Breaking News

Turkiyaning Afg'oniston tashabbusi samara beradimi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (markazda) “Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni”da nutq so'zlamoqda, Istanbul, Turkiya, 2019-yil, 9-dekabr
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (markazda) “Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni”da nutq so'zlamoqda, Istanbul, Turkiya, 2019-yil, 9-dekabr

9-dekabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida “Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni”ning navbatdagi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Tinchlik, hamkorlik, farovonlik” mavzusida, sakkizinchi bor tashkil etilgan anjuman, odatdagidek, Afg‘onistonga bag‘ishlandi.

“Bu ham bir umid”

Konferensiyada qatnashish uchun Istanbulga kelgan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog‘an bilan uchrashdi. “Dolmabahche” qarorgohida o‘tgan qirq besh daqiqalik uchrashuv matbuotga yopiq bo‘lgani uchun unda aynan nimalar muhokama etilgani noma'lum.

Konferensiyaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Erdog‘an Turkiya Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ma’lum qildi. U Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishda mintaqaviy hamkorlik katta ahamiyatga egaligini ta’kidlar ekan, Anqara afg‘on yurtida terror xavfini bartaraf etish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini aytdi.

“IShID bilan to‘qnashgan, unga qarshi kurashda old saflarda turgan davlat sifatida bu guruhning Afg‘onistonda ildiz ota boshlaganini qayg‘u bilan kuzatyapmiz. Afg‘on xavfsizlik kuchlarining ISHIDga qarshi kurashdagi qat’iyati va ayniqsa, oxirgi haftalarda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati mamnuniyat bag‘ishlaydi. IShID virusi Afg‘onistonga yuqishining mutlaqo oldini olish zarur. Bu terror tashkiloti Suriyada va Iroqda amalga oshirgan vahshiy jinoyatlari bilan eng katta zararni islom dunyosi va musulmonlarga berdi. 304 fuqarosi IShID terrorida qurbon bo‘lgan davlat sifatida bu tashkilot Afg‘onistondan uloqtirib tashlanishi uchun qo‘limizdan kelgan yordamni beramiz”, – dedi Erdog‘an.

Konferensiyada nutq so‘zlagan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li ham terrorizmga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Turkiya oxirigi 18 yilda 4 ming afg‘on askari va 8 mingdan ziyod politsiya xodimi uchun mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

“Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni” tashabbusidan ko‘zda tutilgan maqsadlardan biri Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishdir. Bu tashabbusga 2011-yilda asos solingan bo‘lib, u Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar o‘rtasida xavfsizlik, siyosat va iqtisod bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun maydon hisoblanadi. Jarajoyonga 15 davlat, xususan, O‘zbekiston ham qo‘shilgan.

Kobullik jurnalist va tahlilchi Burhon Usmon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Turkiya shu paytgacha Afg‘oniston bo‘yicha jarayonlarda uncha faol rol o‘ynamaganini aytdi.

“Afg‘oniston bo‘yicha turli davlatlarda turli konferensiyalar-anjumanlar o‘tkaziladi. Bular biror aniq natijaga olib kelmasligi mumkin, lekin Afg‘oniston muammosini qanday hal qilish ustida bosh qotirishadi, yechim izlashadi. “Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasi ham afg‘onistonliklar uchun kutilmagan natija olib keladigan anjuman emas. Biroq Turkiyaning harakatlarini ahamiyatsiz deb bo‘lmaydi. Ma’lumki, Afg‘oniston muammosi faqatgina unga tegishli emas, balki mintaqaviy muammo hisoblanadi. Turkiya esa mintaqa davlatlariga ta’sir ko‘rsata oladigan salohiyatga ega. Anqaraning Pokiston bilan ham, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham munosabatlari yaxshi, ya’ni mintaqa davlatlarini birlashtira oladi. “Osiyoning yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Bu konferensiyada bo‘lmasa, boshqasida Afg‘oniston uchun aniq yechimlar topilishi mumkin. Shunday ekan, Istanbuldagi konferensiya ham bir umid”, – deydi Burhon Usmon.

“Afg‘onistonda yashashni istamayman”

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi Turkiya uchun ham xavfsizlik jihatidan muhim. Afg‘onistonlik qochqinlar ham boshqa ko‘plab qochqinlar singari Turkiya orqali Yevropa davlatlariga borishga urinadi. Turkiya Migratsiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga qaraganda, yil o‘tgan sayin afg‘onistonlik noqonuniy migrantlar soni ortib bormoqda: 2014-yilda 12 mingdan sal ko‘proq afg‘on ushlangan bo‘lsa, joriy yilning 27-noyabri holatiga ko‘ra ularning soni 185 mingga yetdi.

Bugun Turkiyada o‘n minglab afg‘onistonliklar yashaydi, o‘qiydi va mehnat qiladi. Asli juzjonlik Humoyun Chaqmoq ularda biri. U Izmir shahridagi Egey universitetida tahsil oladi, biroq bakalavr bosqichini sakkiz yildan beri tugata olmadi. Chunki ayni paytda kun kechirishi uchun ishlashi ham kerak, ishdan ortib darslariga vaqt ajrata olmayapti.

“Oilada to‘rt farzandmiz. Otam litsey direktori bo‘lib ishlaydi, 14 ming afg‘oni, ya’ni 200 dollarcha maosh oladi. Bu pul tirikchilikka umuman yetmaydi, – deydi Humoyun. – Shuning uchun kunimni o‘zim ko‘rishga majburman, oilam menga yordam bera olmaydi”.

Humoyun Istanbulda bo‘lib o‘tgan konferensiya vatani uchun qandaydir foyda keltirishini juda istaydi. Ammo ayni paytda Afg‘onistondagi mavjud hukumatga ishonchi yo‘q.

“Ikki oydan beri prezident saylovi natijalarini e’lon qilishmayapti, bunday hukumatga qanday ishonish mumkin?”, – deydi u.

O‘ttiz ikki yoshli Humoyun Chaqmoq kelajagini Afg‘oniston bilan bog‘lash niyatida emas.

“Tinchlik bo‘lsa, ish bo‘lsa, albatta, Afg‘onistonda yashashni istayman. Lekin urush hali-veri tugaydiganga o‘xshamaydi”, - deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG