Breaking News

Uyg’urlar: Taqdirimizga befarq bo’lmagan o’zbeklardan minnatdormiz


Uyg'ur faollari o'zbekistonlik deputatdan minnatdor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:30 0:00

“Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi, Bo’stonliq tuman kengashi deputati Qobil Dusovning Xitoy zulmi ostidagi uyg’urlarni qo’llab-quvvatlashni so’rab Prezident Shavkat Mirziyoyevga qilgan murojaati uyg’ur faollarining olqishiga sabab bo'ldi. Ular O’zbekistonda uyg’urlar taqdiriga doir uzoq yillik sukut buzilganidan minnatdor.

Istanbulda qochqinlikda yashayotgan uyg’ur faollardan biri Abdurahim Poraj “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Xitoy zulmi yuzasidan sukutda bo’lib kelgan qardosh O’zbekistondan chiqqan bunday bayonot uyg’ur jamoatchiligini to’lqinlantirganini aytadi.

O’zining munozarali bayonotlari bilan tanilgan deputat Qobil Dusov o’tgan hafta “Bizning rizqimizni Xitoy emas, Alloh beradi”, deb nomlangan murojaat bilan chiqqan edi.

Dusovning murojaatida “Bir vaqtlar Turonimizning bir bo’lagi, millatimizning bir parchasi bo’lgan Uyg’uriston hozir zulm ostida... O’zbek, qozoq, uyg’urlardan tashkil topgan bu yurt, u yerdagi musulmonlar xo’rlanmoqdalar. Bu turkiyzabon millatlarning ota yurti O’zbekistondir”, deyiladi jumladan.

Deputat O’zbekiston prezidentida Sharqiy Turkiston taqdiri uchun ma’naviy javobgarlik borligi, Mirziyoyev uyg’urlar masalasida sukutda turgan musulmon davlatlari ichidan birinchilardan bo’lib tashabbus ko’rsatishiga ishonishini bildirgan.

Deputatning bu murojaatiga biror rasmiy munosabat bildirilgani haqida ma’lumot yo’q, ammo bu chiqish matbuotda yoritilishi ortidan jamoatchilikda qizg’in munozaralar boshlab bergan.

Abdurahim Poraj o’zbek jamoatchiligidagi bu munozaralar Turkistonning boshqa davlatlarida ham aks- sado berishiga, Markaziy Osiyo davlatlari Sharqiy Turkiston uyg’urlari haq-huquqlarini himoya qilib chiqishlariga umid qiladi.

Xitoyning ozchilik musulmon aholiga nisbatan mavjud siyosati, xususan, milliondan oshiq etnik turkiy xalqlarni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirgani xalqaro miqyosda noroziliklarga sabab bo'lgan.

Yevropadagi ko’plab davlatlar Xitoyning musulmon uyg’urlarga nisbatan bu siyosatini keskin tanqid qilib chiqishdi, ammo shu bilan bir qatorda aksariyati musulmon davlatlardan iborat boshqa bir guruh BMT Inson huquqlari kengashining 41-yig’ilishida Xitoy siyosatini yoqlab bayonot chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG