroq atrof-muhit va sifatliroq hayot tarzini yaratish uchun kurashyapmiz", - dedi Tramp.

AQShda atrof-muhit himoyasini ta'minlovchi Toza suv va Toza havo qonunlari bor. Qo'shma Shtatlar toza ichimlik suviga egalik bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda; havo tozaligi esa dunyodagi o'rtacha holatdan olti marta yaxshiroq, dedi Tramp.

Trampning gapi ba'zilarning qoshini chimirdi. Chunki Oq uy ekologiyani saqlashga qaratilgan avvalgi choralarni bekor qilish harakatida.

Masalan, avtomobillar uchun yoqilg'i tejamkorligini oshirishni talab qiluvchi me'yorlarni bekor qilish, ko'mirga asoslangan zavodlardan issiqxona gazlari chiqishini kamaytiruvchi Toza energiya rejasini cheklovlari kam bo'lgan boshqa hujjatga almashtirish taklif qilinmoqda.

"Bu choralarning har ikkisi AQShdagi havo sifatini yomonlashtiradi. Ayniqsa, avvalgiga qaraganda avtomobillarning tejamkorligi kamayishi oqibatida ulardan chiqadigan tutunlar ko'payadi. Dunyo miqyosida ahvolimiz yaxshiligini tan olaman, lekin bu ma'muriyat vaziyatni yomonlashtiryapti", - deydi Brukings instituti tadqiqotchisi Samanta Gross.

2017-yil Trampglobal iqlim isishiga qarshi Obama davrida qabul qilingan Parij kelishuvidan chiqishini e'lon qildi.

"Bugundan boshlab AQSh majburiy bo'lmagan Parij bitimi hamda mamlakatimizga yuklangan og'ir moliyaviy va iqtisodiy majburiyatlar ijrosini to'xtatadi", - degan edi u.

Tramp Parij bitimini "adolatsiz, samarasiz va juda serchiqim" deb atashda davom etmoqda.

Davlat sog'lom ekologiya va kuchli iqtisodiyotdan birini tanlashi lozim bo'lgan bir paytda biz ikkalasini tanladik, degan Trampning bayonoti asossiz, deydi ekspertlar.

"Barqaror atrof-muhit va iqtisodiy taraqqiyot o'n yillab yelkama-yelka yurgan. Buni yangi g'oya sifatida da'vo qilib, ekologiya himoyasi kuchaymoqda, deb aytish bu nutqdagi men topgan eng yomon muammo", - deydi Samanta Gross.

Grossga ko'ra, 2020-yilgi saylovda suv va havo masalalari ko'tarilishi mumkin. Chunki aholi uchun bu muhim, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG