Breaking News

Suriya yangi konstitutsiyani qabul qilish uchun harakatda


BMTning Suriya bo’yicha maxsus elchisi Geyer Pedersen, Nyu-York, 30-aprel, 2019

Suriyada Konstitutsiya bo’yicha qo’mita 30-oktabr kuni yig’iladi. Vakillar mamlakatning qomusini qayta yozish yoki yangi qomus loyihasini yaratish ustida ish boshlaydi. Bu haqda BMTning Suriya bo’yicha maxsus elchisi Geyer Pedersen ma’lum qildi.

Qo’mita tarkibini belgilash masalasi ikki yillik bahs-munozaralar natijasida hal etilgan. Diplomat Pedersonning aytishicha, urush girdobidagi mamlakatda bunday kelishuvga birinchi bor erishilmoqda.

Qo’mita Suriyadagi keskin muammolarni hal etmaydi. Biroq Suriya jamiyatidagi nizolarni bartaraf qilishi va o’zaro ishonchni yuzaga keltirishi mumkin. Shuningdek, qo’mita faoliyati kengroq masshtabdagi siyosiy jarayonlarga yo’l ochib berishi mumkin, deydi Pederson.

Diplomatga ko’ra, qurolli to’qnashuvlarni mamlakat miqyosida to’xtatishga erishilsa, Idlib viloyati va Suriyaning shimoli-sharqidagi vaziyat barqarorlashishi mumkin.

Suriya o’z ittifoqchisi Rossiya bilan hamkorlikda “Al-Qoida”ga aloqador “Hay’at Tahrir al-Sham” jangarilar guruhiga qarshi harbiy operatsiyalarni boshlagan.

“Shimoli-sharqiy hudud masalasi oldimizda turgan dolzarb muammo. Shuning uchun ham, qo’mita tarkibida Suriya jamiyatining turli qatlamlaridan vakillar bo’lishiga e’tibor qaratdik. Unga turli etnik va diniy guruhlar, shuningdek, turli siyosiy guruhlar vakillari kiritilgan”, - deydi Pederson.

150 kishidan iborat qo’mita uch guruhga teng bo’lingan. Tarkibga 50 nafar hukumat, 50 nafar muxolifat va fuqarolik jamiyatidan 50 vakil kirgan. Ularning 30 foizini ayollar tashkil etadi. Qo’mita avval to’liq tarkibda majlisni boshlaydi. Keyin tegishli sohalar bo’yicha tor doirada sessiyalar o’tadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG