Breaking News

Jurnalist Jamol Qoshiqchining o'ldirilganiga bir yil bo'ldi


Saudiya Arabistonilik jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirlanmoqda.
Saudiya Arabistonilik jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirlanmoqda.

Saudiyalik faol va "Vashington Post" gazetasi sharhlovchisi Jamol Qoshiqchining o'ldirilganiga bir yil to'ldi. BMT maxsus tergovchisi va Qoshiqchining qallig'i dunyo ahlini amaliy choralar ko'rishga chaqirmoqda.

2018-yil 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonini tanqid qilishi bilan tanilgan va AQShda istiqomat qiluvchi jurnalist Jamol Qoshiqchi Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya konsulligida vahshiylarcha o'ldirilgan edi. Turkiya maxsus xizmatlari tomonidan o'rganilgan audio yozuvning ko'rsatishicha, Qoshiqchi Saudiya xavfsizlik agentlari tomonidan boshiga plastik qop kiydirib hushidan ketkazilgan va so'ng tanasi kesib maydalangan.

Bu qotillikka buyruq berganlar hanuz jazolanmagan.

"Agar shu narsa boshqa davlat tomonidan qilinganda nima bo'lardi?", - deya so'raydi marhumning qallig'i Hadicha Chengiz.

Uning "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida aytishicha, AQSh va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi neft va qurol savdo bo'yicha kelishuvlar Qoshiqchi o'limining e'tiborsiz qolishiga sabab bo'lgan.

Jamol Qoshiqchining qotili jazolandimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

"Dunyo bilib qo'ysin, siyosiy va iqtisodiy qudrat, energiya manbalarini nazorat qilish qotillikning jazosiz qolishiga sabab bo'lmasligi kerak. Ko'plab davlatlar bu sinovdan o'ta olmadi", - dedi u.

Qoshiqchi bo'yicha BMT hisobotini yozgan maxsus tergovchi Agnes Kallamardning aytishicha, jurnalistning oldindan rejalangan o'limida Saudiya Arabistoni davlati aybdor. U valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va boshqa yuqori lavozimli rasmiylarni tergov qilishga chaqirgan edi.

O'tgan yili dekabr oyida AQSh Senati Qoshiqchining o'limida Salmonni aybdor deb topish haqida rezolyutsiya qabul qilgan edi. Ammo Prezident Donald Tramp shahzodani himoya qilib, AQSh-Saudiya biznes hamkorligini buzishni istamadi.

"Shu paytgacha hech kim to'g'ridan to'g'ri Saydiya Arabistonining bo'lajak qirolini qo'li bilan ko'rsatmadi. Uning otasi bilan uzoq gaplashdik. Ular juda yaxshi ittifoqchimiz bo'lib kelgan. Mamlakatimizda millionlab ish o'rinlarini yaratishyapti. Nafaqat harbiy, balki 400 milliard dollarlik turli aslahalarni sotib olishmoqchi. Ma'lum vaqt ichida bu miqdor yanada oshishi mumkin. Ayni paytda bu kabi holatning yuz berganidan juda xafaman", - dedi Tramp.

BMT hisoboti chiqishidan o'n kun o'tib "Katta yigirmalik" a'zolari Yaponiyaning Osaka shahrida uchrashdi. Ba'zilar Salmonni quchoq ochib kutib oldi.

"Qotillik haqida mening hisobotim chiqishi ortidan valiahd shahzodaga bunday do'stlik ko'rsatilishi dunyo bo'ylab mustaqil fikri uchun hujumga uchrayotganlarning yuziga shapaloq urgandek bo'ldi", - dedi BMT rasmiysi Kallamard.

Saudiya Arabistonida qotillikda gumonlangan 11 shaxs sud qilinmoqda. Ularning beshtasi o'lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Kallamardning aytishicha, yopiq eshiklar ortida o'tayotgan sud xalqaro talablarga javob bermaydi. Unga ko'ra, keyingi yil Riyodda o'tishi rejalangan "Katta yigirmalik" sammiti boshqa davlatga ko'chirilishi kerak.

BMT rasmiysi va boshqa faollarning aytishicha, Qoshiqchi o'limiga dunyo ahlining befarqligi bu kabi holatlar kelajakda yana takrorlanishiga zamin yaratadi.

"Qoshiqchi ishi AQShga ogohlantirish bo'ldi: "Qarang, arab dunyosidan ham shunday odam chiqishi mumkin", deb. Bu odamning o'ldirilishi unga o'xshagan boshqalarning ham o'ldirilishi demakdir", - deydi Hadicha Chengiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG