Breaking News

Xitoy lagerlardagi ko'plab uyg'urlarning ozod qilinganini da'vo qilmoqda


Shinjon avtonom viloyatining Qashqar shahri

Xitoy rasmiylari uyg'urlar masalasida hukumat yuritayotgan siyosatni yana bir bor himoya qilib, qayta tarbiyalash markazlari diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda samarali ishlayotganini ta'kidladi.

Huquq tashkilotlari hamda G'arbdagi ko'plab davlatlar Xitoyning Shinjon viloyatida ozchilik musulmon elatlar majburan saqlanayotgani va inson huquqlari keskin toptalayotgani haqida aytib keladi. BMT ma'lumotiga ko'ra, bir million atrofidagi odam lagerlarda saqlanmoqda.

Xitoyga ko'ra, bu lagerlar qayta tarbiyalanish markazlari bo'lib, u yerda ish malakalari o'rgatiladi hamda ekstremizga qarshi kurashda bu samara bermoqda. Pekin, shuningdek, markazda saqlanganlarning ko'pi ozod qilinganini e'lon qildi.

"Tarbiya markazlari bitiruvchilarining ko'pi jamiyatga qayta integratsiya qilindi", - dedi Shinjon gubernatori Shuhrat Zokir.

"Bitiruvchilarning 90 foizdan ortig'i yaxshi daromadga ega qoniqarli ish topdi", - deya qo'shimcha qildi u.

Rasmiylar lagerda saqlanganlarni talaba deb atamoqda.

"Individual mamlakatlar va ommaviy axborot vositalarining yashirin maqsadlari bor; yaxshi va yomonni aralashtirib, Xitoyni qoralash va unga zarar yetkazishga urinishdi", - dedi Shinjon rahbarlaridan yana biri Alken Tuniaz.

Jahon uyg'urlar kongressi so'zlovchisi Dilxat Raxitning aytishicha, Shinjon hokimi Shuhrat Zokir Xitoy yolg'onlarini tarqatish uchun ishlatiladigan "siyosiy mikrofon"dir.

"Shuhratning aytganlari Xitoyda uyg'urlarning doimiy tazyiq ostiga olinayotganini aks ettiruvchi voqelikni mutlaqo buzib ko'rsatadi", - dedi u.

BMT Inson huquqlari kengashining 41-yig’ilishida BMT a’zolaridan 22 davlat, asosan, G’arb o’lkalari, Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati tanqid ostiga olingan murojaat bilan chiqqan edi.

Ammo Inson huquqlari kengashi yig’ilishi BMTga a’zo 37 davlat tomonidan Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati qo’llab-quvvatlangan bayonot imzolanishi bilan yakunlangan.

Bu bayonotga imzo chekkan davlatlar qatorida Rossiya, aksariyati musulmon Yaqin Sharq davlatlari, xususan, Tojikiston va Turkmaniston bor.

O'zbekistondagi mahalliy saytlarning yozishicha, bayonotga O'zbekiston ham qo'shilgan, ammo bu haqda rasmiy izoh berilgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG