Breaking News

Zo'ravonlik, so'kinish, ko'zbo'yamachilik "Mehnat shuhrati"ga eltadimi?


Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev
Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G'aniyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini haqoratlagani, urib-so’kkani bilan tanilgan bir guruh hokimlarni davlat mukofotiga loyiq ko’rgan. Mustaqillik bayrami munosabati bilan bir guruh davlat xizmatchilarini mukofotlash to’g’risida e’lon qilingan farmonga muvofiq, Farg’ona, Andijon, Buxoro viloyati hokimlari turli darajadagi unvonlar bilan taqdirlangan. Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan mulohazalarda haqoratlari bilan tanilgan boshqa amaldorlar mukofotdan quruq qolgani kinoya qilinmoqda.

Hokimlar mukofotga munosibmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:06 0:00

O’zbekistonda hokimlarning ish uslubi Karimov davriga nisbatan jiddiy o’zgarishga yuz tutmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat xizmatchilarini mukofotlashga doir farmoni buning sabablariga ishoradek.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident tomonidan taqdirlangan hokimlarning aksariyati zo’ravonligi, xalqni haqoratlashi, urish-so’kishi bilan nom qozongan viloyat, shahar, tuman rahbarlaridir.

Mukofotga loyiq ko’rilgan hokimlar orasida zo’ravonlikni yig’ishtirib, xalq bilan muloqotni soddalashtirgan hokimlar (Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov) yo’q.

Zo’ravonlik bilan nom qozongan hokimlarning taqdirlanishi kadrlardan sodiqlik talab qilayotgan prezident rahbarlardagi qanday fazilatlarni qadrlayotganidan ham darak beradi.

Prezident farmoniga ko’ra, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning xalqqa nisbatan haqoratlari bir necha bor jamoatchilik e’tiboriga tushgan.

Ayniqsa, hokim Qozog’istonda yonib ketgan 52 nafar mehnat muhojirlari taqdiriga oid Farg’onada o’tgan majlisda toshloqliklarni“haromilar” deb haqoratlashi jamoatchilikni larzaga solgan edi.

Bu haqoratdan so’ng Shuhrat G’aniyevni ishdan olish talab qilingan chiqishlar ham kuzatilgan, ammo hukumat bu talablarni e’tiborsiz qoldirgan edi.

Shuhrat G’aniyev majlislardagi tinimiz haqorati, o’qituvchilarga ko’rsatgan zo’ravonligi, uyi buzilgan fuqarolarni ko’chada qoldirishi, tadbirkorlarga tahdid qilishi bilan jamoatchilik diqqatida bo’lib kelayotgan viloyat hokimlaridan biri.

“Mehnat shuhrati” ordeniga loyiq ko’rilgan yana bir arbob Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov esa prezident Mirziyoyevning Andijonga tashrifi munosabati bilan uyushtirilgan ko’zbo’yamachiliklar,xususan, uysiz ayollarga uy berilishi, keyinchalik ularning bu uydan haydab chiqarilishi bilan bog’liq mojaro markazida turadi.

Shuhratbek Abdurahmonov nafaqat yasama tadbirlar uyushtirish, balki Sog’liqni saqlash vazirligi mutasaddisini keskin haqoratlashi, o’qituvchilar, tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga safarbar qilishi bilan ham tanilgan.

“O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan quruvchi” unvoni bilan taqdirlagan Buxoro viloyat hokimiO’ktam Barnoyev ham zo’ravon hokimlar qatorida qayd qilingan. O’ktam Barnoyev shahardagi madrasa ta’mirini vaqtida amalga oshirmagan ustalarni haqoratlab kaltaklagan, ularning soqolini majburan oldirtirgan edi.

Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik bayrami munosabati bilan hokimlarni taqdirlashi ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado bermoqda. Blogerlar o’z faoliyati davomida aholini haqoratlagan, urib-so’kkan, ariqqa tushirib, tosh ko’tartirish kabi choralarni qo’llagan boshqa amaldorlarni ham sanab o’tishmoqda, ularning mukofotdan quruq qolgani kinoya qilinmoqda.

Ammo bu kinoyalar mustasno qilinsa, hokimlarning qanday xizmatlari evaziga mukofotga loyiq ko’rilayotgani davlat boshqaruvidagi xavotirli ishora sifatida ham baholanmoqda.

Taniqli bloggerlardan biri Dima Qayum mukofotlangan hokimlar asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik diqqatiga tushgani, ularning boshqa samarali ishlari shu parda ortida qolgani ehtimoliga diqqat qaratadi:

“Kimni taqdirlashni rahbarlar hal qiladi, ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklarni men ham o’qidim. Mening fikrimcha, bu hokimlar asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan haqoratlari bilan e’tiborga tushdi, jamoatchilik ishonchini yo’qotdi. Ayniqsa, snoslar, haqoratlar mavzusida. Shu narsa ushlab olindi. Qolgan yaxshi ishlari ham shuning ortida qolib ketgandek. Albatta jahl kelganda har narsa deyish mumkin. Xullas, ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy e’tirozlar snoslar va haqoratli audio yozuvlarga bog’liq. Buning natijasida xalqning ishonchi so’ngan, qilgan yaxshi ishlari ham ko’rinmaydi, tarmoqda esa tanqidiy mavzular tez trend bo’ladi”, - degan fikrda Dima Qayum.

O’zbekiston mustaqilligi bayrami munosabati bilan turli soha vakillarini mukofotlash bayram arafasidagi an’analardan biri. Prezident Mirziyoyev avvalroq fan va madaniyat sohasi, harbiy xizmatchilar va huquq tartibot idoralari vakillarini mukofotlash to’g’risidagi farmonlarga imzo chekkan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG