Breaking News

NATO sammiti prezidentlar o'rtasidagi ziddiyatlar bilan o'tmoqda


Xalqaro hayot - 4-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

NATOning London sammiti, kutilganidek, AQSh, Fransiya va Turkiya prezidentlari o’rtasidagi ziddiyatli bayonotlar bilan boshlandi.

Anjumanning ilk kuni nihoyasida yetakchilarni Bukingem saroyida qirolicha qabul qildi.

Avvalroq AQSh Prezidenti Donald Tramp va Fransiya rahbari Emmanuel Makron Suriyadagi xorijlik jangarilar taqdiri yuzasidan o’zaro so’z aytishdi.

“Ko’plari Fransiyadan, Germaniyadan va Angliyadan. Asosan, Yevropadan. Bu haqda prezident bilan hali gaplashmadim. IShID jangarilarini qaytarib olasizmi? Ularni sizga berishim mumkin. Xohlaganingizga oling”, - dedi Tramp Makron bilan uchrashuvda.

“Jiddiy bo’laylik. U yerdagi jangarilarning juda katta qismi Suriya, Iroq va o’sha mintaqaning o’zidan”, - deb javob berdi Makron.

Makron NATOning “miyasi o’lik” degan qarashida hanuz sobit ekanini aytdi va Turkiyani tanqid qildi.

“Turkiya biz bilan yelkama-yelka jang qilayotganlarga qarshi kurashmoqda. Ba’zan ular hatto IShID kuchlari bilan hamkorlik qiladi”, - dedi Fransiya rahbari.

Trampning aytishicha, AQSh bosimi natijasida NATO a’zolari hozir mudofaa uchun ko’proq mablag’ ajratmoqda. Yangi tahdidlarga ham e’tiborni oshirish kerak.

“Odamlar alyansni, dastlab, Sovet Ittifoqiga, hozir Rossiyaga qarshi qaratilgan deyishadi. Boshqa tahdidlar ham bor. Bu xoh radikal islomchi terrorizm bo’lsin, xoh o’sib kelayotgan Xitoy”, - dedi Tramp.

NATOda ichki ziddiyatlar kuchayib bormoqda. O’tgan oy Turkiya alyansdagi ittifoqdoshlari e’tiroziga qaramay, Suriya shimoliga qo’shin kiritdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an, agar Suriyadagi kurd bo’linmalari terrorchi deb tamg’alanmasa, NATOning Boltiq davlatlarini Rossiyaga qarshi himoya qilish rejasiga qarshi chiqishini bildirdi.

Tahlilchilarga ko’ra, NATO shaxsiyatlar o’rtasidagi to’qnashuvlardan aziyat chekmoqda.

“Bu sammitda uch prezidentga bog’liq muammo bor: Prezident Tramp, Prezident Makron va Prezident Erdog’an. NATO 70 yilligini nishonlash tadbiri oldidagi muammo shu uch prezidentni tartibda ushlab turish”, - deydi tadqiqotchi Kori Sheyk.

Bu orada Turkiya Vashington xohishiga qarshi borib, Rossiyadan “S-400” mudofaa tizimini sotib oldi va tizimni AQShning “F-16” samolyotlariga qarshi sinab ko’rdi.

NATO Bosh kotibiga ko’ra, alyans poydevori mustahkam.

“Sovuq urush tugagandan beri kollektiv mudofaa bo’yicha eng kuchli tartibni o’rnatdik”, - dedi NATO rahbari Yens Stoltenberg.

Ziddiyat, asosan, shaxslar o’rtasidami yoki NATOda jiddiy bo’linish yuz beryaptimi? Kuzatuvchilarni shu savol o’ylantirmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG