Breaking News

AQSh-Shimoliy Koreya muzokaralari bosh berk ko'chada qolmoqda


Shimoliy Koreya raketa sinovini o'tkazmoqda, 2019-yil, 11-avgust.
Shimoliy Koreya raketa sinovini o'tkazmoqda, 2019-yil, 11-avgust.

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Ri Yong Xo Pxenyanning Vashington bilan muzokaralarni qayta tiklashga qiziqishi yo'qligini namoyish qildi. "Shimoliy Koreya muloqotga ham, to'qnashuvga ham tayyor", dedi u.

Koreya Markaziy Axborot agentligi bilan suhbatda diplomat Pxenyan AQShga uzoq vaqt mobaynida eng yirik tahdid bo’lishini aytdi. Vashingtonni Shimoliy Koreyaga yangi sanksiyalar qo’llamaslik borasida ogohlantirdi.

Shu nuqtai nazardan, AQSh-Janubiy Koreya qo’shma harbiy mashg’ulotlari ortidan kutilgan Vashington-Pxenyan muzokaralari boshi berk ko’chada qolmoqda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un unga yo’llagan maktubida raketa sinovlarini to’xtatishga va’da berganini ta’kidlagan. Shuningdek, Tramp Kim Chen Unning Janubiy Koreyadagi mashg’ulotdan keyin muzokaralarga kirishishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Mashg’ulotlar 20-avgust kuni yakuniga yetdi. Biroq Shimoliy Koreya qo’shma mashg’ulotlar o’tkazilganini tanqid qilmoqda. Shuningdek, Pxenyan Seulning AQSh harbiy samolyotlarini xarid qilganiga jiddiy e’tiroz bildirmoqda.

AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus elchisi Stefen Bigan 20-avgust kuni Pxenyan hanuz sukutda ekanini tasdiqladi.

Biroq Janubiy Koreya rasmiylari, xususan, Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi o’rinbosari Kim Xyun Chong muzokaralardan umidini uzmagan.

Shimoliy Koreya yadroviy muzokaralar uchun AQShga joriy yil so’ngiga qadar muhlat bergan. Pxenyan Vashingtondan sanksiyalarni yumshatish va xavfsizlik bo’yicha kafolat berishini talab qilgan. O’z navbatida AQSh Pxenyan yadroviy dasturini to’liq to’xtatmaguncha sanksiyalarni yengillashtirmasligini bildirgan.

May oyidan buyon Shimoliy Koreya sakkiz marta raketa uchirdi. Muzokaralardan umidvor Tramp raketalar AQSh uchun xavfsiz ekanini ta’kidlagan.

Tanqidchilarga ko’ra, Vashingtonning bunday munosabati Shimoliy Koreyaning qisqa masofali raketalarni uchirishda davom etishiga zamin yaratadi. Bunday raketalar AQSh uchun tahdid bo’lmasa-da, Janubiy Koreyaning istalgan hududini bemalol nishonga olishi mumkin. BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga binoan, Shimoliy Koreyaga ballistik raketalar bilan bog’liq har qanday faoliyat taqiqlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG