Breaking News

Tojikiston-Qirg'iziston chegarasi: muammo yechimi hanuz noma'lum


Tojikiston-Qirg'iziston chegarasidagi Vorux qishlog'i

Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan bahslar hanuz yechimini topmagan. Qo‘shni tuman va viloyatlar raislari, vazirlar, bosh vazir o‘rinbosarilari va hatto prezidentlar ham bu masalani qayta-qayta muhokama qilmoqda.

Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari 11-oktabr kuni Ashxobodda o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari boshliqlarining navbatdagi sammitida ham bu masala yuzasidan fikr almashdi.

Tojik-qirg'iz chegarasi: ixtiloflar hal bo'ldimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:58 0:00

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatidan xabar berilishicha, qirg‘iz hamkasbi bilan muloqot paytida Emomali Rahmon Tojikiston qadimiy do‘stlik va qo‘shnichilik an’analarini saqlagan holda Qirg‘iziston bilan hamkorlik rivojlanishi tarafdori deb aytgan.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Sooronboy Jeenbekov ham qirg‘iz-tojik davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini tezlashtirish zaruratini urg‘ulagan.

Muloqot paytida davlatlararo "Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegarasi Kelishuvi"ning kelishilgan loyihasi imzolanishi lozimligi va shu yo‘l bilan qo‘shma komissiyaning bir-necha yillik mehnati samarasi mustahkamlanishi aytildi.

Har ikki prezident ikki davlat orasidagi chegara muammosini tez orada hal etish lozimligini ta’kidladi. Ammo chegara muammosi qanday yo‘l bilan va qachon hal etilishi noma'lumligicha qolmoqda. Delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha Qo‘shma komissiya har qancha ishlamasin, oldinga siljish sezilmayapti.

16-sentabr kuni Ovchi-qalachada yuz bergan qonli to‘qnashuv ortidan Bishkekda norozilik namoyishiga chiqqanlar Qirg‘iziston hukumatidan chegara masalasidagi ikki davlat qo‘shma Komissiyasiga Botken oblasti sobiq gubernatori Mamat Aybalayevni ham qo‘shishni talab qildi.

Botken sobiq gubernatori: Biz endi kuch bilan hal qila olmaymiz, diplomatiya yo‘lini tutishimiz kerak

Botken oblasti sobiq gubernatori avvalda muammoni kuch bilan hal qilish tarafdori bo'lgan bo'lsa, endi diplomatik yechim yagona yo'l ekanini aytadi.

"Mustaqillikning boshida Qirg‘izistonga 300 dan ortiq tank berilgan edi. Men Botkenga gubernator bo‘lganda shu tanklarning 150 tasini menga beringlar, chegara rayonlarga qo‘yay, chegara masalasi hal bo‘ladi degandim. Sababi Tojikistonda, O‘zbekistonda bunday kuch yo‘q edi. Berishmadi. Tank bu kuch. Agar 150 ta tank Botken oblastida turganida chegara masalasi tezda yechilar edi. Bugun bizning yo‘limiz faqat diplomatiya yo‘li. Boshqa yo‘l yo‘q! Kuchimiz yo‘q! ...Chegarani almashsa bo‘ladi. Chegarani har bir metrini qarab chiqsa bo‘ladi. Chegara masalasi kelajakda tojik eli bilan qirg‘izlar do‘stona yashashi uchun hal qilinishi kerak. Chegara hal bo‘lmasa, to‘qnashuvlar bo‘laveradi", - deydi Mamat Aybalaev Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida.

Tojikistonlik tahlilchi: Chegara mojarolari hali-hozir tinchiydiganga o‘xshamaydi

"Qirg‘iziston va Tojikiston orasida chegara masalasidagi ziddiyatli holatlarni muhokama qiladigan bo‘lsak, bir narsa ko‘zga tashlanadi. Bu tojikistonliklar uchun og‘riqli nuqta bo‘lsa ham aytish kerak, mana 2019-yilni oladigan bo‘lsak, uch marta mojaroli vaziyat bo‘ldi. Har uchalasidayam ko‘proq tojikistonliklar zarar ko‘rdi. Hatto insoniy talafotlar ham bo‘ldi. Oxirgi vaziyat Ovchi-qalachadagi qonli to‘qnashuv. Shu kungacha ziddiyatli mojarolar Isfarada kuzatilar edi. Oraga Ovchi-qalacha qo‘shildi. Hamma bilar edi o‘sha Toshkent-Farg‘ona yo‘lining chap tarafi Tojikiston, o‘ng tarafi Qirg‘iziston edi. Mojaroli narsaning o‘zi yo‘q edi. Vaziyat otishmagacha yetib bormasligi kerak edi. Isfaradagi to‘qnashuvlardan keyin ikki davlat prezidentlari uchrashib, masalalar hal bo‘lgandek edi. Ammo yana to‘qnashuvlar bo‘ldi. Aslida mojaro chiqishi mumkin bo‘lgan o‘choqlarning oldini olib, berkitib tashlash kerak edi. Bu Ovchi-qalachadagi juda yomon holat bo‘ldi. Hamma narsa hal bo‘lgandek edi. Ammo internetga tashlangan videolarni ko‘rdim, granatamyotlar otilgan. Bu katta narsa, bu urush degani. Men tahlillarim natijasida sovuq xulosa qilaman. Bu etni junjiktiradigan xulosa. Nazarimda hali-hozir tinchiydiganga o‘xshamaydi", - deydi tojikistonlik jurnalist Ravshan Qosimov biz bilan suhbatda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG