Breaking News

Salto - balandga sakraydigan mitti robot


Kaliforniyalik olimlar "Salto" nomli kelajak roboti ustida ishlamoqda.

Kaliforniyadagi laboratoriyada olimlar robotlarning harakatlanishiga doir yangi kashfiyotlar ustida ishlamoqda. Sakrash, o'rmalash yoki uchish bo'yicha hayvonlardan namuna olinmoqda. Salto ana shunday yangi avlod robotlaridan biri.

Bu mitti robotning ishi sakrash. Uning ismi Salto. Tadqiqotchilar u orqali kelajak robotlari qanday harakatlanishini o'rganmoqchi.

"Hayvonlar nega bu qadar yaxshi harakatlanishini ko'proq o'rganib, ularni robotlarimizda sinab ko'rsak, yaxshiroq robot yasash imkoniyatimiz oshadi", - deydi Kaliforniya universiteti professori Ron Fiering.

Hayvonlar harakatini kuzatish orqali tadqiqotchilar uchadigan, yuradigan va sakraydigan robotlarni yaratmoqda.

"Qimirlaydigan oyoqning o'zi sakrovchi robot yasash uchun yetarli emas. Muhim narsalardan biri shuki, oyoqning elastikligini hayvonning og'irligiga moslash kerak", - deydi Fiering.

Saltoni yaratish uchun olimlar Senegal galagosining oyoq va muskullari qanday ishlashini o'rgandi.

Jajji robotga sensor, kompyuter ulandi va unga o'zini erkin tutish, muvozanatini saqlash va oyog'ini bukish o'rgatildi.

"Biz qilgan yangi narsa shuki, robot kompyuter va sensorlar yordamida tortish kuchiga nisbatan o'zining muvozanatini yoki harakatini muvofiqlashtiradi", - deydi tadqiqotchi Jastin Yim.

Yim boshqaruv tutqichi yordamida Saltoga buyruq beradi. Qolganini robotning o'zi bajaradi. Robot notekis joylarda ham sakray olishi uchun tadqiqotchilar endi olmaxonning daraxtdan daraxtga qanday o'tishini o'rganmoqda. Bu amalga oshsa, odamlar bora olmaydigan joylarda ham robotlardan foydalanish mumkin.

"Robot kutilmagan joyga tushib qolsa, nima qiladi? Imkoniyatlari qanchalik cheklangan? Qachon o'zini qo'lga oladi; qachon yiqiladi degan savollarga javob topishimiz kerak", - deydi Fiering.

Saltoni tomosha qilish maroqli. U kelajak robotlarining birinchi avlodi bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG