Breaking News

Sobiq deputat: Mirziyoyev hokimiyati Karimov tuzumiga yaqinlashmoqda


Nasrullo Sayyid
Nasrullo Sayyid

Oliy Majlisning sobiq deputati Nasrullo Sayyid O’zbekiston parlamenti uchun kutilayotgan saylovlar mamlakatda biror o’zgarish yasashiga ishonmaydi. O’zgarishlar qonunchilikka emas, siyosiy irodaga bog’liq qolayotgani bunga sabab, deydi u.

Yana bir haftadan so’ng O’zbekiston parlamenti uchun saylovlar kampaniyasiga rasman start berilishi kerak, ammo bu saylovlar hozirdanoq kuzatuvchilarda ham, sobiq deputatlarda ham ishonch uyg’otayotgani yo’q.

O'zbekistondagi parlament saylovlari haqida sobiq deputat fikri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:49 0:00

Uch oy davom etadigan saylov kampaniyasida kimlar ishtirok etishi ma’lumligi, siyosiy maydonda yuz ko’rsatishi mumkin bo'lgan yangi nomlarga cheklovlar mavjudligi haqida xabarlar bor.

Bu xulosalar O'zbekiston parlamentining ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan sobiq deputati Nasrullo Sayyidga tegishli.

Nasrullo Sayyid sobiq prezident Islom Karimov davridagi tazyiqlar tufayli mamlakatni tark etgan, Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishini katta umid bilan kutib olgan muxolifatchilardan biri.

Ammo O’zbekistonda hokimiyat almashishidan uch yil o’tib, sobiq deputatning umidlari so’nib bo’lgan, ayniqsa, vataniga qaytgan muxolifatchi Toshkent aeroportidan yana ortga badarg’a qilingani ortidan.

Bundan qat’i nazar, Nasrullo Sayyid O’zbekistondagi vaziyatni kuzatishda davom etmoqda, jumladan, yaqinlashayotgan saylov kampaniyasini ham.

“Biror o’zgarish kutayotganim yo’q, chunki saylov bunaqa bo’lmaydi, kampaniya bir-bir yarim yil oldin boshlanishi kerak. Dunyoning qaysi mamlakatiga qaramang, haqiqiy saylov shu tartibda, qizg’in, oshkora o’tadi. O’zbekistonda esa saylov deyish qiyin. Birinchidan, muddat juda qisqa, uch oy. Bu muddatda batafsil targ’ibotga ulgurilmaydi.Ya’ni Karimov davridagi aldoqchi saylovlardan yana bittasi bo’lib o’tadi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ko'zga ko’ringan blogerlar bor, lekin ular ham asosan ijtimoiy, diniy masalalarni yoritish bilan tanilgan, siyosiy kurashni emas. Umuman, saylovda demokratik prinsiplarga ko’ra raqobat kutilayotgani yo’q, faqat ijtimoiy muammolar bo’yicha bahslar yuritilishi, bunga demokratik niqob kiygizishga harakat bo’lishi mumkin”, - deydi Nasrullo Sayyid.

O’zbekiston parlamenti uchun saylovlarda mamlakatdagi beshta rasmiy partiya ishtirok etdi. Saylov kampaniyasi arafasida bu partiya lederlari bilan suhbat o’tkazgan Prezident Mirziyoyev saylovlar demokratik tamoyillarga mos, haqiqiy raqobatni namoyish etgan holda o’tishi lozimligi haqida gapirgan edi.

O’zbekistondagi mavjud partiyalarning siyosiy yo’nalishida deyarli farq kuzatilmaydi. Ularning hammasi prezidentni qo’llab-quvvatlaydi, amaldagi hukumat bilan raqobatga kirishuvchi siyosiy kuch yo’q.

Parlament saylovlari arafasida siyosiy kuchlarning bu tartibida biroz o’zgarish yasalishiga ishonch kam.

“Muxolifat sun’iy yo’l bilan yaratilmaydi, mayli, uni shunday deb atasa ham. Siyosat bu qalbning da’vati, shu yo’l bilan inson siyosatga keladi. Ya’ni muxolifat buyurtma bilan maydonga kelmaydi, uning yuzaga chiqishi, toblanishi uchun siyosiy muhit zarur. Bunday muhit bo‘lmagan bir sharoitda muxolifat yasashga urinish behuda ish. Hozirgi sharoitda haqiqiy muxolifatga aylanish istagidagi odamlarga yo’l yo’q. Hukumat mard bo’lsa, shunday odamlarga sharoit yatarib berishi kerak. Masalan, Anvar Nazirga o’xshagan faollar turli tadbirlar o’tkazib turishibdi, shularning yo’lini ochib bersin. Hozircha esa muxolifatchilar hammasi chetda, mamlakatning ichidagi muxoliflarga esa hukumat imkoniyat bermoqchi emas”, - degan fikrda Nasrullo Sayid.

O’zbekistonning amaldagi parlamenti uchun saylovlar 2015-yilda o’tkazilgan edi. Karimovning vafoti ortidan mamlakatda prezidentlik saylovlari muddatidan avval o’tkazildi. Buning ortidan parlament uchun ham muddatidan avval saylovlar o’tkazish haqida talablar yangradi, ammo ular inobatsiz qoldirildi.

2016-yil muddatidan avval o’tgan prezidentlik saylovlarida amaldagi beshta partiya o’z nomzodlari bilan qatnashdi, ammo O’zbekiston liberal demokratlar partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyevning mutlaq g’alabasi bilan tugagan bu saylovlar raqobatdan uzoq baholangan edi.

Prezidentlikka kirishgan Mirziyoyev barcha sohada islohotlar o’tkazish va’dasini berdi, lekin siyosiy tuzum o’zgarishsiz qolayotgani aytilmoqda.

“Mirziyoyev hokimiyatga kelganida menda ham umidlar paydo bo’lgan edi, men shu umid bilan O’zbekistonga bordim. Xabaringiz bor, qaytarib yuborishdi. Qaytib kelganimdan so’ng ham umid bilan siyosatni kuzata boshladim. Lekin hozirgi vaziyatda menda umid deyarli qolmadi, hozirgi hukumatga Karimov tuzumiga qanday qaragan bo’lsam, shunday qaray boshlayapman. Chunki shu uch yillik kuzatishlar O’zbekistonda aniq o’zgarishlar bo’lishni ko’rsatmayapti. Faqat kosmetik o’zgarishlar qilinyapti, gapirilyapti, lekin hayotda, siyosatda aniq o’zgarishlar yo’q. Shuning uchun ham mening umidlarim o’lib boryapti”, - deydi Nasrullo Sayyid.

O’zbekiston parlamenti uchun saylovlar qonunchilikka ko’ra dekabr oyida o’tishi belgilangan. Jamoatchilikda bu saylovlar sobiq tuzum davrida shakllangan parlamentni mutlaqo yangilashi kerakligi haqida chaqiriqlar mavjud.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG