Breaking News

Savdo urushi: Xitoyni tark etayotgan zavodlar


Xalqaro hayot: Xitoyni tark etayotgan kompaniyalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00

AQSh va Xitoy o'rtasidagi savdo urushi har ikki mamlakatdagi biznes ahlini sarosimaga solmoqda. Boshqa davlatlar esa bundan unumli foydalanish harakatida.

"Pedego" kompaniyasi bosh ofisida ish qizg'in. Kompaniya elektrda yuradigan velosipedlarni ishlab chiqaradi. Ehtiyot qismlarning 80 foizi Xitoydan kelardi. Hozir unday emas.

"Hozir 70 foizi Vyetnamdan, 30 foizi Tayvandan kelyapti", - deydi kompaniya rahbari Don Dikostanzo.

Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr velosipedlarga Yevropa Ittifoqi ham tariflarni oshirayotgan bir paytda Vyetnamdagi zavodlarimizni kengaytirmoqchimiz, deydi Dikostanzo. O'tgan yili AQSh Xitoy mahsulotlariga qo'shimcha boj qo'yganda, u bunga tayyor edi.

"Shu bois ishlab chiqarishni tezda ko'paytira oldik. Sentabrda tariflar oshishi bilan velosipedlarni Vyetnamda ishlab chiqarishni boshladik. 2019-yil 1-yanvargacha Xitoyda umuman zavodimiz qolmadi; ishlab chiqarish va ta'minotchilarni to'liq Vyetnamga ko'chirdik", - deydi u.

Savdo urushi tufayli Xitoydan ketayotgan kompaniyalar soni oz emas.

"Eng ko'p foyda ko'rayotgan davlatlar - Vyetnam va Meksika. Imkoniyati kengligi va geografik joylashuvi bo'yicha ular yutyapti. Hamma ularga havas qilyapti", - deydi Milken instituti tadqiqotchisi Kevin Klouden.

2019-yilning birinchi yarmida Meksikadan import qilingan tovarlar o'tgan yilga qaraganda 6 foizga ko'paygan. Vyetnamdan kelgan import hajmi esa 33 foizga oshgan.

"Vyetnam hukumati ko'chayotgan zavodlar uchun sharoit yaratib berish bo'yicha ajoyib ishlar qildi. Ular o'zlarini Xitoyga to'g'ridan-to'g'ri raqobatchi sifatida ko'rsatmoqda, ayniqsa, narx masalasida", - deydi Klouden.

"Yaxshi tajriba bo'ldi. Vyetnamdan yanada sifatli mahsulotlar olyapmiz", - deydi Dikostanzo.

"Janubi-sharqiy Osiyoda Malayziya, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar ham foyda ko'ryapti. Bangladesh va Hindiston ham arzon ishlab chiqarishni taklif qilish salohiyatiga ega", - deydi ekspert Klouden.

Lekin global iqtisodiyotda ishlab chiqarish tez-tez o'zgarib turadigan biznes.

"Ishlab chiqarish muddati mahsulot umri bilan bog'liq. Kimdir tovarning yangi avlodini yaratsa, ishlab chiqarish o'sha yerga ko'chadi", - deydi tahlilchi.

Buning uchun ishlab chiqarish arzon; iqtisodiy va siyosiy muhit esa barqaror bo'lishi kerak.

"Ko'plab kompaniyalar bozorga yaqinligi va barqarorlik tufayli ishlab chiqarishni AQShga ko'chirish niyatida. Bugun AQShdagi zavodlarda 20-30 yil oldingiga qaraganda kamroq odam ishlaydi", - deydi Klouden.

Kelajak zavodlari shunday bo'ladi. Avtomat va robotlar AQSh ishlab chiqaruvchilarining raqobatbardoshligini oshirishi mumkin.

"Bu robotlarga ko'p ishlagani uchun ortiqcha to'lamaysiz, ular dam olmaydi, 24 soat muntazam ishlaydi. Robotlashtirish va ularning samaradorligi narxlarni tushirishi mumkin", - deydi tadbirkor Dikostanzo.

Dikostanzo velosiped qismlarini 10 yilga tariflardan ozod qilish talabini olg'a surayotgan koalitsiya a'zosi. Agar bu taklif ma'qullansa, velosiped ishlab chiqaruvchi zavodlar AQShga qaytishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG