Breaking News

Musulmon davlatlar Xitoyning uyg'ur siyosatini yoqladi


Uyg'ur ayoli Xitoy xavfsizlik kuchlariga qarshi namoyish qilmoqda, Urumchi, Shinjon avtonom viloyati, 2009-yil, 7-iyul.
Uyg'ur ayoli Xitoy xavfsizlik kuchlariga qarshi namoyish qilmoqda, Urumchi, Shinjon avtonom viloyati, 2009-yil, 7-iyul.

Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati, jumladan, mamlakatdagi ozchilik musulmon elatlarning majburan qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotganidan xalqaro jamoatchilik xavotirda. Ammo BMT Inson huquqlari kengashi yig’ilishi ortidan Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Yaqin Sharqdagi bir qator musulmon davlatlari Xitoyni yoqlab bayonot chiqardi. Toshkentning uyg’urlar masalasida qanday pozitsiyada ekani esa ma'lum emas.

BMT Inson huquqlari kengashining 41-yig’ilishi o’z ishini boshlar ekan, BMT a’zolaridan 22 davlat, asosan, G’arb o’lkalari, Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati tanqid ostiga olingan murojaat bilan chiqdi.

Ammo Inson huquqlari kengashi yig’ilishi BMTga a’zo 37 davlat tomonidan Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati qo’llab-quvvatlangan bayonot imzolanishi bilan yakunlangan.

Bu bayonotga imzo chekkan davlatlar qatorida Rossiya, aksariyati musulmon Yaqin Sharq davlatlari, xususan, Tojikiston bor.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog’iston va Qirg’iziston musulmonlarni qayta tarbiyalash usuli ma'qullangan bu bayonotga qo’shilmagan.

Buning sababi Xitoydagi lagerlarda minglab qozoqlar, qirg’izlar ham saqlanayotgani va mintaqaning bu davlatlarida Xitoy siyosatiga nisbatan ijtimoiy norozilik kuchayganida ko’riladi.

O’zbekistonning uyg’urlarga doir pozitsiyasi haqida biror ma’lumot yo’q, Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ning bu boradagi savolini izohsiz qoldirdi.

G’arb davlatlari murojaatida Xitoyning musulmonlarga qarshi amaliyoti, jumladan, ularni majburan qayta tarbiyalash usuli keskin qoralangan, vaziyat xalqaro kuzatuvchilar tomonidan mustaqil o’rganilishi zarurligi ta’kidlangan.

BMT a’zolaridan iborat 40 ga yaqin davlat imzo chekkan bayonot shu murojaatga javoban tashkillashtirilgan.

Bayonotda diniy radikalizm bilan to’qnash kelgan Xitoy tomonidan ko’rilayotgan bu kabi choralar olqishlanadi, o’zini oqlayotgani aytiladi.

Xitoy mamlakatdagi uyg’ur, qozoq, qirg’iz, o’zbek va boshqa etnik ozchilik guruhlardan iborat millionlab musulmonlarni maxsus lagerlarda qayta tarbiyalayotgani anchadan buyon xalqaro jamoatchilik diqqatida turgan masala.

So’nggi paytlarda bu lagerlarga nafaqat uyg’urlar, balki qozoqlar, qirg’izlar, o’zbeklar ham joylashtirilayotgani aytiladi. Qirg’iziston va Qozog’istonda Xitoydagi qirg’izlar, qozoqlar taqdiriga diqqat qaratilgan norozilik aksiyalari ham bo’lib o’tdi.

Ayni paytda qochqinlikda yurgan Abdulhakim Roziq xitoylik o’zbeklardan. Uning o’g’li va qarindoshlaridan bir nechtasi Sharqiy Turkistondagi lagerlarda saqlanmoqda.

Roziq Xitoydagi bu kabi lagerlar musulmonlarni dindan uzoqlashtirishga qaratilganini aytadi.

“Bitta ukam Muhammad Roziqni dindan ozgina savodi borligi uchun 2016-yilda ushlab lagerga joylashtirishdi. Keyinchalik uni 11 yilga qamoqqa hukm qilishdi. Yana bir akam Abdujabbor Roziq ham hajga borib kelgani uchun lagerga olib ketildi, o’shandan buyon biror daragi yo’q. Shu akamning ikki og’li ham lagerga olib ketilgan, nima, qayerda, bilmaymiz. O’g’lim ham shu lagerga olib ketilganidan keyin esa aloqa mutlaqo uzildi. Xitoy hukumati bu lagerlarga asosan sal ko’zi ochilgan, dindan, dunyodan xabari bor ziyolilarni joylashtirmoqda. Ularni Xitoy siyosatiga, kommunistik mafkuraga sodiq qilib qayta tarbiyalash maqsadida”, - deydi u.

Abdulhakim Roziq musulmon davlatlarining, jumladan, Markaziy Osiyodagi qardosh davlatlarning uyg’ur muammosiga befarqligidan o’kinchda.

“Biz musulmon o’lkalardan yordam bo’lishiga umid qilamiz, ammo afsuski hozirgacha biror sado yo’q. Uyg’urlarni asosan Yevropa davlatlari, AQSh, Kanada qo’llab turibdi. Bizga eng yaqin bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlarini esa Xitoy pul, mablag’ evaziga sotib olmoqda, ular ham biror sado chiqarishayotgani yo’q. Markaziy Osiyo davlatlarida ham minglab uyg’urlar yashaydi, ammo ular ham biror narsa deyishga jur’at qilishmaydi. Agar Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda uyg’urlar himoyasi uchun biror munosabat bildirishganida, ehtimol Xitoy bu darajada vahshiylashib ketmas edi”, - degan fikrda Abdulhakim Roziq.

1950-yillardan Xitoy tarkibiga qo’shib olingan Sharqiy Turkistonda 15 milliondan oshiq musulmon yashashi aytiladi. Ularning asosiy qismini uyg’urlar tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG