Breaking News

Andijonlik bloger qamoqda ekani haqida nega bunchalik sukunat?


Andijonlik blogger Nodirbek Hojimatov mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdirlagan hokimlarni tanqidga olgan, aynan haqoratlari va ko’zbo’yamachiligi bilan tanilgan hokimlarning mukofotga loyiq emasligi haqida yozishi ortidan hibs qilingan.

Tanqidiy chiqishi uchun 10 kunlik qamoq jazosini o’tayotgan bloger Nodirbek Hojimatovning ishi O’zbekistonda faollashayotgan blogerlar uchun xavotirli ishora. Ammo mahalliy matbuot ham, blogerlar ham Hojimatov ishiga befarq qolayotgani bu ishorani yanada tashvishli ko'rsatayotgandek. Markazi AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) Hojimatovni zudlik bilan ozod eting, deya yaqinda bayonot berdi.

CPJ: Andijonlik bloger qamoqda ekani adolatsizlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:46 0:00
Yuklab oling

Nodirbek Hojimatov o’zbek matbuoti va blogerlari faoliyatida boshlangan nisbiy erkinliklar davrida ma’muriy qamoq jazosiga loyiq ko’rilgan faollardan biridir.

Bungacha turli ijtimoiy muammolarni ko’targan, diniy mavzuni faol yoritgan bir guruh blogerlar 10 kundan 15 kungacha qamoq jazosini o’tab chiqishgan edi.

Bu blogerlarning aksariyati hokimiyat vakiliga to’sqinlik qilish kabi asl mohiyatdan uzoq mavhum ayblar bilan jazoga tortilgan bo’lsa, Hojimatov misolida da’vogar ham, ayblov ham aniq.

Andijonlik bloger mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdirlagan hokimlarni tanqidga olgan, aynan haqoratlari va ko’zbo’yamachiligi bilan tanilgan hokimlarning mukofotga loyiq emasligi haqida yozishi ortidan hibs qilingan.

“Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan Andijon viloyat hokimi, “Sodiq xizmatlari uchun” mukofoti bilan taqdirlangan Shahrixon tuman hokimi vakillari blogerga nisbatan shaxs qadr-qimmatini kamsitish, haqorat qilish da’vosi bilan chiqishgan.

Hojimatov Prezident Mirziyoyevga ochiq murojaat shaklida yozilgan bu chiqishida mukofotlangan hokimlar aholini so’kishi, zo’rlik ishlatishi bilan tanilganiga, ular faoliyati mukofotga emas taftish o’tkazishga, javobgarlikka loyiqligi haqida yozgan.

12-sentabr kuni 10 kunlik qamoqqa tashlangan blogerning taqdiri mahalliy matbuotda ham, blogerlar doirasida ham muhokama qilinayotgani kuzatilmaydi. Ammo xalqaro tashkilotlar uning taqdiriga befarq emas.

Nodirbek Hojimatov "Facebook"da faol
Nodirbek Hojimatov "Facebook"da faol

AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Hojimatov zudlik bilan ozod etilishi lozimligi haqida tarqatgan bayonotida so’nggi yillarda O’zbekiston hukumati so’z erkinligi huquqini ta’minlash uchun ma’lum qadamlar qo’ygani, ammo blogerning qamoqqa tashlanishi bu huquqdan foydalanish xatarli qolayotganiga ishora ekanligini ta’kidlaydi.

Bloger Abbos Assad - ijtimoiy vaziyatga doir chiqishlari uchun shunday bosimga faollardan biri. U mamlakatda navbatdagi bloger bosimga olingani, bu hodisa matbuot diqqatidan chetda qolayotganini hadik bilan izohlaydi.

“Nega bu masala (blogerni hibsga olinishi) e’tibordan chetda qolayotganini izohlashim qiyin, avvalgi mentalitet, o’zbekchilikmi bu yoki ertaga menga nisbatan ham shu kabi bosim va tazyiqlar boshlanmasin degan hadikmi. Bu ish bo’yicha xolis ma’lumot yo’qligi ehtimol yetarli emasdir. Har holda ajablanarli holat, nima bo’lyapti. Men ham shu kabi bosimni boshdan o’tkazganman, Ma'muriy kodeksga ko’ra bu kabi ishlarda jabrlanuvchining arizasi bo’lishi kerak. Hozirgi holatda aynan Andijon viloyat hokimi, Shahrixon tuman hokimi blogerning ustidan shikoyat kiritgan”, - deydi Abbos Assad.

Hojimatov davlat mukofotiga noloyiqligini qayd etgan hokimlardan biri, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Shuhrat Abdurahmonov Prezident Mirziyoyevning Andijonga tashrifi chog’ida uyushtirilgan ko’zbo’yamachilik, uysiz ayollarga uy berilishi, so’ng bu uylarning ulardan yana tortib olinishiga doir mojaro bilan tanilgan.

Ta’kidlash joiz, mustaqillik bayrami arafasida taqdirlangan hokimlarning aksariyati zo’ravonlik, haqoratlar ishlatishi bilan tanilgan amaldorlar ekanligi jamoatchilikda ancha munozarali kutib olingan edi.

Abbos Assadga ko’ra, o’zbek matbuotidagi bugungi o’zgarishlar, nisbiy uyg’onishlar hamon xavotirli, chunki bu o’zgarishlar qonunchilikka emas, ma’lum bir amaldorga bog’lanmoqda:

“Umuman olganda, oldingi tuzum, rejim yaratib ketgan mexanizm hamon ishlab kelyapti, islohotlar asosan og’zaki ravishda. Hamma narsa yakka bir shaxsga bog’lanmoqda, ma’lum bir amaldorning, rahbarning irodasi bilan amalga oshirilmoqda. Qonunga asoslanib o’zgarishlar bo’layotgani yo’q. Masalan, rahbar odam bularga tegmanglar desa, demak shunaqa bo’ladi. Holbuki ularga tegmaslikning qonuniy asoslari bor, lekin bu asoslar ishlamaydi. Ya’ni ertaga rahbar o’zgarsa, bular hammasi yana chappasiga o’zgarib ketishi mumkin. Deyarli hamma o’zgarishlar ostida aynan shu og’zaki ko’rsatmalar, bitta shaxs irodasiga bog’liqlik, qonunchilik emas”, - deydi Abbos Assad.

O’zbekistondagi mavjud qonunchilik, jumladan matbuot va so’z erkinligi sohasi ham, hamisha, hatto turg’unlik davrida ham demokartik tamoyillarni o’zida aks ettirgan. Ammo qonunlar uzoq yillar amaliyotdan chetda qolgan, davlat idoralari qonunga emas buyruqqa, rejim xususiyatiga tayanib ishlab kelayotgan edi.

Mirziyoyev nomi bilan bog’lanayotgan islohotlarning ko’pi avval qonunchilikda aks etgan, ammo amaliyotsiz qolgan o’zgarishlar sifatida qayd etiladi.

Faollar islohotlar qonun ustuvorligi emas, ko’rsatmalar ustuvorligi tajribasi ostida o’tayotganini xavotirli baholashadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG