Breaking News

AQSh hujjatlari: Afg'oniston urushi bo'yicha xalq aldangan


Portlash oqibatida yaralangan AQSh askariga yordam ko'rsatilmoqda. Kobul, Afg'oniston, 30-iyun, 2015.
Portlash oqibatida yaralangan AQSh askariga yordam ko'rsatilmoqda. Kobul, Afg'oniston, 30-iyun, 2015.

AQSh rasmiylari Afg’oniston urushi bo’yicha jamoatchilikni aldab kelgan. “Washington Post” gazetasi chop etgan surishtiruv materiallarida ana shunday xulosa qilingan.

Gazeta ko’plab hukumat hujjatlarini nashr qilib, 18 yillik afg’on urushi bo’yicha AQSh rasmiylari haqiqatdan yiroq optimistik hisobotlar berib kelganini oshkor qilgan. Urushda g’alaba qozonishning imkoni yo’qligi jamoatchilikdan yashirilgan, deyiladi gazetada.

Nashrning yozishicha, hujjatga 400 dan ziyod hukumat rasmiylari va harbiy qo’mondonlardan olingan intervyular kiritilgan. Ular Afg’onistonda qanday xatolar qilingani va mamlakat qariyb 20 yil mobaynida urushga yakun yasay olmagani sabablarini oshkor qilgan.

Shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan intervyu bergan aksariyat rasmiylar Afg’oniston urushida xato strategiya tanlanganini, mamlakatda demokratiya va barqarorlik o’rnatish uchun miliardlab dollar mablag’ behuda sarflanganini tan olgan. Shuningdek, intervyularda Vashingtonning Afg’onistonda korrupsiyaga chek qo’yish, professional armiya tuzish va narkotik moddalar savdosini tugatishga doir urinishlari zoye ketgani oshkor etilgan.

Prezidentlar Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp AQSh Afg’onistonda davlat qurish ishiga aralashib uzoq qolib ketmasligini aytgan edi. Biroq amalda AQShning Afg’oniston bo’yicha rasmiylari Vashington belgilagan maqsadlar va ularning ijrosiga ilk kunlardanoq shubha bilan qaragani aytiladi mazkur hujjatda.

Pentagon gazeta chop etgan hujjatlarga izoh bermagan. Nashr hujjatlarni jamoatchilikka oshkor qilish uchun uch yil mobaynida sudda kurashgan.

18 yil avval AQSh va ittifoqchi mamlakatlar qo’shinlari Tolibonga qarshi urushga kirgan davrdan buyon jami 150 mingdan ziyod odam halok bo’lgan. Ular ichida tinch aholi, ittifoqchi kuchlar askarlari, afg’on armiyasi vakillari ham bor.

AQSh kuchlaridan 2400 dan ziyod odam halok bo’lgan. Vashington 1 trillion dollarga yaqin mablag’ sarflagan.

Qo'shma Shtatlar Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarini rasman qayta boshladi. Jangarilar bilan siyosiy kelishuvga erishib, Afg'onistondagi urushni tugatishga qaratilgan, bir yildan beri davom etayotgan uchrashuvlarni AQSh rahbari Donald Tramp uch oy ilgari to'xtatib qo'ygan edi.

Tolibon idorasi joylashgan Qatarda 7-dekabr kuni o'tgan uchrashuvda AQSh delegatsiyasi ham qatnashgan.

Kelishuvga erishilsa, toliblar xorijiy qo'shinlar tark etgan hududlarda sulhga rioya qilishini, ammo Afg'oniston armiyasiga qarshi amaliyotlarni to'xtatish alohida masala ekanini bildirgan.

Pentagon Afg’oniston urushi borasida jamoatchilikka yolg’on axborot bermaganini aytmoqda.

“Pentagon hech qachon Kongress va jamoatchilikni aldashni maqsad qilmagan”, - deb yozdi 9-dekabr kuni Pentagon matbuot kotibi Tomas Kempbel “Amerika Ovozi”ga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG