Breaking News

Tojik-qirg‘iz chegarasi: prezidentlar muammoni hal qila oladimi?


Qirg'iziston va Tojikiston rahbarlari chegara hududida uchrashmoqda, 2019-yil 26-iyul.

Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegarasidagi uzoq yillik kelishmovchilik ortidan ikki davlat prezidentlari bahsli hududda uchrashdi. 26-iyul kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Vorux qishlog‘iga va Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov qo‘shni Oq-Soy qishlog‘iga tashrif buyurib, mahalliy aholi bilan muloqot o‘tkazdi. Shundan so‘ng prezidentlar ikki qishloq orasidagi yo‘llar tutashgan mintaqada uchrashdi. Birgalikda har ikki qishloq vakillari – oqsoqollar bilan gaplashdi.

Qirg'iziston va Tojikiston rahbarlari chegara ixtiloflari haqida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:46 0:00

Prezidentlar mahalliy aholi bilan suhbatlar paytida qirg‘iz va tojik xalqi do‘stligi va yaxshi qo‘shnichiligini mustahkamlashga qaratilgan chegaradosh viloyatlar hamkorligini rivojlantirish lozimligiga urg‘u berishdi. Oq-Soy va Voruxda yashovchilardan vakillar so‘zga chiqib, o‘z qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatlar afzalliklari haqida gapirdi. Har ikki qishloq yashovchilari mojaroga qayta yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi.

Ikki davlat prezidentlari va hukumat vakillarining muzokaralari Isfara shahridagi "Oriyono" qasrida davom etdi.

"Biz kecha chegara hududida tarixiy uchrashuv o‘tkazdik. Bunaqasi mustaqilligimiz tarixi boshidan beri bo‘lmagan edi. Ishonch bilan aytamanki, bizning uchrashuvimiz ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi qat’iyatli harakatlarning ustuniga aylanadi", - dedi Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov.

Isfarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ikki davlat prezidentlari va hukumat vakillari muzokaralari 27-28-iyul kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l mintaqasi Cho‘lpon-Ota mavzesida davom etdi.

Muzokaralar payti Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov jurnalistlar oldida bergan bayonotida shunday dedi:

"Biz chegara muammosini hal qilishda osondan qiyinga qarab ishlarni olib borishga kelishdik. Ikki taraflama ehtirom va ikki taraf manfaatlarini hisobga olishga ham. Shuningdek, mintaqaning va jahondagi boshqa muammolar, jumladan, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun muhim bo‘lgan energiya va suv masalalarida ham fikr almashdik", - dedi Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekov jurnalistlarga bergan intervyusida.

Prezident Emomali Rahmon ham o‘z bayonotida yaxshi qo‘shnichilikning ahamiyatini qayd etdi.

"Biz Qirg‘iziston bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini izchil mustahkamlashga katta ahamiyat beramiz. Tojikiston Qirg‘iziston Respublikasi bilan siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi",–dedi Prezident Emomali Rahmon.

Prezidentlarning aynan bahsli chegara hududida uchrashishining muhimligi va umuman ikki davlat orasidagi muammoning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ahamiyati to‘g‘risida tojikistonlik siyosiy tahlilchi Ilhom Yusupov shunday deydi:

"Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlarining aynan o‘sha mojarolar bo‘layotgan yerda uchrashuvi juda muhim edi. Har ikki taraf ham o‘sha muammolarni hal qilish uchun bordi, deb o‘ylayman. Har qanday mojaro baribir do‘stlik, o‘z yechimini topish bilan yakunlanadi. Ammo o‘sha yechimlarni uzoqqa tashlamaslik kerak edi. Bu mojarolarning o‘z yechimini topishi Markaziy Osiyo uchun ham juda quvonchli hol. Yaqinda O‘zbekiston bilan Tojikiston munosabatlari yaxshi bo‘lganligi, bugungi kunda Qirg‘iziston bilan yaxshi bo‘layotganligi quvonchli hol. Bu Markaziy Osiyoga ko‘p narsalar olib keladi. Birinchi navbatda integratsiya, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda hamkorliklar, bordi-keldi va boshqa masalalarga ijobiy natija beradi. Markaziy Osiyoning 70 millionlik aholisi bir bo‘lsa, iqtisodiy, siyosiy masalalarni bemalol hal qiladigan, har qanday g‘oyaga g‘oya bilan javob beradigan hudud paydo bo‘ladi. Lekin buni xohlamaydigan kuchlar ham bor", - deydi u.

Unga ko'ra, hali yechim haqida aniq ma'lumot berilmadi.

"Yechim hali ochiqlangani yo‘q. Aniq variant topilmayapti. Bu tarafning taklifiga u taraf ko‘nmaydi, u tarafning taklifi bularga ma'qul emas. Anklav hududlarda yechim qiyin bo‘layapti", - deydi u.

Kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, ikki prezidentning uzoq yillardan beri mojarolarga sabab bo‘layotgan bahsli hududdagi uchrashuvi ramziy ahamiyatga ega. Davlat rahbarlari yaxshi qo‘shnichilik an’analari va do‘stlikni targ‘ib qilishga harakat qilmoqda. Ammo bu yerda quruq so‘z ortiqcha, allaqachon amaliy harakat qilish kerak; aks holda qon to‘kilishi davom etaveradi, deydi ular.

"Bizga chegara masalasini echib berishsin", deydi mahalliy aholi vakillari. Ammo har ikki davlat Prezidentlari va Hukumat mas’ullari uch kunlik muzokaralar yakunida delimitatsiya va demorkatsiya ishlarini zudlik bilan davom ettirish kerak, degan qarorni takrorlashdan nariga o‘tishmadi. Muammoni aynan qaysi yo‘l bilan echish noaniqligicha qolmoqda.

Ayni paytda sobiq siyosatchi va siyosiy tahlilchilar chegara muammosini hal qilishning bir necha yo‘lini taklif etishmoqda.

"Muammoni yechishning bir necha yo‘li bor. Masalan, Isfaradan Chorkuhga borayotganda kichkinagina qishloq bor. Ilgari Qara-boq deyilardi. Hozir Do‘stlik deyishadi. Tojiklar Do‘stlikka bormay Chorkuhni Isfara bilan bog‘laydigan ko‘prik qurgan. Ana shu yerni, Do‘stlikni tojiklarga berib, u yerdagi xo‘jaliklarni Machayga ko‘chirish mumkin. Ya’ni, hududni almashtirish mumkin. Bu bir variant. U delimitatsiya va demarkatsiya qilishning bir yo‘li. Agar muammo hal qilinmasa, to‘qnashuvlar davom etaveradi", - deydi qirg‘iz siyosatchisi, 1999-2003-yillarda Botkent oblasti gubernatori bo‘lgan Mamat Aybalayev.

Sobiq gubernator fikriga ko‘ra, muammo hozir hal qilinmasa, yillar o‘tishi bilan sobiq Ittifoq davrida yashagan avlod o‘tib borar ekan, muammoni hal qilish qiyinlashib boraveradi.

Aybalayevning aytishicha, uzoq yillardan beri cho‘zilib kelayotgan muammoni birgina prezidentlar uchrashuvi bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ammo ikki taraf harakat qilib muammoni hal qilsa, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari tarixda yaxshi nom bilan qoladi.

Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi chegaralar o‘tgan asrning yigirmanchi va elliginchi yillarida ikki marta aniqlab chiqilgan.

Kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotgan masala ham shunda. Rasmiy Dushanbe 1920-yillardagi kartaga tayanib, chegaralar belgilanishini talab qilsa, Bishkek 1950-yillardagi taqsimlanishni e’tirof etmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG