Breaking News

Tahlil: internetda oqlar irqchiligi kuchaymoqda


Oq irqchilar namoyishi, Sharlotsvil, Virjiniya, 2017-yil, 12-avgust
Oq irqchilar namoyishi, Sharlotsvil, Virjiniya, 2017-yil, 12-avgust

Texnologiya kompaniyalari so'nggi yillarda internet sahifalaridagi ekstremizmni targ'ib qiluvchi ma'lumotlarni o'chirish choralarini kuchaytirgan. Shunga qaramay, zo'ravon va irqchi guruhlar o'z ta'limotini yoyishning turli yo'llarini topishda davom etmoqda.

Ekspertlarning aytishicha, o'ng qanot ekstremist guruhlar o'z g'oyalarini tarqatish uchun Gab, Botchute, 4chan, 8chan kabi noan'anaviy saytlardan foydalanmoqda.

Facebook, Twitter va Youtube o'z sahifalaridan ekstremist g'oyalarni o'chirish bo'yicha ancha muvaffaqiyatga erishgan, lekin boshqa onlayn manbalardagi bunday ma'lumotlar nazoratdan chetda qolmoqda, deydi kuzatuvchilar.

"Oq millatchilar, odatda, texnoligiyani birinchilardan bo'lib ishlatishni boshlagan toifa hisoblanadi. Ular qattiq qoidalar mavjud bo'lmagan joylarda yurishadi. Bunday joylarda oson tomir yozishadi", - deydi tadqiqotchi Kigen Henkes.

AQSh Ichki xavfsizlil vazirligi sentabrda terrorizm va zo'ravonlikka qarshi kurash bo'yicha e'lon qilgan rejaga ko'ra, oq irqchilar tarafdorlarining o'sishiga internet katta hissa qo'shmoqda.

"Onlayn doiralarda zo'ravonlikni ulug'lash, turli G'arb mamlakatlarida oqlar ko'pchilik millat sifatidagi o'rnini boy berayotganiga oid fitna nazariyalari aylanib yuribdi", - deyiladi hujjatda.

Kompaniyalar ekstremistlarga qarshi kurash choralarini kuchaytirar ekan, bunday guruhlar kichikroq, omma nazaridan chetda va yashirin bo'lgan saytlarga ko'chib o'tmoqda, deydi Henkes.

"Britaniya birinchi" nomli ultra o'ng qanot guruh 2018-yil martda Facebookdan quvilgan. U shundan so'ng o'z videolarini Youtubega o'xshagan, lekin nazorat sust bo'lgan BitChute saytiga ko'chirgan.

Guruh, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini Gab va Telegramda ochdi. Bunday yo'l tutayotgan millatchi guruhlar ko'p, deydi kuzatuvchilar.

"NBC News" xabariga ko'ra, oktabrda Germaniyaning Xalle shahrida sinagogaga o't ochgan shaxs Telegramdagi 10 ga yaqin oq millatchi kanallarida "qahramon" va "avliyo" sifatida ulug'langan.

Xurujni amalga oshirgan shaxs o'z hujumini "Twitch" o'yin platformasida jonli efirga ham uzatgan. Video saytdan o'chirilgan.

Global tarmoq

Ba'zi kuzatuvchilarning aytishicha, ommaviy otishma videolarini internetga joylash hamda ularni sodir etgan shaxslarni ulug'lash orqali ekstremist guruhlar dunyo bo'ylab o'z safdoshlari sonini oshirish niyatida.

"Oq irqchilik harakatining xalqaro tus olayotganiga guvoh bo'lyapmiz, - deyiladi Tuhmatga qarshi liga chiqargan so'nggi hisobotda. - Yevropa va Amerikadagi izdoshlar bir-biridan o'rganib, bir-birini qo'llab-quvvatlab, yangi auditoriyalarga chiqmoqda. Ular siyosiy muhitga ta'sir o'tkazayotgani, e'tibordan chetda qolgan oqlarga yetib borayotgani haqidagi tasavvurdan ilhom va kuch olmoqda".

Yirik saytlarning roli

Ijtimoiy tarmoqlar nafratga asoslangan ma'lumotlarni o'chirish bilan birga, barchaning so'z erkinligini hurmat qilishini aytadi.

Sentabr oyida Facebook 200 dan ortiq oq millatchi guruhlar sahifalarini yopganini e'lon qildi. Twitter va Youtube ham shunday choralarni tatbiq etayotganini aytadi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, bunday guruhlar hanuz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib kelmoqda. Ularni aniqlash va bloklash choralari to'liq va to'g'ri amalga oshirilmayapti.

"Shartlarni o'zgartir" nomli koalitsiya bayonotiga ko'ra, yirik texnologiya kompaniyalari o'z platformalari yaratayotgan muammolarni bir yoqli qilishda sustkashlikka yo'l qo'ymoqda.

"Twitter" oq irqchilarning uyushish, mablag' yig'ish, odam yollash va boshqa irqdagi odamlar hamda ayollarni kamsitish harakatlarini to'xtatish uchun yetarli ish qilmagan", - deyiladi koalitsiya e'lon qilgan petitsiyada.

Ekstremistlar faoliyatini internetda cheklash

Ijtimoiy tarmoqlarda cheklov joriy qilish masalasi bo'yicha fikrlar turlicha.

Dublin shahar universiteti professori Maura Konveyning aytishicha, chekovlarni joriy etishda saytning hajmiga emas, balki tarqatilayotgan ma'lumotning mazmuniga, ularning zo'ravonlik yoki terrorizmni targ'ib qilishiga e'tibor qaratish kerak.

Brukings instituti tadqiqotchisi Alina Polyakova fikriga ko'ra esa, AQSh konstitutsiyasi ta'minlab bergan so'z erkinligi kafolati bois ma'lumotlar mazmunini nazorat qilish qiyin; shu bois ma'lumotni emas, ularni tashiyotgan kanallarni nazorat qilish kerak.

"Bu platformalardagi algoritmlar ekstremist ma'lumotlarni targ'ib qilishga yordam beradi. Ma'lumot qanday tarqatilishini bilsak, shundan so'ng uni nazorat qila olamiz", - deydi Polyakova.

Ekstremizmga qarshi kurash loyihasi tadqiqotchisi Josh Lipovskiy fikricha, kichik va ommaga uncha tanish bo'lmagan saytlarga ham bosimni oshirish kerak.

Unga ko'ra, bu kabi ma'lumotlarni cheklash so'z erkinligini bo'g'ish emas.

"Biz xizmat ko'rsatuvchi xususiy bizneslar haqida gaplashyapmiz. Ular platformaning suiiste'mol qilinishiga yo'l qo'ymaslik uchun xizmatlarini qanday ishlatish bo'yicha cheklovlar qo'yish huquqiga ega", - deydi Lipovskiy.

"Gab kabi saytlar o'zlarini so'z erkinligini kafolatlovchi ochiq forum sifatida ko'rsatadi, lekin ular vakumda yashay olmaydi. Ular ishlay olishi uchun boshqa xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalar yordamiga muhtoj va shu yo'l bilan ularga bosim o'tkazish mumkin", - deya qo'shimcha qiladi u.

Shu bilan birga, deydi tadqiqotchi, jamoat xavfsizligi uchun hukumatlar barchaning bir xil qoidalarga rioya qilishini ta'minlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG