Breaking News

AQSh Xitoy kompaniyasini uyg'urlar ustidan nazoratga sheriklikda ayblamoqda


Xitoy qamoqxonasida saqlanayotgan taniqli uyg’ur olimi va iqtisodchisi Ilhom To’xtining qizi Javhar Ilhomning aytishicha, Xitoy hukumati g’arbdagi Shinjon viloyatida yashovchi uyg’ur va boshqa musulmon elatlar hayotini nazorat qilish uchun ilg’or texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

AQSh Xitoy kompaniyasini uyg'urlar ustidan nazoratga sheriklikda ayblamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

AQSh hukumati nazorat kameralarini ishlab chiqaruvchi Xitoy kompaniyasini qora ro’yxatga kiritish ustida o’ylanmoqda. “Xikvijn” (Hikvision) mahsulotlari tarbiya lagerlarida o’rnatilgani aytilmoqda.

Turli manbalarga ko’ra, bunday lagerlarda bir milliondan ziyod musulmonlar saqlanmoqda. Xitoy ularni o’quv va hunar markazlari deb ataydi, biroq tanqidchilar nazarida, u yerlarga tushgan odamlar o’zligi, madaniyati va dinidan ayrilmoqda.

Hukumat 2014-yilda Ilhom To’xtini bo’lginchilikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Uning qizi otasiga qo’yilgan ayblovlarning asossiz va uydirma ekanini aytadi.

Javhar Ilhomning aytishicha, Shinjon aholisining kundalik hayoti nazorat ostida.

“Bir yil oldin bir tanishim mintaqaga borgan edi. Pasport nazoratidan o’tganida chegarachining ekranida shaharning turli joylarida tushirilgan suratlariga ko’zi tushib qoldi. Uzluksiz kuzatishar ekan”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar “Hikvision” kompaniyasi ishlab chiqargan nazorat kameralari uyg’urlar saqlanayotgan lagerlarda o’rnatilganini aytib, unga nisbatan eksport cheklovlarini kuchaytirmoqchi.

"Kongressda Xitoy kompaniyalariga qarshi bir necha qonun loyihasi aylanyapti. “Hikvision” masalasi alohida xavotirga moliklardan”, - deydi AQShning diniy erkinlik bo’yicha elchisi Sem Braunbek.

Javhar Ilhomning aytishicha, qayta tarbiyalash lagerlari faoliyatiga hissa qo’shayotgan barcha kompaniyalarga qarshi chora ko’rish kerak.

“Oziq-ovqat kompaniyasi bo’ladimi, texnologik kompaniyami, kamera ishlab chiqaradigan kompaniyami, kattami, kichik, farqi yo’q – konsentratsion lager yaratilishida qo’li bor kompaniyalarning barchasini Amerika boykot qilishi kerak”, - deydi u.

Pekin uyg’urlar diniy huquqlari poymol etilayotgani haqidagi da’volarni inkor etadi.

“Qo’shma Shtatlardan Xitoy diniy siyosati va Xitoydagi diniy erkinlik darajasiga to’g’ri baho berishni, din bahonasida boshqa mamlakatlar ichki ishlariga aralashishni to’xtatishni talab qilamiz”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Lu Kan.

Prezident Donald Tramp yaqinda Oq uyda Javhar Ilhom hamda diniy ta’qibga uchragan bir nechta odam bilan uchrashdi. Qo’shma Shtatlar Xitoy rasmiylarining ba’zilarini ham qora ro’yxatga kiritish ustida o’ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG