Breaking News

Nyu-York chiqindi chiqmaydigan hududga aylanishi mumkin


Nyu-Yorkda qayta ishlab chiqarishga tayyorlangan chiqindi. 30-iyul, 2008.

AQShda Shukronalik bayramidan Rojdestvo bayramiga qadar bo’lgan muddatda boshqa oylarga nisbatan 25 foiz ko’proq chiqindi tashlanadi. Nyu-Yorkliklar buni o’zgartirishga ahd qilgan.

Nyu-York teatr jamoalari noan’anaviy ishlar bilan band. Prodyuser, aktyor va dizaynerlar ishlatilgan kostyum va dekoratsiyalarni almashtirish, qayta ishlash yoki ehson qilish uchun shahar markazida to’planmoqda.

“Odamlar kiyilmayotgan kiyimlarini shu yerga olib kelib topshirishadi. Biz savdosini kelishib almashamiz. Ular yangi buyum bilan qaytadi. Biz esa qolgan buyumlarni ehson qilamiz”, - deydi aktrisa Erika Sveni.

Mana bu arava “Garri Potter va qarg’ishga uchragan bola” spektaklidan to’gri shu yerga olib kelingan.

“Menimcha, Garri Potter kostyumlari talash bo’lib ketadi”, - deydi aktrisa.

“One on One Productions” kompaniyasi faollari “Sohibjamol ayol” myuzikli namoyishi bilan band. Tig’iz vaqtiga qaramay, ular ham shu aksiyada ishtirok etmoqda.

“Global iqlim o’zgarishini inobatga olgan holda, buyum va jihozlarning ehson qilinishi va qayta ishlab chiqarilishi yo’lida yetakchilik qilish o’ta muhim”, - deydi faollardan Joy Xettroy.

Nyu-Yorkdan yiliga 14 million tonna chiqindi chiqadi. Ularni qayta ishlash va chiqindini saralash shahar uchun eng dolzarb vazifaga aylangan.

Nyu-yorkliklar chiqindini kamaytirish bo’yicha shahar ma’muriyati tashkil etgan kurslarda ham qatnashmoqda.

Maqsad qayta ishlab chiqarish yo’li bilan shahar aholisini chiqindini ozaytirishga o’rgatish.

Kurslarga ekolog va psixologlar ham jalb etilgan.

“Ishni kichik buyumlardan boshlash kerak: suvni ko’p martalik idishda iching, qahvani ham. Qog’oz sochiqlardan voz keching. Mahalliy oziq-ovqatlarni xarid qiling, go’shtni oz iste’mol qiling”, - deydi kurs asoschilaridan biri Nikol Grossberg.

Nyu-York ma’muriyati 2030-yilda chiqindi chiqmaydigan hududga aylanishni maqsad qilgan. Biroq ayni damda ko’rsatkichlar yaxshi emas – chiqindining 17 foizigina qayta ishlanmoqda. Bu o’tgan yillarga nisbatan past natija.

Biroq ezgu ishga yanada ko’proq aholi, hatto sayyohlar ham o’z tashabbusi bilan ko’maklashmoqda.

“Salom, menga endi palto kerak emas. Shu yerda qoldirsam maylimi? Men Avstraliyadanman. U yerda yoz, cho’milish mavsumi”, - deydi sayyohlardan biri Joan Li.

Dasturga har kim o’z hissasini qo’shmoqda. Xususan, shahar markazidagi mana bu kovboy ham. Biroq qayta ishlashga topshirish uchun unda ortiqcha kiyim topilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG