Breaking News

Tolibon Afg'onistonda 42 klinikani yopib qo'ydi


Afg'onistonning Vardak viloyatidagi klinikalardan biri, 4-oktabr, 2019-yil

Tolibon Afg’onistonning sharqiy mintaqasi markazidagi o’nlab klinikalarni yopib qo’ydi. Xalqaro ko’mak agentligiga tegishli klinikalar minglab aholi, xususan, ayollar va bolalarga tibbiy xizmat ko’rsatar edi.

Shvetsiyaning Afg’oniston bo’yicha qo’mitasi 17-iyul kuni klinikalarining yopilishiga doir bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, Tolibonning bunday qaroriga o’tgan hafta Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining agentlik klinikalaridan biriga uyushtirgan hujumi sabab bo’lgan. Qurolli xurujda klinikaning to’rt nafar shifokori halok bo’lgan. Xodimlardan biri bedarak yo’qolgan.

“Tolibon shu kungacha Vardak viloyatidagi 77 klinikadan 42 tasini yopishga majbur qildi. Natjada 5700 nafar bemor kundalik tibbiy xizmatdan uzilib qoldi”, - deyiladi bayonotda.

“Amerika Ovozi” suhbatlashgan Tolibon vakili Zabihulla Mujohid harakat qaroriga izoh berdi. Unining aytishicha, Afg’oniston hukumati va AQSh kuchlari agentlik klinikasiga 8-iyul kuni birgalikda hujum uyushtirgan. Klinikalar hukumat tarafidagi qo’shinlar tomonidan doimiy ravishda nishonga olinmoqda. Agentlik esa munosib norozilik ham ko’rsata olmadi. Shvetsiya hukumati ham masalaga aralashgani yo’q, deydi u.

“Mahalliy klinikalar assotsiatsiyasi, Vardak viloyati shifokorlari va yordamchi xodimlarining arziga ko’ra, biz Shvetsiya hukumatiga murojaat bilan chiqdik. Klinikalar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun zudlik bilan chora ko’rilishini talab qildik. Unga qadar klinikalarni vaqtinchalik yopishga qaror qildik”, - dedi Mujohid.

“Agar Shvetsiya munosib chora qo’llamasa, Tolibon boshqa xalqaro xayriya tashkilotlariga murojaat qilib, klinikalarni yuritishni so’rashga majbur bo’ladi. Vardak viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko’rsatish bardavom bo’lishi kerak”, - dedi u.

Agentlik direktori Sonni Menson Tolibonni tanqid qilib, qaror inson huquqlari va xalqaro gumanitar qonunlarga zid ekanini ta’kidladi.

“Biz barcha tibbiy punktlarning zudlik bilan ochilishini talab qilamiz. Nizolarga aloqador barcha tomonlardan fuqarolar hayotini xavf ostiga qo’yadigan choralardan yiroq bo’lishni so’raymiz”, - dedi Menson.

Agentlik Afg’onistonning qishloq hududlari, jumladan, Tolibon nazoratidagi joylarda ham tibbiy xizmat ko’rsatadi. Klinikalar olti mingga yaqin mahalliy aholi vakillarini ish bilan ta’minlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG