Breaking News

Afg’onistonlik yoshlar O’zbekistonda


Afg'onistonlik yoshlar O'zbekistonda
Afg'onistonlik yoshlar O'zbekistonda

Afg’onistonlik bir guruh o’zbek yoshlari O’zbekistonning Surxondaryo viloyatida bo’lib, mahalliy yoshlar bilan muloqot o’tkazdi. Ular qadimiy obidalar, diqqatga sazovor joylar, muzey va kutubxonalarni ziyorat qilgan.

Uchrashuvlar O’zbekiston Yoshlar ittifoqi va O’zbekitson Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamkorligida uyushtirilgan.

O’zbekiston Yoshlar ittifoqining Surxondaryo viloyati kengashi yetakchi a’zosi Sohiba Samadovaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, safar davomida ikki davlat yoshlar tashkilotlari o’rtasida hamkorlik va aloqalarni oshirish bo’yicha memorandum imzolangan.

Safardan maqsad ikki davlat yoshlari o’rtasida do’stlik aloqalarini yaxshilash, mushtarak ijtimoiy-madaniy faoliyatlar olib borish ekani ta’kidlanmoqda.

Mehmonlar Surxondaryo viloyatida joylashgan madaniy meros, muzey va kutubxonalar bilan tanishgan; konsertlar, ko’ngilochar dasturlarda qatnashgan.

“Ushbu tashrif yoshlar tashkilotlari uyushtirayotgan birinchi do’stlik uchrashuvi bo’lib, kelajakda davom etadi”,- deydi Sohiba Samadova.

Balx viloyatidagi yoshlar tashkilotining yetakchi a’zolaridan bo’lgan Parisa Begim Shamsning ta’kidlashicha, O’zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik endi boshlangan bo’lishiga qaramay aloqalar ancha samimiy.

“To’siqlar olib tashlanib, ikki davlat yoshlari bemalol uchrashishi uchun sharoit yaratilganidan mamnunmiz. Ijtimoiy-madaniy hamkorliklarimiz yana-da rivojlanadi, degan umiddamiz”,- deydi Parisa Begim.

Afg’onistonlik Amina Bilimsevar O’zbekistonlik yoshlar tomonidan qizg’in kutib olingani, yoshlar tomonidan uyushtirilgan anjumanlarda qatnashib taassurotlar orttirganidan mamnun.

“Bugun O’zbekistonda bo’lib, tengdoshlarimiz bilan ushrashib, fikr almashib, ajdodlarimiz qabrlarini birgalikda ziyorat qilayotganimdan juda xursandman. Rishtalarimiz yana-da kuchaysin”,- deydi Amina Bilimsevar.

Joriy yilning 21-22-may kunlari rasmiy tashrif bilan Afg’onistonga kelgan O’zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Murodilla Alimbayev Mozori sharifda mahalliy rasmiylar va yoshlar bilan muloqotda bo’lib, maktab va oliygohlar uchun mo’ljallangan kitoblar olib kelgan edi. Mazkur safarda Alimbayev afg'on yoshlarining fikr-mulohazalari, takliflari bilan tanishgan edi.

Murodillah Alimbayev hozirgi uchrashuvlar may oyida kelishilgan mavzulardan ekanini bildirdi.

So’nggi yillar Afg’oniston-O’zbekiston o’rtasida ilmiy, madaniy va ijtimoiy mavzularni qamrab olgan qator uchrashuvlar bo’lib o’tmoqda.

O’zbekiston Afg’oniston xalqiga tinchlikni ta’minlash, iqtisodiy barqarorlik, tijorat-tranzit kabi bir qator yo'nalishlardagi loyihalarni amalga oshirishda yordam ko'rsatmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG