Breaking News

AQSh Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshladi


AQSh, Tolibon va Qatar vakillari ishtirokidagi uchrashuvlardan biri. Qatar Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan surat.
AQSh, Tolibon va Qatar vakillari ishtirokidagi uchrashuvlardan biri. Qatar Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan surat.

Qo'shma Shtatlar Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarini rasman qayta boshladi. Jangarilar bilan siyosiy kelishuvga erishib, Afg'onistondagi urushni tugatishga qaratilgan, bir yildan beri davom etayotgan uchrashuvlarni AQSh rahbari Donald Tramp uch oy ilgari to'xtatib qo'ygan edi.

"Amerika Ovozi"ga ma'lum bo'lishicha, Tolibon idorasi joylashgan Qatarda 7-dekabr kuni o'tgan uchrashuvda AQSh delegatsiyasi ham qatnashgan.

Prezident Tramp sentabrda Kobuldagi hujumlarda amerikalik askar halok bo'lganidan keyin muzokaralarni to'xtatgan. O'shanda tomonlar xorijiy qo'shinlarning Afg'onistonni bosqichma-bosqich tark etishini ko'zda tutuvchi kelishuvga yaqin ekani xabar qilingan edi.

Tolibon, o'z navbatida, o'z nazoratidagi hududlarda terrorizmga yo'l qo'ymaslik kafolatini berishi, o'nlab yillik harbiy harakatlarga barham berish maqsadida afg'on guruhlari orasida o'tadigan muzokaralarda qatnashishi kerak.

Kelishuvga erishilsa, toliblar xorijiy qo'shinlar tark etgan hududlarda sulhga rioya qilishini, ammo Afg'oniston armiyasiga qarshi amaliyotlarni to'xtatish alohida masala ekanini bildirgan.

AQSh va NATO qo'shinlarining Afg'onistondagi sobiq qo'mondoni general Jon Nikolson fikricha, Tolibondan butun mamlakat bo'ylab sulhga amal qilishni va zo'ravonlikni kamaytirishni talab qilmaydigan kelishuvga ko'nmaslik lozim.

"Tolibonning ayrim a'zolari sulh ularning ta'sirini kamaytirishi haqida bayon qilgan. Koalitsiya qo'shinlarining Afg'onistonni tark etishi bizning ta'sirimizni ham kamaytiradi", - deydi 2018-yilning sentarida iste'foga chiqqan general.

Uning aytishicha, xalqaro qo'shinlar Afg'onistondan chiqib ketsa, Tolibon faqat terrorizmni qoralash bilan cheklansa, bunday bitim uzoqqa bormaydi. Mamlakatda hozirgacha erishilgan yutuqlarni qo'ldan boy bermaslik lozim.

Poytaxt Vashingtonda qilgan chiqishida general Nikolson afg'on urushi AQShga qanchaga tushayotgani to'g'risida ham gapirdi.

"Afg'onistonda 14 mingdan kamroq askarimiz xizmat qilayotganda yiliga 25 milliard dollar sarflaganmiz. Bu raqamni oshirib ko'rsatish hollari uchrab turadi", - deydi u.

Hozirda bu mamlakatdagi amerikalik harbiylar soni 13 ming atrofida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG