Breaking News

O'zbekistonda siyosiy va diniy faollarga tazyiq boshlandimi?


Bloger Shabnam Olloshukurova

O’zbekistonda so’nggi bir oyda jurnalist va blogerlardan iborat to’rt kishi turli darajadagi jazolarga tortildi.

Jurnalist Mahmud Rajab 5,5 yillik, bloger To’lqin Astanov 5 yillik shartli qamoqqa, Rustam Karim uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bo’lsa, Shabnam Olloshukurova majburiy tartibda ruhiy kasallar shifoxonasiga yotqizildi.

Davlat idoralari birin-ketin jazoga tortilgan bu faollar ishini siyosiy sababga bog’lamayotgan bo’lsa-da, kuzatuvchilar fikricha, jarayon mamlakatda diniy va siyosiy faollarga hali toqat yo'qligidan dalolat beradi.

To'lqin Astanov va Rustam Karim diniy huquqlar uchun kurashgan faollar sifatida tanilgan.

Huquq-tartibot idoralari faoliyatiga norozilik bildirib Xorazmdan Toshkentga yurish boshlagan shoir, muxolifat a’zosi Mahmud Rajab va uning namoyishini yoritib borgan bloger Shabnam Olloshukurova, dastlab, 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Qamoq jazosi tugashi ortidan Olloshukurovaning ruhiy kasallar shifoxonasiga majburan joylashtirililgani ma'lum bo'ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Olloshukurova 10 kunlik qamoq muhlatini o’tayotgan paytda so’roqqa tutilgani aks etgan video tarqadi.

Undan ma’lum bo’lishicha, bloger sud qaroriga norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan; uning ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirilishi ham aynan shu ochlik e’lon qilish qarori bilan bog’liq.

Tasvirda Olloshukurovani so’roqqa tutayotgan shaxs jamoatchilikka bloger ochlik e’lon qilish orqali o’z joniga qasd qilishgacha borayotganini taqdim etishga harakat qiladi.

Bu video atrofidagi munozaralar mamlakatda norozilik bildirish qarori uchun ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirish tajribasi davom etayotgani yuzasidan xavotirlar oshib borayotganini ko’rsatadi.

21-oktabr kuni, bu muhokamalar ortidan, O’zbekiston Ombusdmani yetakchiligida tuzilgan maxsus komissiya shifoxonaga borib, Olloshukurova bilan uchrashgan. Vaziyatni o’rgangan komissiya o’z xulosasini shu kunlarda e’lon qilishi kutilmoqda.

Shabnam Olloshukurova ruhiy kasallar shifoxonasiga majburiy muolajaga yotqizilishi ortidan markazi AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) uni zudlik bilan ozod qilish talab qilingan bayonot bilan chiqqan edi.

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro’zmetovning yozishicha, Shabnam Olloshukurova bilan bog’liq vaziyat AQSh elchixonasi vakillari bilan ham muhokama qilingan. Elchixona vakillari bu boradagi xavotirlarni AQSh Kongressiga yo’llash qarorida ekanliklarini ma’lum qilishgan.

Olloshukurova bilan ruhiy kasallar shifoxonasida uchrashuv o’tkazgan O’zbekiston Ombudsmani hisoboti hali e’lon qilinmadi, ammo ijtimoiy tarmoqlarda blogerning norozilik o’tkazishga bo’lgan huquqini toptalishi, uni ruhiy kasalga chiqarishga bo’lgan urinish keskin qoralanmoqda.

Olloshukurova yoritib borgan norozik chiqishi tashkilotchisi jurnalist Mahmud Rajab bu aksiya uchun 10 kunlik qamoqqa, shoir Muhammad Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib kirgani uchun esa 5,5 yillik shartli qamoq jazosiga loyiq ko’rildi.

Hukmga ko’ra, Mahmud Rajab jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash, saqlash va tarqatishda, shuningdek “kontrabanda”da aybdor topilgan. 5,5 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilingan jurnalist uchun 2,5 yillik sinov muddati belgilangan.

“Erk” partiyasi a’zosi Mahmud Rajab bungacha o’ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo inkor etib, badiiy adabiyot o’qishni lozim topgani uchun tazyiqqa olinayotganini ta’kidlab kelayotgan edi. Uning sud qarori ustidan shikoyat qilish, qilmasligi noma’lum.

Aksariyati she’riy to‘plamlardan iborat bu kitoblarni kontrabanda sifatida baholanishi haqidagi sud qarori, bu adabiyot muallifi muxolafatda “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih ekanligi inobatga olinsa, huquqiy emas, siyosiy ekanligi yaqqol ko’rinadi.

O’zbekiston musulmonlar idorasida bezorilik uyushtirgani uchun hibsga olingan blogerlar Rustam Karim, To’lqin Asanovlarga doir vaziyat ham ma’muriy javobgarlik diniy ekstremizmga doir xulosaga taqalishi bilan diqqatli ko’rinadi.

Ularning har ikki O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244 -1- moddasi jamoat xavfsizligiga tahdid qoluvchi materiallar tayyorlash, tarqatish, saqlash, namoyish etishda aybdor topilgan. Rustam Karim uch yillik qamoq jazosiga, uning sherigi To’lqin Asanov 5 yillik shartli jazoga hukm qilingan.

Blogerlar muftiydan izoh olish uchun O’zbekiston musulmonlar idorasiga borishgan, buni ijtimoiy tarmoqlarda ham namoyish etishga urinishgan edi. Keyinchalik ular huquq tartibot organlari tomonidan hibs qilindi, tintuv paytida ularning telefonidan taqiqlangan diniy ekstremistik adabiyotlar chiqqani ma’lum qilingan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG