Breaking News

Nyu-Yorkda Samarqand kuni nishonlandi


Bruklinda Samarqand kuni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:13 0:00

Nyu-York - turli xalqlar madaniyati bir joyda mujassam bo'lgan immigrantlar shahri. Shaharning turli burchaklarida kunora ko'zni qamashtiradigan, quloqqa o'zgacha navolarni baxsh etadigan parad va festivallarga ko’zingiz tushadi. Ushbu tadbirlar ko'lami immigrant jamoalarning bu yerda qanchalik ildiz otganiga bog’liq. Sobiq sovet respublikalaridan kelgan muhojirlar yashaydigan mahallalarda ham o'ziga xos bayramlar bo'lib turadi.

Bruklinda Samarqand kuni nishonlandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:52 0:00
Yuklab oling

Manxettenda har yili musulmonlar paradi tashkil etiladi. Unda so'nggi yillarda O'zbekiston bayrog'i ham ko’zga tashlanadi.

Tbilisoba - Gruziyaning Tbilisi shahri kuni, har yili oktabrda Bruklinda o'tadi. Uni gruzinlar jamiyati mana shunday keng dalada nishonlashadi.

Nyu-York tevaragida o'zbekistonliklar uyushtirayotgan bayramlar ham bor.

Karnay-surnay sadolari Bruklinda yangramoqda. U Samarqand shahri kuniga mehmonlarni restoran ichiga chorlayapti.

"Mening ismim Baxtiyor, samarqandlikman. Bugun samarqandlik barcha yurtdoshlarimni, ayniqsa Bruklinda yurgan musofirlarimizni Samarqand kuni bilan tabriklayman. Samarqandning nonini, Samarqandning suvini, Samarqandning havosini tatib ko'rgan inson hech qachon Samarqandni unutmaydi. Garchi musofir bo'lsak-da, ko'nglimizda, yuragimizda Samarqand. Bugungi tashkilotchilarga rahmat deyman. Shular tufayli biz Samarqandni his qildik".

"Gulnora Jo'rayeva, Toshkentdanman. Bugungi tadbirni juda chiroyli o'tkazishdi. Bu Samarqand kuni ekan. Bunday bayram borligi haqida bizlar shu yerga kelib bildik. Diydor g'animat deb yig'ilgan edik, kelsak Samarqand kuni ekan. Juda ham chiroyli tadbir qilishibdi. Xursand bo'ldik".

Zamonaviy O'zbekistonda joriy qilingan Samarqand shahri kuni okeanning bu tomonida, AQShda yashaydigan samarqandliklar safi kengaygach uyushgan holda nishonlay boshlangan.

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida Samarqand shahri kuni ikkinchi yildirki 2000-yillardan keyin ko'chib kelgan o'zbekistonliklar davrasida, turli bazm va tadbirlar orqali nishonlanmoqda.

“Bilasizmi, muhojirotda yashab ishlayotganlarda ortiqcha vaqt bo'lmaydi. Hammasi tirikchilik bilan band. To'g'risini aytganda, ko'pgina oilalarda ish-uy, uy-ish rejimiga o'tib qolishgan. Aynan mana shu kabi tadbirlar bahonasida yurtdoshlar yig'ilmasa, odatda ular ishdan bo'shamaydi, yoki farzandlari tarbiyasiga vaqt ajratolmaydi. Har xil sayllarga bormasdan, jamoatga aralashmaydigan odamlarimiz ham bor. Men ularga aytmoqchimanki, mana shunaqa tadbirlarga qatnashsa ular ana shu tadbirlar bahonasida boshqa odamlar bilan yaqindan tanishadi, fikr almashadi. O'zi rejalashtirib yurgan narsalarini amalga oshirishga osonroq yo'l topishining imkonini beradi. Eng asosiysi, diydor shirin deyishadi. Diydorlashadi, ichidagi g'amini, dardini to'kib soladi. Bugungi kechaga ko'plab ayollar tashrif buyurgan, ular bir-biri bilan hangoma qilyapti, gaplashmoqda, dardlashyapti, raqsga tushishmoqda. Bugun haqiqiy Samarqand kunini Amerikada Samarqanddan kam bo'lmagan holda nishonladik”, - deydi Nyu-Yorkdagi o'zbekistonliklar faoli Dilshod Zokirov.

17-oktabr kuni “Chinor” restoranida o'tkazilgan bayram avvalgisidan ikki karra ko'p odamni, qariyb 400 kishini bir joyga yig'di. milliy kuy va raqslar, Samarqandni madh etuvchi qo'shiqlar yangradi.

“Bu yerda vatan qadrini his, qilib bayramni nishonlaysiz”, - deydi Baxtiyor ismli samarqandlik.

Manxetten osmonida
Manxetten osmonida

Homiylar dasturxon yozishdi, turli tanlovlar hamda lotereya o'yini o'tkazib, mehmonlarni sovg'alar bilan taqdirlashdi. Tashkilotchi - Nyu-Yorkda o'z biznesini ochgan o'zbekistonlik immigrant Maksim Chjen. Asosiy maqsadi - o'z yurtdoshlarining muhojirotdagi silsilali hayotlarini biroz bo'lsa-da bezash.

“Avvalambor restoranga sig'olmay qolgan yurtdoshlardan uzr so'rayman. Kelgusi yil albatta ko'proq joy qilamiz”, - deydi Maksim Chjen, “Info Accident Advertisement” kompaniyasi direktori.

“Men va Sodiqning maqsadimiz - odamlarni bir joyda to'plash. Osh qilib, yig'ilib, urf-odatlarimiz, O'zbekistonda nishonlanadigan milliy bayramlarni yoddan chiqartirmaslik. Biz bu yerda yashasak-da, ana shu bayramlarni nishonlaymiz. Istagimiz - farzand va nabiralarimiz ana shu bayramlarni unutmasinlar. Maqsadimiz bayramlarni uyushtirib pul ishlash emas. Hammasi bepul va chin yurakdan qilinmoqda”, - deydi u.

Vatandoshlar fikricha bu kabi bayramlar yangi vatanda odam o’z yo’lini topishi uchun ham muhim.

“Bu tadbir nimaga kerak? Bu hammasi bir-birimiz bilan do'stlashish, bir-birmizga yordam berish va zafarlarga intilish. Bir joyda qolmaslik. Zafarga intilish. Amerikaning yaxshi joylarini yaxshiroq egallash. Mana shu maqsadimiz”, - deydi O'zbek-Amerika jamiyati asoschilaridan biri Sanobar Boboxonova.

“Nyu-Yorkda hamma ish bilan band, ortiqcha vaqti yo'q. Ba'zilar kechasi ishlaydi, boshqalari kunduzi. Shuning uchun Nyu-Yorkda ba'zida odam o'z hamsoyasini ham ko'rmaydi. Mana shunday bayramlar uyushtirganda diydorlashgach, odamlar orasida bir-biriga bo'lgan mehri oshadi”, - deydi tashkilotchilardan yana biri Sodiq Fayzullayev.

29-oktabrda Samarqand shahri kunini boshqa bir guruh samarqandlik immigrantlar O'zbekistondagi vatandoshlarning og'irini yengil qilishga bag'ishladilar. Amerikada muvaffaqiyatli ish yuritayotgan bir guruh biznesmenlar xayriya to'plab, O'zbekistondagi nochor oilalarga yuborish istagida. Shulardan biri “Parkble” kompaniyasi asoschisi Jo'rabek Ismatov.

“Oxirgi paytlarda O'zbekistonda Telegram, Feysbuk gruppalarida hamda O'zbekiston televideniyesi orqali juda ham ko'p muhtoj oilalar haqida xabarlar chiqa boshladi. Bugungi tadbirni ana shunday muhtojlarga yordam ko'rsatish maqsadida tashkil qilishga qaror qildik. Bugun vatandoshlarni yig'ib, ana shu tashabbusni tushuntirdik. Ular orasidan mana shu xayrli ishga o'z hissasini qo'shmoqchi bo'lganlarni ham topdik. O'zimiz ham shu ishga katta hissa qo'shishga qaror qildik”, - deydi Jo'rabek Ismatov.

Xullas, Nyu-Yorkda Samarqand shahri kuni odamlarni uyushtirish, umumiy ishlarni boshlash, o'zaro qo'llovga o'tish yo'lida bir bahona.

Samarqand shahri kuni O'zbekistonda 23 yil oldin joriy qilingan. Bu sana rasmiy bayram deb 1996-yil 18-oktabr Samarqand shahrida, Amir Temurga o'rnatilgan haykal ochilishi kunida e'lon qilingan.

Nyu-York uni vatan qilgan har bir xalq uchun ochiq, demak shahar ummonning bu qirg'og'ida dunyo madaniyatlarini uchrashtiraveradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG