Breaking News

AQSh dehqonlari siyosiy beqarorlikdan xavotirda


AQSh dehqonlari va impichment
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

AQSh dehqonlari hosilni yig'ish mavsumiga kirdi, ammo kelajak mavhum. Ular o'z mahsulotini qayerga sotadi va qanday narxda? Ularni shu savollar o'ylantirmoqda. Javoblar esa, bir tomondan, AQSh qonunchilari va savdo muzokarachilariga bog'liq.

Illinoyslik fermer Jared Kankl hosilning birinchi kunida turibdi.

Yil boshida u makkajo'xori va soya ekkanda shu kungacha yetib kelishiga ishonmagan edi.

"Butun may davomida kunning yarmini urug' ekishga sarfladik", - deydi u.

Mamlakat g'arbining ayrim qismlarida bu yil yog'ingarchilik ko'p bo'ldi. Nartijada dehqonlar urug'ni yerga kech qadadi, ba'zilar hatto bunga ham ulgurmadi.

"Bu yil juda g'ayrioddiy bo'ldi. Bunaqasini hech qachon ko'rmaganmiz", - deydi fermer Vendel Shaumen.

Shaumen hosil mavsumida atrofni quruq ko'rishga o'rgangan. Bu safar esa hammayoq yam-yashil va nam.

"Ekin ekkan ikkinchi dalam bu. Bu dalada ishlarni tugatib, bir oy hech narsa ekmadim", - deydi Shaumen.

Shaumen va Kankl kabi dehqonlar endi sovuq tushmasdan ekin-tikinni yig'ishtirib olish harakatida.

"2019-yil hech narsa oson bo'lmadi", - deydi Kankl.

Illinoys Fermerlar byurosi vakili Mark Gebhardsning aytishicha, savdodagi mavhumlik dehqonlarni yanada tashvishga solmoqda.

"Meksika va Kanada bilan savdo bitimi ratifikatsiya qilinmagan bir paytda, afsuski, impichment jarayoni boshlanib ketdi", - deydi u.

AQSh-Meksika-Kanada savdo kelishuvi Kongressga taqdim etilgan. U AQSh dehqonlari uchun muhim bozorlar eshigini ochadi. Ammo prezidentga qarshi boshlangan impichment bu kelishuvning tasdiqlanishini kechiktirishi mumkin.

"Bitim tuzilgan. Uchta davlat bilan kelishilgan. Hozir nima qilishayotganini tushunmayapman", - deydi Shaumen.

Xitoy bilan savdo muzokaralarining kelajagi ham noaniq. Ikki davlat ayni paytda savdo urushiga tortilgan.

"Xitoyga qarshilik qilishni yoqlayman. Uzoq yillar ular bizga noxolis o'yin qilishdi. Lekin tariflarni oshirish to'g'ri yo'lmi? Buni bilmayman", - deydi fermer.

Mavhumliklar orasida umidli yangiliklar ham yo'q emas. Yaponiya va AQSh yaqinda o'zaro savdo bitimini imzoladi. Tramp ma'muriyati, shuningdek, yoqilg'i tarkibida jo'xoridan olinuvchi etanol bo'lishini ta'minlovchi yangi takliflarni e'lon qildi. Makkajo'xori va soya narxlari barqarorlashmoqda.

"Bu yil foyda ko'rish uchun imkoniyatlar bor, ayni paytda ba'zi xarajatlarni qisqartirib, biz xohlagan emas, bizga kerakli bo'lgan texnikani ishlatishga harakat qilyapmiz", - deydi Kankl.

AQSh Qishloq xo'jaligi departamenti tariflar oqibatida boy berilgan daromadni qoplab berish uchun 16 milliard dollarlik yordam dasturini e'lon qildi. Kankl kabi fermerlar yordamdan savdoni afzal ko'rishini, lekin ayni paytda ko'makni olishga majbur ekanini aytadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG