Breaking News

AQSh Afg'onistonga moliyaviy ko'makni qisqartirdi


Afg'onistonda qurilish loyihalari. Kobul, 27-mart, 2019.

AQSh Afg’onistonga ajratilgan 160 million dollardan ziyod moliyaviy ko’makni qisqartirdi. Rasmiylar qarorni Afg’oniston hukumatining o’z fuqarolari va global jamiyat qarshisidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgani bilan izohladi.

“Biz AQSh ko’rsatayotgan moliyaviy ko’mak Afg’onistonda xususiy sektorni rivojlantirishga xizmat qilishini nazarda tutganmiz. Afg’oniston suveren davlat sifatida boshqaruvning samarali yo’liga o’tishini istaymiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi yordamchisi vazivasini bajaruvchi Elis Uells.

Shuningdek, bizning Afg’onistonga ko’magimiz darajasi global tahdidlarni hisobga olgan holda belgilanadi, dedi Uells.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo moliyaviy yordamni qisqartirishga Afg’oniston hukumatidagi korrupsiyani sabab qilib ko’rsatdi. Pompeo afg’on hukumati faoliyatida shaffoflik yo’qligini tanqid ostiga oldi.

“Biz o’z mansabini suiiste’mol qilib, afg’on xalqini xorijiy yordam va taraqqiyotdan benasib qoldirayotgan rasmiylarga qarshimiz”, - dedi davlat kotibi.

AQSh Afg’onistonga energetika sohasi uchun 100 million dollar ajratgan. Yana 60 million dollar ajratish rejalangan edi.

Pompeo AQSh loyihani yakuniga yetkazishini bildirgan. Biroq loyihaga ajratilgan mablag’ni Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani ma’muriyati nazorat qilmaydi. Davlat kotibi G’ani ma’muriyatini AQSh resurslarini boshqarishda shaffoflikdan yiroq ishlayoganiga e’tiroz bildirdi.

AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi vakili Karen Frimanga ko’ra, qisqartirishlar Afg’onistonni barqarorlashtirishga qaratilgan resurslar tahlili natijasi bo’lgan.

Prezident Donal Tramp Tolibon rasmiylari va Afg’oniston rahbari Ashraf G’anini AQShda Kemp Devid qarorgohida muzokara o’tkazish uchun chorlagan edi. Maxfiy rejaning bekor qilinishiga Tolibonning Afg’onistonda hujumlarni to’xtatmagani va bir AQSh askarining o’ldirilgani sabab bo’lgan. Voqealar ortidan Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Eliot Engel Tramp ma’muriyatining Afg’oniston siyosati bo’yicha tinglov o’tkazilishini talab qilgan edi.

Tinglov oldidan AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod qo’mita vakillariga boshi berk ko’chaga kirib qolgan muzokaralar va Tramp ma’muriyatining kelgusi rejalari haqida yopiq eshiklar ortida hisobot bergan.

Engel 19-sentabr kuni Xalilzodga chaqiriq qog’ozini taqim etgan. Diplomat qonunchilar oldida javob berishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG